Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayev mamlakatdagi voqealar ortida xorijdan yordam olayotgan terrorchi kuchlar turganini da’vo qilishi ketidan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan Qozog’istonda tartibni tiklash uchun qo’shin yuborishni so’radi.
"Terrorchi guruhlar xorijda jiddiy tayyorgarlikdan o’tgan va ularning harakatini Qozog’istonga qarshi hujum, bosqin deb hisoblayman”, - dedi prezident.
Tarkibida Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston va Qirg’iziston bo'lgan tashkilot bugun tinchlikparvar kuchlarini Qozog’istonga safarbar etgan. Ular davlat va harbiy obyektlarni himoya qilishi, mahalliy xavfsizlik kuchlariga yordam berishi aytilmoqda. Qo’shin hajmi ma’lum emas.
Namoyishchilar Almati shahrida davlat idoralari va mashinalar, prezident rezidensiyasi va shahar hokimiyatiga o’t qo’yib, aeroportni ishg’ol qildi. Rasmiylarning aytishicha, tunda politsiya idoralariga hujumlar qaytarilgan, aeroport nazoratga olingan. Guvohlar o’q ovozlari va portlashlar eshitilganini bildirdi.
Bir kun oldin Almati shahar komendanti lavozimiga tayinlangan Almati politsiya departamenti boshlig’i Qanat Taymerdenov ma’lumotiga ko’ra, shaharda xavfsizlik kuchlarining 13 a’zosi o’lgan, 353 nafari jarohat olgan. Ikki politsiyachining boshi tanasidan judo etilgani aytilmoqda. Namoyishchilar orasida o’nlab qurbonlar bor.
Suyultirgan gaz narxlarining oshishidan g’azablangan omma iqtisodiy talablardan siyosiy talablarga o’tib, Qozog’iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev va uning oilasini mamlakat boyliklarini xususiylashtirib olganlikda ayblamoqda, Taldiqo’rg’onda uning haykali yotqizilgan. Nazarboyev 2019-yilda prezidentlikdan ketganiga qaramay, Qozog’iston siyosatiga ta’sirini saqlab qolgan.
"Qozog’istonda korrupsiya gurkirayapti. Butun dunyo bilsin shuni. Qozog’iston Nazarboyev oilasining xususiy tomorqasiga aylangan. Mamlakatdagi barcha strategik korxonalar ularning qo’lida”, - deydi namoyishchilardan biri.
Respublikada ikki haftaga favqulodda holat va komendant soati joriy etilgan, internet aloqa oqsamoqda.
Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligi mamlakatga xorijliklar kiritilmayotgani haqidagi xabarlarni rad etgan.
Rossiya va Xitoy Qozog’istondagi voqealar mamlakat ichki ishi ekanini aytib, xorijiy davlatlarni aralashmaslikka chaqirdi. Rossiyada ba’zilar namoyishlar ortida AQSh turganini da’vo qilgan, biroq Vashington bu da’volarni rad etdi.
AQSh prezidentining matbuot kotibi Jennifer Psakining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Qozog’istondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.
"Rossiyaning bu ish ortida AQShg turgani haqidagi da’volari yolg’on va so’nggi yillarda kuzatganimizdek, har doimgidek rus dezinformatsiyasidan boshqa narsa emas”, - dedi rasmiy.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qozog’iston hukumati va unga qarshi namoyish qilayotganlarni bosiqlikka, tinchlikni saqlashga chaqirdi.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirasi Elizabet Trass parlamentdagi chiqishida Qozog’istondagi tartibsizliklardan xavotirda ekanini bildirdi.
"Almatida qurbon bo’lganlarni xotirlagan holda zo’ravonlik holatlari va vayronalarni qoralaymiz”, - dedi u.
Unga ko’ra, Britaniya ittifoqchi davlatlar bilan Qozog’istondagi vaziyat va tegishli choralarni muhokama qiladi.
Yevropa Ittifoqi Rossiyani Qozog’iston suverenitetini hurmat qilishga chaqirdi.
"Qozog’istondagi vaziyatni va ayniqsa Almatida vujudga kelgan og’ir ahvolni yaqindan kuzatyapmiz. Zo’ravonlik, talon-taroj, buzg’unchilikni qoralaymiz”, - dedi Yevropa Komissiyasi so’zlovchisi Nabila Massrali.
Qirg’iziston prezidentining idorasiga ko’ra, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti yuborgan qo’shinlar tarkibidagi qirg’izistonlik askarlar namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmaydi, faqat davlat idoralarini himoya qiladi.
Bugun Bishkekda bir necha odam parlament binosi yonida to’planib, qo’shni mamlakatdagi namoyishchilarni qo’llab-quvvatlashini bildirdi.
Facebook Forum