O’z yurtidagi namoyishlarni bostirish uchun Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq kuchlarini mamlakatga kiritgan Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev qarori xiyonatga tenglashtirilmoqda.
Bu nafaqat Qozog’istoning o’zida aksariyat aholi va muxoliflar tomonidan ochiq bildirilayotgan fikrlar, balki Qozog’istondagi namoyishlarni tashqaridan kuzatayotgan, vaziyatga befarq bo’lmagan, jumladan O’zbekistonda ham, Rossiya tahdidi bilan to’qnash kelgan Ukrainada ham aytilayotgan mulohazalardir.
Aksariyati Rossiya harbiylaridan iborat bo’lgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi (KXShT) deb ataluvchi harbiy ittifoq kuchlari Qozog’istonda o’z missiyasini bajarishga kirishgan. Ularga muhim strategik obyektlarni qo’riqlash vazifasi yuklatilgani ta’kidlanadi.
Mamlakatda favqulodda holat e’lon qilinishi ortidan qurbonlar soni keskin ortgan. Almatidagi ichki ishlar boshqarmasida kechgan qarshilikda o’nlab “terrorchi” namoyishchilar yo’q qilingani rasman ma’lum qilindi.
Tasdiqlanmagan xabarlarga ko’ra, yana o’ndan oshiq namoyishchilar Nursulton Nazarboyevga tegishli rezidensiya qamali paytida otib o’ldirilgan. Qozoq muxolifati tarqatgan bu xabar o’z tasdig’ini topgani yo’q, ammo inkor ham etilmagan.
Qozog’istonda 19-yanvargacha favqulodda holat e’lon qilindi, ammo namoyishlar davom etmoqda. PrezidentTo’qayev mamlakatda favqulodda holat e’lon qilar ekan, “tashqi kuchlar tomonidan tashkillashtirilgan terror xurujlarini bartaraf etish uchun” KXShTga yordam so’rab murojaat qildi.
Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq yordami uzoq kuttirmadi, deyarli shu kuni Rossiya harbiylari joylashgan samolyotlar Qozog’istonga qo’ndi. KXShT umumiy hisobda 3000 ga yaqin harbiylarni Qozog’istonda vaqtincha joylashtirmoqchi.
Qozog’istondagi vaziyatni kuzatayotgan ekspertlar namoyishlar jarayonidagi bu burilishni Rossiyaning taktik g’alabasi sifatida ham baholashmoqda. Shunday qarashlarga ko’ra, bu Rossiyaning Qozog’iston hududlarini egallash rejasidagi dastlabki real qadamlaridir. Har holda Rossiya agressiyasiga bevosita guvoh bo’lgan faollar fikri shunday.
Erfan Quddusov qrim-tatar Milliy majlisi faollaridan biri. Qrim Rossiya tomonidan ishg’ol qilinishi ortidan vatanini tark etishga majbur bo’lgan, ayni paytda Kiyevda faoliyat yuritadi.
Quddusov To’qayevning Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqqa murojaatini davlatga, xalqqa xiyonat sifatida baholaydi.
Erfan Quddusov: Buni yana qanday atash mumkin? O’z xalqi, hatto kuch ishlatar tizimlarini ham ishonchini qozonmagan rahbar. Axir u Xavfsizlik kengashi rahbarligini qo’lga olishi ortidan darhol shimoldagi qo’shnisini yordamga chaqirdi. Rossiya esa Qozog’iston shimolidagi yerlarga hududiy e’tirozlarini ochiq bildirib keladi. Bilasizmi, bu xuddi yong’inni benzin bilan o’chirishga harakat qilishdek holat. Aynan shuning uchun ham u xiyonatchi, o’ylaymanki tarix bunga o’z bahosini beradi.
Amerika Ovozi: Rossiyaning hududiy e’tirozlari bugungi vaziyatda, xususan, KXSh kuchlari Qozog’istonda kirgan bir sharoitda qanchalik real?
Mening nazarimda Rossiya Qozog’istonni ishg’ol qilishni qisman boshladi, hozircha bu tinchlikparvarlik missiyasi bilan niqoblanmoqda. Haqiqatda esa Kreml To’qayev orqali qachonlardir Sovet Ittifoqida bo’lgan hudud ustidan boshqaruvni qo’lga oldi.
Erfan Quddusov: Afsuski, bu endi tahdid emas, ishg’ol qisman boshlandi. Biz bu ishg’olchilarni Qozog’iston shaharlarida ko’ryapmiz. Ularning qanday kirib kelishini esa biz Gruziya, Ukraina va Qrim misolida ko’rdik, go’yoki o’z fuqarolari, rus tilli aholini himoya qiladi. Xullas, mening nazarimda Rossiya Qozog’istonni ishg’ol qilishni qisman boshladi, hozircha bu tinchlikparvarlik missiyasi bilan niqoblanmoqda.
Haqiqatda esa Kreml To’qayev orqali qachonlardir sovet ittifoqida bo’lgan hudud ustidan boshqaruvni qo’lga oldi. Bu ssenariy Ukrainada o’tmadi, buning bahosi - qurbonlar, sakkiz yildirki davom etayotgan urush. Ammo haqiqatda bugun Gruziyaning bir qismi ishg’ol qilingan, Belarus Rossiya nazoratiga o’tdi. Xullas Kreml imperiyani tiklash niyatidan voz kechmayapti. Buni xalqaro jamoatchilik, G’arb ham yaxshi tushunishi kerak.
Amerika Ovozi: Qozog’istondagi namoyishlar taqdiri haqida nima deyish mumkin, ayniqsa bunga KXShT kuchlari jalb qilinishi ortidan?
Erfan Quddusov: Albatta namoyishchilarning keyingi taqdiri haqida bir narsa deyish qiyin, ammo bu vaziyatda Kreml taktik jihatdan vaziyatni o’z foydasiga o’zgartirgani tayin. Ya’ni imperiya nuqtai nazaridan norozilarga nisbatan munosabat qanday bo’lishini ko’rsatib qo’ydi.
Taktik jihatdan [Vladimir] Putin va To’qayev yutgandir, ammo bu mutlaq yutuq degani emas. Men ommaviy tarzda namoyishga chiqqan qozoq xalqi Kremlga boshqaruvni berib qo’yishiga ishonmayman. Bu 30 yillik mustaqillik davri Nazarboyev korrupsiyasi va muammolar ostida o’tganiga qaramasdan qozoqlarning ozodlikka, o’z mustaqilligi, davlatchiligiga ishonchini ko’rsatdi. Bugun gap shu mustaqillik qo’ldan berilishi ehtimoli haqida ketmoqda.
Almatidagi voqealar haqida “Ozodlik” Qozoq xizmati xabar beradi:
Facebook Forum