Qirgʻizistonda koronavirusga qarshi vaksina olganlarning soni 1 milliondan ortdi. Sogʻliqni saqlash vazirligi emlov kampaniyasi epidemiologik vaziyatga ijobiy taʼsir koʻrsatayotgani va shu sabab bugungi kunda birorta ham shahar yoki qishloq xavfli “qizil hudud” maqomida emasligini bildirgan.
Sogʻliqni saqlash vazirligining Oʻshdagi muvofiqlashtiruvchisi, shifokor Shayatbek Abduraxmanovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Oʻsh viloyati boʻyicha faqatgina bir yerda maxsus “qizil hudud” tashkil qilingan. Uning aytishicha, 120 nafar bemorga moʻljallangan maxsus yuqumli kasalliklar shifoxonasida atigi 24 nafar bemor davolanmoqda. Avval tashkil qilingan boshqa “qizil hududlar”ning bari yopilib, shifoxonalar va klinikalar oddiy tartibda faoliyat olib bormoqda. Shifokorning aytishicha, viloyatda epidemiologik vaziyat barqaror.
“Oʻtgan yillarda Oʻsh viloyatida 33 ga yaqin mobil guruh ishlagan. Hozir birorta ham mobil guruh yoʻq. Chunki hozir bunga ehtiyoj boʻlmayapti. Ammo har bir kasalxonada 3 oyga yetuvchi koronavirusga qarshi tibbiy vositalar zaxirasi bor. Virusga qarshi kurashish uchun shifokorlarni oʻqitish ishlari davom etmoqda”, - deydi shifokor Shayatbek Abduraxmanov.
Qirgʻiziston Sogʻliqni saqlash vazirligi Yangi yil bayramidan soʻng koronavirusning 152 holati qayd etilganini va bu 4 oy ichidagi eng yuqori koʻrsatkich boʻlib hisoblanishini bildirdi.
Shayatbek Abduraxmanov fikriga koʻra, aholining emlanishi koronavirus tarqalishining sezilarli darajada kamayishiga sabab boʻlgan.
“Vaksina olish jarayoni Oʻsh viloyatida juda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Viloyatning 60 foizdan ortiq aholisi turli rusumdagi vaksinalarni oldi. Hozir ham emlash jarayoni davom etmoqda”, - deydi u.
Ammo shifokorning qoʻshimcha qilishicha, vaksina olishni istamagan, emlovdan shubhalanayotgan fuqarolar ham yoʻq emas.
“Buning ustiga, aholi orasida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlashga yetarli eʼtibor berilmay qoldi”, - deb qoʻshimcha qiladi Sogʻliqni saqlash vazirligining Oʻshdagi muvofiqlashtiruvchisi.
“Aholiga tinimsiz tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Ammo toʻylar hamon davom etyapti. Bozorlarda ham, jamoat transportlarida ham, boshqa jamoat joylarida ham sanitariya-gigiyena qoidalari saqlanmayapti. Lekin shifoxonalarda karantin tartibi davom etmoqda”, - deydi u.
Oʻtgan yilning dekabrida Qirgʻiziston hukumati koronavirusning yangi “Omikron” shtammi Qirgʻizistonga 2022-yilning yanvarida kelish ehtimolidan ogohlantirib, fuqarolarni emlovdan oʻtishga chaqirgan.
Qirgʻizistonda pandemiya boshlangandan beri COVID-19 kasalini yuqtirishning 185 mingdan ortiq holati aniqlangan. Koronavirus yuqtirgan qirgʻizistonliklarning 2800 nafardan ortigʻi vafot etgan.
Facebook Forum