Nyu-Yorkda 6-yanvar kuni bir guruh qozog’istonlik muhojirlar Qozog’iston va Armaniston mamlakatlari bosh konsulligi qarshisida norozilik namoyishi o’tkazdi.
Yuzga yaqin odam to’plangan namoyishda Qozog’istondagi zo’ravonliklar, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti qo’shinlari kiritilishiga qarshi talablar ilgari surildi.
Qozog’istonlik faollarni qo’llash uchun namoyishda Qirg’iziston,Turkmaniston, Rossiya va boshqa xalqlar jamiyatlari vakillari ham qatnashdi.
“Men Aymar Mamirbekov, 18 yoshdaman. Qozog’istonlikman va bu yerga o’z xalqimning tinch namoyishlarini qo’llash uchun keldim. Men zo’ravonliklarga qarshiman. Vatandagilar biz ular bilan birga ekanligimizni bilishlarini istayman. Kelajakda men Qozog’istonga qaytib vatanimga yordam berishni xohlayman. Men inson rivoji uchun imkoniyatlar bor mamlakatga qaytishni orzu qilaman. Buning uchun esa mamlakatda demokratik jarayonlar yuz berishi kerak. Shuning uchun ham men ayni kunlarda u yerda kuzatilayotgan demokratik jarayonlarni qo’llayman. Men hokimiyat shu kunlarda kuzatilayotgan namoyishlarni kuch bilan bostirayotganiga, odamlarga zulm o’tkazayotganiga qarshiman. Men Qozog’istonda odamlar o’z fikrini erkin ayta olish imkoniyatiga ega bo’lishini istayman”, - deydi Aymar Mamirbekov ismli namoyish qatnashchisi.
“Qo’shma Shtatlarda 86 mingdan ortiq qozog’istonlik istiqomat qiladi. Ularning aksariyati qozoq xalqini qo’llayapti. Ular Nazarboyev va To’qayev rejimiga qarshi. Amerikadagi qozog’istonliklar jamiyati qozoq xalqi va Qozog’istondagi tinch namoyishlarni dastaklaydi. Biz BMT va AQSh davlat idoralaridan Qozog’istonda bo’layotgan voqealarni jamoat nazoratiga olib monitoring qilishlarini so’raymiz. Qozog’istondagi hukumat o’z xalqini o’ldirmoqda. Rossiyaning harbiylarini kiritishdi. Bu esa qozoq xalqiga nisbatan xoinlikdir”, - deydi yana bir qatnashchi Bagdat Aripov.
“Ular chetdan harbiy kuchlarni jalb qilmoqchi. Biz buni istamaymiz. Chunki bu bizning ichki siyosatimiz va ishlarimiz. Ularni o’zimiz hal qila olamiz” – deydi Nursulton Otashev ismli yana bir faol.
“Biz talablarimizni o’z ichida qamragan petitsiya matnini tayyorlaganmiz, uni Qozog’iston hukumatiga konsullik orqali yetkazmoqchimiz” - deydi G’ani Stambekov.
“Men qozoq xalqini, inqilobni qo’llayman. Men Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti harbiylarining Qozog’istonga kiritilishiga qarshiman. Bu mening qat’iy fikrim. Men o’z prezidentim Sadir Japarovdan Qozog’istonga hech qanday harbiylarni yubormasligini talab qilaman. Biz qardosh Qozog’iston xalqi bilan birgamiz” – deydi namoyishda qatnashgan qirg’izistonlik Ulukman Sartov.
“Qadrli Qozog’iston xalqi, biz sizlarni qo’llaymiz va qozoq xalqiga ozodlik tilaymiz. Olg’a, Qozog’iston!” – deydi asli turkmanistonlik yana bir faol.
“Mening ismim Orxan. Men Yakutiyadanman. Biz qardosh turkiy xalqini qo’llaymiz. Qozog’istonda yuz bergan voqealar albatta ayanchli. Chunki u yerdagi vaziyat rivoji shunday kechayaptiki, endi hukumat tepasida avtoritar rejimlar kuchayishi mumkin. Bu hol nafaqat Qozog’istondagi, balki butun MDH hududidagi barcha demokratik institutlarga qattiq zarba bo’ladi” – deydi yana bir qatnashchi.
“Biz Qozog’istonda internetni yoqishlarini talab qilamiz. Mana 3-4 kundan beri biz o’z yaqinlarimiz bilan bog’lana olmayapmiz. U yerdagi tartibsizliklar ortidan biz qattiq xavotirdamiz. Uyqumiz qochgan. Xabar va yangiliklardan qo’rquvga tushganmiz. Yaqinlarimiz aloqaga chiqishlarini istaymiz. Tinch aholining bu yerda daxli yo’q-ku. Internetni ulanglar” – deydi bir qiz.
Kunning ikkinchi yarmida namoyish qatnashchilari Armaniston respublikasining Nyu-Yorkdagi bosh konsulligi oldida yig’ilishdi.
Qozog’istonliklarning Qo’shma Shtatlardagi jamiyati vakillari Armaniston harbiylarining Qozogʻistonga joʻnatilishiga qarshilik bildirdi. Namoyishchilar konsullik panjarasida o’z chaqiriqlarini yozib qoldirdi.
Avvalroq Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayev murojaati ortidan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Qozogʻistonga qoʻshin kiritilishini ma’qullagan edi. Tashkilot qarorini KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi raisi, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan rasman e’lon qilgan.
KXSHTga Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya va Tojikiston davlatlari aʼzo.
Facebook Forum