Breaking News

Qirg’iziston: Harbiylarni Qozog’istonga namoyishlarni bostirish uchun yubormadik


Qirg’iziston harbiylari Qozog’istonda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:49 0:00

7-yanvarda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXShT) tinchlikparvar kuchlari missiyasi tarkibiga kirgan Qirgʻizistonning 150 nafar harbiysi Almati shahriga yetib bordi.

KXShT doirasida Qirgʻiziston harbiylarini qoʻshni davlatga joʻnatishga 7-yanvar kuni Qirgʻiziston parlamenti rozilik berdi. Yigʻinga qatnashgan 69 deputatning ichidan yetti nafar xalq vakiligina qarorga qarshi ovoz bergan.

Bu orada, Jogorku Kenesh binosi oldida qozoq hukumatining iltimosi asosida Qozogʻiston hududiga qirgʻiz harbiylarini kiritishga qarshi namoyish oʻtdi. Ikkinchi kun davom etayotgan ushbu namoyishda 80 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etdi.

Deputat Dastan Bekeshev Qozogʻistonga harbiylarni yuborish taklifi ikkinchi marta ovoz berishda oʻtganini bildirdi. Uning aytishicha, birinchi safar ovoz berilganda yetarli ovoz toʻplanmagan.

Oʻshlik jamoatchi faol Aqilay Karimovaning aytishicha, nafaqat Qirgʻiziston harbiylarining Qozogʻistonga yuborilishi, balki Qosim-Jo’mart To’qayevning Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq kuchlarini mamlakatga kiritishining oʻzi notoʻgʻri qaror boʻlgan.

“Toʻqayev namoyishga chiqqanlarni terroristlar deb atayapti. Xoʻp, agar ular terrorist boʻlsa, terrorizm bilan kurashish uchun ilk kunlari u kishi nima qildi? Birinchi kuni Nazarboyevni elboshilikdan oldi, gaz narxini tushirdi, shu bilan birga kommunal xizmat narxlarini arzonlatdi, oʻz hukumatini isteʼfoga chiqardi. Endi qaysi davlatda terrorizm bilan kurashganlar bunday qiladi? Yaʼni terrorizm bilan shunday kurashiladimi? Keyin oʻzida shunchalik armiya boʻla turib, Rossiyadan yordam soʻrayapti. KXShTning Qozogʻistonga kirishga aslida hech qanday haqqi yoʻq. Chunki bu Qozogʻistonning ichki muammosi. Bu muammoni “sen terroristsan”, “sen aktivistsan” deb hal qilish oʻrniga namoyishga chiqqanlar bilan dialog qurib, ularning talablariga quloq solish kerak edi”, - deydi jamoatchi faol.

Prezident Sadir Japarov Qozogʻistonga harbiylarni yuborishga qarshi chiqqanlarni tanqid qildi. U bu haqda 6-yanvar kuni Feysbukdagi sahifasida yozib, Oq uyning oldiga namoyishga chiqqanlarni “populist” deb atab, harbiylar qoʻshni davlatga “barqarorlikni oʻrnatishga yordam berish” uchun yuborilishini aytgan.

Birinchi safar ovozlar soni yetmadi. Aslida parlament bu vaqtda qaror oʻtmadi, kechirasizlar, biz joʻnatmas ekanmiz, chunki deputatlar qarshi boʻldi, deb aytishi kerak edi.

Shuningdek, Japarov parlament deputatlariga murojaat qilib, qarorga “qarshi boʻlmanglar” deb iltimos qilgan edi.

“Oxir-oqibatda parlament Qirgʻiziston harbiylarini KXShT bayrogʻi ostida Qozogʻistonga kirishi boʻyicha qarorni tasdiqlab berishi tayin edi. Chunki, xususan, Qirgʻiziston Putinga “yoʻq” deb ayta olmaydi”, - deydi Aqilay Karimova.

“Parlamentning bu yigʻini shartli bir yigʻin boʻldi. Buni ovoz berish jarayonida ham koʻrdik. Birinchi safar ovozlar soni yetmadi. Aslida parlament bu vaqtda qaror oʻtmadi, kechirasizlar, biz joʻnatmas ekanmiz, chunki deputatlar qarshi boʻldi, deb aytishi kerak edi. Ammo bular yana bir marta saylashga qaror qilishdi. Yaʼni bizga kerakli qaror chiqmaguncha knopkani bosaveramiz deyishdi. Ammo hozirgi deputatlar shuni tushunishi kerakki, agar Qirgʻizistonning harbiysi Qozogʻiston hududida halok boʻlsa, bu qon shu deputatlarning qoʻlida”, - deydi Karimova.

Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik xizmatining yetakchisi Qamchibek Tashiyev Qozogʻistonga 150 nafar qirgʻiz harbiysi, 8 bronetexnika va 11 mashina joʻnatilishini bildirdi.

Tashiyev qirgʻiz harbiylari namoyishga chiqqan fuqarolarga qarata oʻq otmasligini, ular davlatning muhim binolarini himoya qilish vazifasi bilan ketayotganini ta’kidladi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG