Breaking News

Kanadadagi vatandosh: Boy merosimizni namoyish etishni xohlayman 


Kseniya Tsoy Marg’ilonda katta bo’lgan. Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida tahsil olgan. O’qishni tamomlagach, bankda ishlagan vatandosh to’rt yil avval Kanadaga keladi. San’atga yoshligidan qiziqqan qiz o’z orzularini ummon ortida ro’yobga chiqara olganini aytadi. Asarlarida o’zbek milliy san’ati va madaniyati aks etgan.

O’zbekistonda tug’ilib o’sgan bo’lsam-da, san’atkor sifatida Kanadada “tug’ildim”. To’rt yil avval kelganman. San’at olamiga sayohatim ham aynan o’shanda boshlandi. Yoshligimda doim san’atkor bo’lishni istaganman. Lekin san’at bo’yicha o’qishga imkoniyatim bo’lmagan. 2018-yilda Kanadada, Torontoda “Mural Routes” tashkilotining devoriy san’at kursida o’qib, hayotimni butunlay qaytadan boshladim. Shundan beri devorlarga chizaman. Ishonasizmi-yo’qmi, avval mo’yqalamni hatto qo’limga ham olmaganman. Men uchun bu yangilik edi. Bugun turli illyustratsiyalar chizaman, devoriy san'at bilan shug’ullanaman, ijtimoiy loyihalarda ishtirok etaman. Orzularim ro’yobga chiqmoqda”, - deydi musavvir.

Uning suratlari o’ziga xos. Kanada ahli uchun yangilik. O’zbek milliy san’atini Toronto ahliga namoyish etmoqda.

“Devoriy suratlarimni vatandagi tasviriy san’atdan ilhomlanib chizganman. Go’zal naqshlarimizdan ilhomlanganman, ularni hamma yerda ko’rsa bo’ladi. Idishlarda, mintaqamiz keramikasida, binolardagi kafel mozaikalarda, so‘zana kashtachilik san’atida, Marg’ilonning atlasu adraslarida. Bu naqshlar juda o’ziga xos, dunyoning hech bir burchagida unga o’xshagan naqshlarni ko’rmaganman. Shuning uchun bu tasvirlarni Kanadaga yoygim keldi. Boy merosimizni namoyish etishni xohlayman. Bu ham bir muloqotning boshlanishi. Men dunyoning bu qismiga dunyoning u qismi haqida aytib bermoqchiman. O'zbekistonni san'at, go'zallik va madaniyat olamidagi dialogga olib kirmoqchiman”, - deydi rassom.

“Kseniyaning asarlari Kanada san’atida mavjud bo’lmagan namunalardir. Kanadada tug’ilib o’sgan odamlarni dunyoning boshqa burchagidagi san’at va madaniyat bilan bog’laydi. Mahalliy xalqning Kseniya yaratayotgan asarlar, naqshlar orqali o’zbek milliy san’ati bilan tanishayotgani juda yaxshi deb o’ylayman”, - deydi “Mural Routes” devoriy san’at tashkiloti rahbari Marta Keller-Hernandez.

“Kseniyani uchratganimdan so’ng Kanadaga bir oz bog’landim. Chunki har ikkimiz bir mintaqadanmiz. U O’zbekistondan, men Qozog’istondan. Immigrant sifatida o’zlikni namoyish etish, yolg’iz emasligingizni his etish muhim. Miliy madanyatingizni namoyish etayotgan boshqa san’atkorni, ayniqsa ayol san’atkorni, jamiyatga, san’at ahliga va markaziy osiyolik immigrantlar jamoasiga ta’sir ko’rstayotgan kishini ko’rsangiz, biram yaxshi. Faxr tuyg’usini tuyaman. Kanadada o’z uyimdagiday his qilishimga bir oz yordam beradi, o’zlikni namoyish eta olganingiz tufayli bu yerga bir oz bog’lanasiz”, - deydi Torontoda raqs teatrini ochgan Merey Ismoilova.

Kseniya nafaqat devorlarga surat chizadi, balki illyustratsiya va komikslar yaratadi. Xorijdagi o’zbek diasporasi uni “Men O’zbekistondanman” asari orqali yaxshi biladi. Asarda o’zbek qizalog’i sizni O’zbekiston bo’ylab sayohatga chorlaydi. O’zbek madaniyatini dunyoga tanishtiradi.

“Tashqarida yashaganimda va sayohat qilganimda odamlar O’zbekiston haqida qanchalik kam bilishini tushundim. Odamlarga O’zbekistondan ekanligimni aytganimda, O’zbekiston qayerdaligini bilishmaydi. Shu sabab ana shu obrazni yaratdim, bir link bilan odamlarga jo’nata olish uchun, ular o’qishi uchun”, - deydi ijodkor.

Loyiha xorijiy auditoriyaga mo’ljallangan bo’lsa-da, dunyoning turli burchaklaridagi o’zbeklar ham hikoyani katta qizqish bilan o’qimoqda. Muallif yaqinda uni kitob holatda ham chop etmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG