Breaking News

AQSh Afg'oniston xalqi uchun 308 million dollar yordam ajratdi


Amerika Qo'shma Shtatlari Afg'onistonga yangi gumanitar yordam uchun 308 million dollar ajratilishini e'lon qildi.

Bu xabar Birlashgan Millatlar Tashkiloti mamlakat aholisining yarmi o'tkir ocharchilikka duchor bo'layotgani haqida ogohlantirib, xalqaro hamjamiyatni Afg’onistonga yordam berishga yana bir bor chaqirgan bir paytga to'g'ri keldi.

AQSh Milliy Xavfsizlik Kengashi matbuot kotibi Emili Xornning bayonotiga ko'ra, yordam to'g'ridan-to'g'ri AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligidan (USAID) "mustaqil gumanitar tashkilotlar"ga yuboriladi.

USAID seshanba kuni o'z bayonotida mablag’ oziq-ovqat, sog'liqni saqlash muassasalari va ko'chma sog'liqni saqlash sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlash, yordam xodimlari va anjomlarining qiyin hududlarga yetib borishini ta'minlash va odamlar qishdan eson-omion chiqishi uchun boshpana to'plamlari, isitgichlar, adyol va issiq kiyim shaklida beriladigan yordam dasturlarga yo'naltirilishini aytdi.

"Qo'shma Shtatlar Afg'oniston xalqiga yordam berish ahdiga sodiq qoladi, - deyiladi USAID bayonotida. - Biroq bu yordam eng samarali boʻlishi uchun barcha yordam xodimlari, ayniqsa ayollar mustaqil va xavfsiz faoliyat yuritishiga hamda yordam ayollar va qizlarga hech qanday toʻsiqlarsiz yetib borishiga ruxsat berilishi kerak. Qo'shma Shtatlar Tolibonni gumanitar yordamning to'siqsiz kirib borishi uchun xavfsiz sharoitlar yaratishga, barcha muhtoj odamlarga mustaqil yordam ko'rsatish, barcha jinsdagi yordam xodimlarining erkin harakatlanishiga ruxsat berishga undashda davom etadi”.

Qo'shma Shtatlar o’z yordam dasturini e'lon qilishdan tashqari boshqa davlatlarni ham bu ishga hissa qo'shishga chaqirdi.

Kobul, Afg'oniston, 2022-yil, 3-yanvar
Kobul, Afg'oniston, 2022-yil, 3-yanvar

Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat o’tgan yili avgust oyida AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari mamlakatni tark etishi va Tolibon mamlakatni egallab olishi ortidan yomonlashgan edi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi dekabr oyi oxirida afg‘on xalqiga ko’rsatilayotgan yordam dasturlarini Tolibon arboblariga qarshi qo’yilgan AQSh sanksiyalaridan ozod qilish va Tolibon manfaat ko’rmaydigan tarzda mamlakatga yordam kiritish haqida rezolyutsiya qabul qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG