Breaking News

Hisobot: Afg'onistonda inson huquqlariga oid vaziyat yomonlashmoqda


Afg'on ayollari oziq-ovqat uchun navbatda turibdi, Kobul, 2021-yil, 29-noyabr
Afg'on ayollari oziq-ovqat uchun navbatda turibdi, Kobul, 2021-yil, 29-noyabr

Tolibon Afg'onistonda hokimiyatni qo'lga kiritishi ortidan mamlakatda inson huquqlari inqirozi va gumanitar falokat tezlashdi, deyiladi payshanba kuni e’lon qilingan yangi hisobotda.

“Human Rights Watch” tashkiloti dunyo bo'ylab inson huquqlari amaliyoti yuzasidan chiqargan yillik tahlilda da'vo qilinishicha, islomiy guruh mojarolar avj olgan qashshoq mamlakat ustidan nazoratni qo'lga kiritgach, ayollar huquqlari va ommaviy axborot vositalari erkinligi borasida qo’lga kiritilgan yutuqlarni ortga surgan.

"Afg'onlar Tolibon zulmi va ochlik o'rtasida qolib ketdi", - deydi AQShda joylashgan tashkilotning Osiyo bo'yicha direktori Patrisiya Gossman.

“Oxirgi yigirma yil ichida Afgʻonistondagi ishlarda ishtirok etgan hukumatlar insonparvarlik yordamini koʻrsatishi va asosiy xizmatlarni, jumladan, sogʻliqni saqlash va taʼlimni moliyalashtirishi kerak; shu bilan birga Tolibon huquqlarni buzishiga chek qoʻyish uchun oʻz taʼsiridan foydalanishi kerak”, - dedi u oʻz bayonotida.

Barcha afg'onlarning inson huquqlarini hurmat qilishlari haqidagi va’dalarga qaramay, muvaqqat Tolibon hukumati doimiy ravishda ayollar huquqlarini cheklovchi siyosat va qoidalarni e'lon qilmoqda.

Afg'on ayollariga o'qituvchilik va sog'liqni saqlashdan tashqari ishlarda ishlash taqiqlangan. Ayni paytda butun mamlakat bo'ylab ko'plab qizlar uchun o'rta maktablar yopiqligicha qolmoqda. Tolibon diniy politsiyasi ayollarga erkak mahram hamrohligisiz jamoat joylarida yurishni man etgan va taksi haydovchilariga faqat hijob yoki ro'mol o'ragan ayollargagina xizmat ko’rsatish buyurilgan.

Tolibon hukumati, shuningdek, muxolifat va ommaviy axborot vositalariga nisbatan keng qamrovli cheklovlar qo’ygan. Zo'ravonlik avj olgani tufayli Afg'oniston televideniyesi va boshqa axborot vositalarining qariyb 70 foizi yopilgan.

Xotin-qizlar huquqlari va ommaviy axborot vositalari erkinligi Afg‘onistonda so‘nggi yigirma yil ichida erishilgan eng muhim yutuqlar sifatida e’tirof etiladi.

Tolibon o'tgan yili avgust oyida AQSh boshchiligidagi xorijiy qo'shinlar Afg'onistonni tark etishi ortidan hokimiyatni egallab olgan edi.

Yordam agentliklarining ta'kidlashicha, Afg'onistonning milliardlab dollarlik xorijiy aktivlarining muzlatib qo'yilishi, Tolibonga qarshi xalqaro sanksiyalar va qashshoqlikdan aziyat chekkan mamlakatga shu paytgacha ko’rsatib kelingan yordamlarning to'xtatilishi iqtisodiy va gumanitar inqirozni tezlashtirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti millionlab afg'onlar ocharchilik xavfi ostida ekani va to'rt millionga yaqin bolalar to'yib ovqatlanmasligi haqida ogohlantirmoqda.

“Tolibon gʻalabasi Afgʻonistonni gumanitar inqirozdan falokatga olib keldi, millionlab afgʻonlar daromadlarini yoʻqotish, naqd pul tanqisligi va oziq-ovqat narxining oshishi tufayli ogʻir oziq-ovqat taqchilligiga duchor boʻlishdi”, - deydi “Human Rights Watch” tashkiloti.

Tolibon avvalgi hukumatga xizmat qilgan afg'onlar uchun umumiy amnistiya e'lon qildi, biroq hisobotga ko’ra, Tolibon kuchlari "xavfsizlik kuchlarining ko'plab sobiq a'zolarini qatl etgan".

“Chet el qoʻshinlarining tez olib chiqilishi natijasida AQSh va NATO kuchlari yoki donor davlatlar homiylik qilayotgan dasturlar bilan ishlagan koʻplab afgʻonlarni evakuatsiya qilish rejalari ishlab chiqilmagan”, - deyiladi “Human Rights Watch” hisobotida. Shuningdek, tartibsiz evakuatsiya Tolibon o‘ch olishi mumkin bo’lgan ko‘plab odamlarning ortda qolishiga sabab bo’ldi.

Tolibon matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid “Human Rights Watch” hisobotining xulosalarini asossiz deb rad etdi.

“Islom amirligi hokimiyat tepasiga kelgandan beri Afgʻoniston xalqining barcha huquqlari himoyalangan, — deb yozdi Mujohid hisobotga javoban “Twitter”da. - Bunday xabarlar ba'zi dushman doiralar tomonidan tashviqot sifatida tarqatilgan noto'g'ri ma'lumotlarga asoslanadi”.

Tolibon yetakchilari tez orada barcha talaba qizlarga “Islom qonunlari va ta’limotlari” asosida Afg‘oniston bo‘ylab maktablar va universitetlarga qaytishga ruxsat berilishini aytdi.

Biroq afg‘on ayollari va huquq faollari mavjud cheklovlardan norozi. Mamlakat bo’ylab Tolibonga qarshi tez-tez norozilik namoyishlari ham o’tkazib turilibdi. Tolibon, odatda, ularni kuch bilan tarqatib yuboradi.

Vashington choyxonasi: Tolibon hukmronligi ostidagi hayot
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:35:26 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG