Breaking News

AQShda o'qiyotgan afg'onistonlik talabalar kelajagi mavhum


Vashingtondagi Jorjtaun universitetida demokratiya va boshqaruv bo‘yicha magistrlik darajasini olish uchun o’qiyotgan afg'onistonlik Maryam Rayed
Vashingtondagi Jorjtaun universitetida demokratiya va boshqaruv bo‘yicha magistrlik darajasini olish uchun o’qiyotgan afg'onistonlik Maryam Rayed

AQShdagi universitetlarda grant dasturlari orqali tahsil olayotgan afgʻonistonlik talabalar Tolibon hokimiyatni qoʻlga kiritgandan keyin mavhum kelajak bilan yuzlashmoqda. Ularning koʻpchiligi oʻz xavfsizligidan xavotirlanib, vataniga qayta olmasligini aytmoqda.

O‘tgan yili Fulbrayt dasturi orqali 100 dan ortiq afg‘onistonlik talaba o’qish uchun AQShga kelgan. Uardan ba’zilari Afg‘onistonda Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritishidan bir necha kun oldin Amerikaga kirib kelgan edi.

Fulbrayt stipendiya dasturi shartlariga ko‘ra, ishtirokchilar akademik dasturlari tugagandan so‘ng o‘z mamlakatlariga qaytishlari shart.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan bir qancha afg’onistonlik talabalarning aytishicha, ular Amerikada hukumat dasturi asosida o’qiganlari bois, agar Afg’onistonga qaytishsa, hayotlari xavf ostida qoladi.

Vashingtondagi Jorjtaun universitetida demokratiya va boshqaruv bo‘yicha magistrlik darajasini olish uchun o’qiyotgan Maryam Rayedning aytishicha, uning uchun endi Afg’onistonga qaytish imkonsiz.

O‘tgan yilning 15-avgustida hokimiyatni qo‘lga kiritgach, toliblar avvalgi Afg‘oniston hukumati hamda AQSh va uning Afg‘onistondagi ittifoqchilari uchun ishlagan barcha afg‘onlarga umumiy amnistiya e’lon qildi.

Biroq inson huquqlari guruhlariga ko’ra, Tolibon AQSh va sobiq Afg‘oniston hukumati bilan aloqador afg‘onlarni nishonga olishda va o‘ldirishda davom etmoqda.

Ahmad Raheb Radfar Olbanidagi Nyu-York davlat universitetida xalqaro munosabatlar bo‘yicha tahsil olmoqda. U AQShga kelishdan oldin Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ishlagan.

“Mening rejam Afgʻonistonga qaytib, dasturni tugatgandan soʻng vazirlikdagi ishimni davom ettirish edi. Ammo Afg‘onistonning hozirgi ahvolini hisobga olsak, men buni qila olmayman”, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Umidlar yo'qoldi

2003-yildan beri 950 dan ortiq afg‘onistonlik Fulbrayt grant dasturi asosida AQShda magistrlik darajasini olgan. Bundan tashqari, AQShning ko’plab akademik muassasalarida bakalavriat, magistratura va undan yuqori darajalar uchun turli homiylik dasturlari asosida ta'lim olish imkoniyatiga ega bo'lgan afg’onlar ham ko’p. Bu oliy ma’lumotli afg‘onistonliklar o’z vatanida barqaror demokratik tuzum barpo etishga hissa qo‘shishi kutilgan edi.

“Afgʻonistonda Tolibon hukmronligining qaytishi mening shaxsiy va professional yoʻnalishimni tubdan oʻzgartirib yubordi hamda kelajakka boʻlgan barcha umidlar, rejalar va intilishlarimni yo’qqa chiqardi”, - deydi Rayed.

Tolibon hokimiyatga kelishi bilan sog'liqni saqlash va ta'lim tizimidan tashqari barcha jabhalarda afg'on ayollari ishdan bo'shatilgan.

“Tolibon ayollarni tirikchilikdan va shaxsiy o’zlikdan mahrum qilmoqda”, deyiladi “Human Rights Watch” tashkiloti San-Xose davlat universiteti qoshidagi Inson huquqlari instituti bilan birga chiqargan qoʻshma hisobotida.

Tolibon qatag‘onidan qo‘rqib, ismini oshkor qilishni istamagan sobiq Fulbrayt olimining aytishicha, u jinsi tufayli Afg‘oniston Qishloq, irrigatsiya va chorvachilik vazirligidagi yaxshi ishidan haydalgan.

“Mening ma’lumotim, ish tajribam, malakam va o‘z mamlakatimga sodiqligim Tolibon uchun muhim emas. Ular faqat mening jinsimga e’tibor berishdi”, - dedi u.

Xotin-qizlar huquqlari, jumladan, ta’lim va mehnat qilish huquqini hurmat qilish AQSh va boshqa ko‘plab davlatlar tomonidan Tolibon hukumatiga xalqaro maydonda tan olinish uchun qo’yilgan asosiy talablardan hisoblanadi.

Tolibon rasmiylari afg'on qizlari va ayollarining maktab va universitetlarga qaytishi uchun "islomiy muhit" yaratishga harakat qilinayotganini aytadi, ammo hukumatda ayollarga o’rin ajratilishi haqida va'da berayotgani yo’q. Tolibon rahbariyati, vazirlar mahkamasi va yuqori hukumat lavozimlarining barchasini erkaklar egallagan.

Talabalar taqdiri noaniq

AQSh hukumati afg'onlarga AQShga joylashishga yordam berish uchun maxsus immigratsiya va kirish tartib-qoidalarini, jumladan, ba’zi shaxslarga AQShga hujjatlarsiz kirishga imkon beruvchi gumanitar shartli ruxsatnomalarni joriy etdi.

Fulbrayt dasturini boshqaruvchi Davlat departamenti va Xalqaro ta’lim instituti vakillarining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, afg‘on talabalarining o‘qishlari tugaganidan keyin o‘z vatanlariga qaytishlariga doir talabni bekor qilish yoki qilmaslik yuzasidan hali bir qarorga kelinmagan.

"Biz [Fulbrayt] dasturi ma'murlari bilan aloqadamiz va ular bilan o'z xavotirlarimizni baham ko'rdik. Ammo hozircha ular bizning kelajagimiz haqida aniq bir ma’lumot berishmadi", - dedi Radfar.

“Bizga kelajagimiz qanday bo'lishi haqida aniqlik kerak. Bu noaniq holat bizni ranjitmoqda”, - dedi ismi tilga olinishini istamagan yana bir talaba.

So‘nggi ikki yil ichida AQShga Afg’onistondan kelgan Fulbrayt dasturi ishtirokchilari o‘zlarining noaniq kelajaklaridan shikoyat qilayotgan bir paytda 2022-yilgi dastur uchun tanlanganlar Afg‘onistonda qolib ketdi. Ular kelasi kuzda AQShga kelib, o‘z darslarini boshlashlariga kafolat yo‘q.

AQShdan panoh topgan afg'onistonlik o'zbek san'atkori
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:12 0:00

Vizalarni rasmiylashtirish uchun hozirda Afg'onistonda AQSh elchixonasi mavjud emas hamda bu mamlakatdan xorijga sayohat qilish ham juda cheklangan va murakkab.

"Biz 2022-23-yillardagi Fulbrayt dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun yengib o'tish kerak bo'lgan muhim xavfsizlik, logistika va dasturiy cheklovlarni ko'rib chiqmoqdamiz”, - dedi Davlat departamenti rasmiysi “Amerika Ovozi”ga.

Fulbrayt dasturi afg'on talabalari uchun kelajakda davom etadimi yoki yo'qmi, bu masala ham noaniq. Chunki AQSh va Afg'onistondagi Tolibon hukumati o’rtasida bevosita hamkorlik mavjud emas.

AQSh va Tolibon kelajakda qanday munosabatlarga ega bo'lishi bir yoqli bo’lmaguncha, AQShda o'qigan yoki o'qishga intilgan afg'onlar uchun kejalak mavhumligicha qolishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG