Qo'shma Shtatlarda maktablar koronavirus pandemiyasi sharoitida darslarni to’xtatmasdan o’tib turish uchun qo’shimcha o’qituvchilar topishda qiynalmoqda.
Kasallangan yoki shaxsiy ta'tilda bo'lgan o’qituvchilar o’rnini to’ldirish uchun mutaxassis yetishmayapti. Muammo nafaqat o’qituvchilar sonining ozligida, balki ularga beriladigan maoshga rozi bo’lib ishlashni xohlaydiganlar tobora kamayib borayotgani bilan ham bog’liq.
Ba’zi maktablar o’qituvchi topishning innovatsion usullaridan foydalanmoqda: ular ota-onalar, maktab avtobuslari haydovchilari va hatto harbiy xizmatchilar hisobiga o'z saflarini to’ldirmoqda.
Virjiniya shtati Fairfaks okrugidagi “Mount Eagle” boshlang’ich maktabi direktori Jan Konsollaga ko’ra, odam topish oson bo’lmayapti.
"Bir o'qituvchim tug'ruq ta'tiliga chiqmoqchi edi. U ketgan payt nima qilishni bilmay boshim qotdi", - deydi u.
"Keyin kollejda o’qiydigan, hozir ta'tilda bo'lgan o'g'lim Julian esimga tushib qoldi. U bolalar bilan ishlashni yaxshi ko'radi. Bahonada biroz pul ham ishlab oladi", - deydi u.
20 yoshli Julian Konsolla sport boshqaruvi bo'yicha o’qimoqda. Virjiniyada o’rinbosar o’qituvchi bo'lish uchun talab qilinadigan 30 soatlik kollej kreditini allaqachon yig’gan.
“Avvaliga qiynaldim, lekin ko‘nikib ketganimdan keyin osonlashdi va qiziqarli bo‘ldi”, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Fairfaks okrugidagi boshqa maktabda, “McNair Upper” boshlang’ich maktabida ishlayotgan Sofi Karter ham kollej talabasi. U hozir o'rinbosar o'qituvchi sifatida ishlamoqda.
Mutaxassisligi boshlang'ich ta'lim bo'lgani uchun u buni ideal ish deb biladi.
"Men sinfni boshqarish ko'nikmalariga ega bo'lyapman va umid qilamanki, sinfxonadagi muhitni qiziqarli va faol qila olyapman. Bu mening o'qitishga bo'lgan muhabbatimni kuchaytirdi", - deydi u.
Direktor Melissa Goddin Karter kabi ko'proq kollej talabalari ish uchun ariza topshirishini xohlaydi, chunki o'rinbosar o'qituvchilarni topish hozir juda qiyin.
"Bu sohada juda ko'p ish imkoniyatlari mavjud. Biz maktabda virusga duchor bo'lish ehtimolidan qo’rqqan odamlarga uydan ishlashga imkon beradigan joylar bilan raqobatlashmoqdamiz", - deydi u.
Vaziyat Ogayo shtatida ham og’ir.
"Menimcha, odamlar majbur bo’lmagungacha o'zlarini virusga duchor qilishni xohlamaydi, - deydi Ogayo shtati Kings mahalliy maktablarining jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha koordinatori Daun Gould.
“Bizda oʻrinbosar o’qituvchilarni topish darajasi bu hafta 50 foizdan pastga tushdi, - deya qo’shimcha qildi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. - Yaqinda maktabni bir kunga yopishga majbur bo'ldik, chunki sinflarni to'ldirishda qiynaldik".
Odatda, Ogayo shtatida o’rinbosar o’qituvchilar uchun bakalavr darajasi talab qilinadi. Ammo pandemiya paytida bu talab bekor qilindi.
"Umid qilamizki, biz diplomga ega bo'lmagan ko'proq ota-onalarni shu vazifalarga jalb qila olamiz", - dedi u.
G’arbiy shtatlar maktablari ham ota-onalarni dars berishda yordamlashishga chaqirmoqda.
Kaliforniyada Palo-Alto birlashgan maktab okrugi "Birgalikda maktablar ochiq qoladi" kampaniyasi doirasida ota-onalarni ko'ngilli sifatida yordam berishga undadi.
"Biz bir necha oy davomida yetarlicha o'qituvchilar yoki ularning o'rnini bosuvchi o'qituvchilar bilan to'liq ta'minlanmaganmiz, - dedi okrug ta’lim boshqarmasi rahbari Don Ostin. - O'qituvchilarimizning taxminan 10 foizi har kuni tashqarida".
Ota-onalardan biri Jen Viener ko’ngilli sifatida yordam berishga shoshildi.
Unga ko'ra, ota-onalarning sinfda bo'lishi muammoni "hal etmaydi".
"Ammo bolalar maktabda bo'lishlari kerak, shuning uchun ota-onalar ham yordam berishi kerak", - deydi u.
Texasdagi maktab okrugi o'ziga kerak bo'lgan o'rinbosarlarning faqat yarmini topa olyapti, xolos.
"Odamlar kasallanmoqda yoki kasallik alomati bo'lgan odam bilan yaqin aloqada bo'lgani uchun uyda qolishyapti", - deydi Ostin tashqarisidagi Hays maktab okrugi aloqa bo'limi boshlig'i Tim Savoy.
"Biz o'rinbosar o'qituvchilar topish uchun ota-onalarga murojaat qildik. Odatda, ulardan ma'lum miqdordagi kollej kreditiga ega bo’lish talab qilinadi. Lekin hozir maktab direktori bu talabdan voz kechishi mumkin", - deya qo’shimcha qiladi u.
O’qituvchilarga qo’yilgan talablar boshqa shtatlarda ham yumshatilgan.
Michigan gubernatori Gretchen Vitmer kotibalar, paraprofessionallar va boshqa shu kabi administrativ soha xodimlariga joriy o'quv yili oxirigacha vaqtinchalik o'rinbosar o'qituvchi sifatida ishlashga ruxsat beruvchi qonun loyihasini imzoladi.
O‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan maktab avtobusi haydovchilari, kafeteriya xodimlari va ma’muriy yordamchilar ham ishga olinishi mumkin.
Ammo bu holat Amerika o'qituvchilari uyushmasi ijrochi direktori Kolin Sharkini xavotirga solmoqda.
"Standartlar pasaytirilayotgani tashvishlanarli holat, - dedi u, - Lekin tumanlar sinfda qandaydir nazoratga ega bo’lish uchun hamma narsani qilishga harakat qilishayotganini tushunamiz".
Nyu-Meksiko shtati gubernatori Mishel Lujan Grisham "kadrlarning haddan tashqari tanqisligi" tufayli Milliy gvardiya a'zolaridan o'rinbosar o'qituvchilar sifatida ko'ngilli bo'lishni so'radi.
"Maktablarimiz bolalar uchun barqarorlikning muhim manbaidir. Chunki ular sinfxonada yaxshiroq o'rganishlarini bilamiz", - dedi u.
Facebook Forum