Vashingtondagi san’at va sanoat binosi Smitson majmuasi tarkibidagi eng qadimgi muzeylardan biridir. Ta’mirdan o’tayotgani uchun 2004-yildan beri yopiq qolayotgan edi. Ammo “Kelajak” nomli yangi ko’rgazma munosabati bilan ommaga vaqtinchalik ochildi.
“Tashrif buyurayotganlar qo’rqinchli kelajakni emas, o’zlari xohlagan kelajakni tasavvur qilishlarini istardim. Ertangi kundan xavotir olish bilan ko’p vaqt o’tkazamiz, bu qisman asosli. Ammo nimaga qodir ekanimiz, ufqdagi yechimlar va g’oyalarni ham tasavvur qilishimiz kerak”, - deydi muzey direktori Reychel Goslins.
Ko’rgazma texnologiya, san’at, dizayn va tarixni o’zida mujassam etadi. Uchar mashinalardan tortib, iqlim o’zgarishi va superqahramonlargacha.
Ijodkor Tamiko Tiel asarlarida to’ldirilgan reallik texnologiyasidan foydalanadi.
“Biz tanlagan mavzu – ekotizim o’zini tiklashga, o’zini davolashga qodirligi. AQSh poytaxtini beton inshootlar bilan to’lgan bir joy emas, balki tabiat bilan hamnafas bir shahar deb tasavvur qilamiz. Bu bog’larni gullar bilan va sevimli kapalaklar bilan to’ldirishni anglatmaydi. O’rmalovchi, qo’rqinchli, mayda hasharotlarning ham o’z o’rni bor. Biologik xilma-xillik hammasini o’z ichiga oladi”, - deydi Tiel.
Eksponatlar orasida Ilon Maskning “Hyperloop” transport loyihasini ko’rasiz. “Men + sen” skulpturasi esa sizdan kelajakni bir so’z bilan tasvirlashni so’raydi, so’ngra suni’iy intellekt bu ma’lumotni ranglar va yorug’lik orqali ifodalab beradi.
Rassom Netris Gaskins portretlarni yaratishda kompyuter texnologiyalaridan foydalanmoqda.
“Sun’iy intellekt bilan hamkorlik qilaman, bu portretlar yaratishning yangi usuli. Mashinada ham insoniy element mavjud, hozir ana shu yo’nalishda ish olib borayapman. An’anaviy ravishda rasm chizish o’rniga uni turli tasvirlarni sintez qilgan holda boyitish”, - deydi ijodkor.
“Kelajak” ko’rgazmasida mehmonlar eksponatlarni ushlab ko’rishi, hatto imo-ishora va ko’z bilan harakatga keltirishi mumkin. Interaktiv loyihalar ko’payaveradi, deydi tashkilotchilar.
Ko’rgazma va muzey iyulgacha ochiq. Undan so’ng yana ta’mirlash uchun bir necha yilga yopiladi.
Facebook Forum