Afg’onistondan Kaliforniyaga yaqinda ko’chirilgan afg’on muhojirlari ijaraga uy-joy topishda qiynalmoqda. Ko’plari bir necha haftadan beri vaqtincha joylarda turishibdi. Ularning repatriatsiyasi bilan shug’ullanuvchi guruhlar yashash uchun doimiy joy topilmaguncha qochqinlarni boshida mehmonxonalar, motellar, vaqtincha ijaraga beriluvchi uylarga joylashtiradi.
Amerikada uyli-joyli bo’lish uchun odam ishli, kredit reytingi yuqori, oldin ijarada turgan bo’lishi kerak. Mamlakatga kelayotgan ko’plab muhojirlar bu talablarga javob bermaydi. Natijada uy topishga uzoqroq vaqt ketadi.
"Feysbuk”da "El kaxonlik qochqinlarga yordam” ko’ngillilar guruhi qochqinlarning eng muhim ehtiyojlarini qoplab, uy-joy topishda ko’maklashmoqda.
“Uy inqirozi bilan bir paytda qochqinlar ko’p kelmoqda, ularni joylashga imkoniyat yo’q. Ikki oydan beri motelning kichik xonalarida yashayotgan oilalar bor”, - deydi guruh vakili Jill Galante.
Shulardan biri Javid va Jamshidning oilasi bo’lib, ular Afg’onistondan yaqinda kelishgan. Arzon mehmonxonada ikki oy yashab, nihoyat San-Diyegodagi qarindoshi yordamida ikki xonalik uyni ijaraga olishga muvaffaq bo’lishdi.
“Ijara haqqi o’ta yuqori”, - deydi Jamshid.
2021-yil avgustidan beri 4000 ga yaqin afg’onistonlik qochqin Kaliforniyaga ko’chirildi. Ba’zilar repatriatsiya jarayonidan xunob bo’lganini aytadi.
“Biz uchun mas’ul bo’lgan odamlar qo’ng’iroqlarimizga javob berishmadi, biz bilan bog’lanishmadi. Motelda yana 50 kun qolib ketishimiz mumkin edi”, - deydi Javid.
Yil oxirigacha Kaliforniyaga AQSh harbiy bazalarida turgan yana 1250 nafar afg’onistonlik qochqin ko’chiriladi.
Facebook Forum