AQShning uchta hukumat idorasi - Mudofaa vazirligi, Sog'liqni saqlash va aholiga xizmat ko'rsatish departamenti hamda Davlat departamenti Afg'onistondan o'n minglab odamlarni ommaviy evakuatsiya qilish va joylashtirish uchun 3,3 milliard dollardan ko'proq mablag' sarflagan.
O'tgan yili avgust oyida Afg'oniston hukumati qulaganidan so'ng AQSh hukumati xavf ostida bo'lgan afg'onlarni Kobuldan evakuatsiya qilish uchun Davlat kotibi Entoni Blinken "tarixdagi eng katta havo tashishlaridan biri" deb atagan operatsiyani amalga oshirdi.
Amaliyot juda tez va ba’zi hollarda tartibsiz ravishda amalga oshirildi. Aeroportning uchish yo’lagigacha kirib kelgan umidsiz odamlar havoga ko'tarilayotgan AQSh harbiy samolyotlarining g’ildiraklariga osilib nobud bo’lgan holatlar ham yuz berdi.
Bu orada zo’ravonliklar ham sodir bo’ldi. IShIDning “Xuroson” bo’limi xudkushchilari aeroport darvozasi oldida amalga oshirgan xuruj oqibatida oqibatida 180 dan ortiq odam, jumladan, 13 nafar amerikalik harbiy halok bo‘ldi.
Ommaviy axborot vositalari“Axborot erkinligi to‘g‘risida”gi qonun asosida qo’lga kiritgan maxfiy hujjatlarning ko’rsatishicha, evakuatsiya paytida AQSh harbiy xizmatchilari va diplomatlari orasida umidsizlik yuqori bo’lgan va muvofiqlashtirish ishlari ham yaxshi yo’lga qo’yilmagan.
Ikki hafta davom etgan amaliyot yakunida Kobuldan 124 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan.
Ichki xavfsizlik departamenti (DHS) ma'lumotlariga ko'ra, operatsiyaga rahbarlik qilgan Davlat departamenti o'tgan yilning 16 - 31-avgust kunlari evakuatsiya parvozlari uchun 37 million dollar sarflagan.
AQSh harbiylarining Afg‘onistondan parvozlari 31-avgust kuni to‘xtatildi, biroq Davlat departamenti afg‘onlarni charter va tijorat reyslari orqali evakuatsiya qilishda davom etgan.
Afg'onistondan evakuatsiya qilinganlar
Kobuldan evakuatsiya qilinganlarning ko'pchiligi Qatardagi AQSh harbiy obyektlariga olib kelingan va Qo'shma Shtatlar yoki boshqa mamlakatlarga doimiy ravishda joylashtirilishidan oldin tekshiruvdan o’tkazilgan. Ayrimlar Germaniya va Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) ham olib ketilgan.
Ichki xavfsizlik departamentining 15-fevraldagi ma’lumotiga ko’ra, 76 mingdan ortiq afg‘on AQShga olib kelingan.
Evakuatsiya qilinganlarning bir qismi hanuz AQShdan tashqarida tranzitda qolmoqda.
“Bir necha yuzlab afgʻonistonlik evakuatsiya qilinganlar Qoʻshma Shtatlardan tashqarida qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtmoqda va tekshiruv tugaguncha Qoʻshma Shtatlarga borish taqiqlanadi”, - deyiladi idora bayonotida.
O‘tgan hafta BAAning Abu Dabi shahridagi lageridan boshpana topgan yuzlab afg‘onistonliklar uch kun davomida norozilik namoyishi o‘tkazib, AQShga jo’natilishlarini talab qildi.
AQShga kelganlarning aksariyati maxsus immigratsiya vizasiga (SIV) da'vogar. Bu viza Afg'onistonda AQSh harbiylari bilan birga ishlagan shaxslarga beriladi. O‘tgan yili evakuatsiya qilinganlarning 3500 dan ortig‘i AQShda doimiy yashovchilar edi.
Taxminan 36 000 odam AQShning afg'onlar uchun e’lon qilgan birorta immigratsiya dasturiga to’g’ri kelmaydi, ammo gumanitar asoslarga ko’ra ularning AQShga kirishiga ruxsat berilgan.
Afg'onistondan evakuatsiya qilinganlar doimiy yashash joylari aniq bo’lguncha Qo'shma Shtatlardagi sakkizta harbiy obyektda qolishdi. 15-fevral holatiga ko‘ra, sharqiy Nyu-Jersi shtatidagi Mak-Guayr-Diks-Leykerst qo‘shma bazasida hozir atigi 1200 nafar afg‘on mavjud.
Qo'shma Shtatlar Kobuldagi elchixonasini yopdi va Vashington Afg'onistondagi yangi Tolibon hukumatini tan olgani yo’q. Ammo so'nggi yigirma yil ichida AQSh uchun ishlagan afg'onlar uchun immigratsiya dasturlari davom etadi. SIV dasturiga qo'shimcha ravishda, Qo'shma Shtatlar o'tgan avgust oyida afg'onlar uchun mo'ljallangan qochqinlarni qabul qilishga oid yana ikkita dasturini e'lon qildi.
AQShga immigratsiya arizasini berish uchun afg'onlar AQSh diplomatik missiyasi joylashgan uchinchi davlatga borishlari kerak bo'ladi.
Facebook Forum