Breaking News

Yil sarhisobi - AQShning Afg'onistondagi urushi


Arxiv surat
Arxiv surat

2021-yil AQSh tarixida 20 yillik afg’on urushining yakunlangani bilan esda qoladi. G’alaba nisbiy bo’ldi. Al-Qoida terror guruhi Afg’onistonda parchalangani bilan 20 yil oldin hokimiyatdan ag’darilgan Tolibon bugun yana mamlakatni boshqarmoqda.

Xalqaro hayot - 16-dekabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:35 0:00

“Afg’onistonga kirishdan asosiy maqsad Amerikaga qarshi bundan keyin xurujlar hozirlanmasligi uchun terrorchilar makonini yo’q qilish edi va harbiylarimiz buni uddaladi”, - dedi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.

AQSh afg’on milliy armiyasini Tolibonga qarshi kurashishga qodir kuchga aylantirmoqchi edi, biroq Tolibon avgust oyida hech bir qarshiliksiz poytaxt Kobulga kirishga muvaffaq bo’ldi. Natijada Qo’shma Shtatlar va boshqa mamlakatlar zudlik bilan evakuatsiyani boshladi.

“Tartibsizlik hukm surdi. Afg’oniston prezidenti samolyotga o’tirdiyu, mamlakatdan chiqib ketdi. Hech kim bunday bo’lishini kutmagan edi”, - deydi Kirbi.

20 yil davomida AQSh tayyorgarligidan o’tgan afg’on xavfsizlik kuchlari 20 kunga ham dosh bermadi.

Ba’zi harbiylar oziq-ovqat, o’q-dori, havodan madad ta’minlanmaganidan shikoyat qildi. Mahalliy rahbarlar esa Tolibon bilan tez kelishib, boshqalarning taslim bo’lishiga yoki qochishiga sabab bo’ldi.

“Afg’onistonda 20 yildan beri urush bo’layotganiga qaramay, hech kim nima bo’layotganini bilmas edi. Ular AQSh harbiy va siyosiy rahbariyatini tushunmadi, Afg’onistonda aslida kimga qarshi kurashayotganini tushunmadi, Tolibonni tushunmadi, al-Qoidani tushunmadi, ular orasidagi munosabatni tushunmadi”, - deydi Vashingtondagi “Demokratiyalar himoyasi uchun jamg’arma” tahlilchisi Tomas Joselin.

AQSh bir necha haftada 124 ming odamni evakuatsiya qilishga yordam berdi. Evakuatsiyaning so’nggi kunlari qonli bo’ldi – “Islomiy davlat”ning terror xuruji oqibatida salkam 200 odam, jumladan 13 amerikalik askar nobud bo’ldi.

Bir necha kundan so’ng AQShning terrorchilarni jazolashga qaratilgan dron hujumida jangarilar emas, 10 nafar begunoh afg’on halok bo’ldi.

Evakuatsiya chala bo’ldi – yuzlab amerikalik va minglab afg’on Afg’onistonda qolib ketdi.

Inson huquqlari guruhlariga ko’ra, toliblar AQSh kuchlari va xalqaro koalitsiyaga yordam bergan afg’onlarni o’ldirishga kirishdi. Iqtisodiy inqiroz ham xalq dushmaniga aylandi.

“Iqtisodiyotning erkin qulashi biz xavotir olgandan qattiqroq, zo’ravonroq, tezroq bo’ldi. Qishdan yolg’iz insonparvarlik yordami hisobiga chiqamiz deb o’ylagan edik, biroq bu kifoya qilmasligini endi tushunib turibmiz”, - deydi BMTning gumanitar masalalar bo’yicha idorasi rahbari Martin Griffits.

BMTga ko’ra, kichik hududlarda harakatlangan “Islomiy davlat” Afg’onistonning har bir viloyatiga tarqalgan. Ularning Tolibon va tinch aholiga hujumlari joriy yilda besh karra kuchaydi.

Amerika rasmiylari qo’shinlar evakuatsiya qilingani bilan AQShga qarshi Afg’onistondan taralayotgan terror xurujlarining oldini olishda havo hujumlarini tashqaridan amalga oshirishga chaqirib keladi.

“Buning uchun tahdidlarni diqqat bilan kuzatib borishimiz kerak”, - deydi AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin.

Biroq harbiy qo’mondonlarning aytishicha, AQSh qurolli kuchlari salohiyatining atigi 1-2 foizi Afg’onistonga qaratilgan, demak tahdidlarni kuzatish oson bo’lmaydi.

Oddiy xalq esa ham xavfsizlikdan, ham iqtisodiy kelajagidan xavotirda.

“Tolibon boshqaruvining ijobiy tomonlari ham, salbiy tomonlari ham kuzatilmoqda. Umid qilamizki, oxir-oqibatda hammasi ijobiy bo’ladi, aks holda o’tmishdagi hayotga qaytishga to’g’ri keladi. U hayot esa afg’on xalqi uchun azob-uqubat, mojaro, tashqi aralashuvdan iborat edi”, - deydi AQShning Afg’oniston bo’yicha sobiq maxsus vakili Zalmay Xalilzod.

Dunyo Tolibon boshqaruvi va siyosatini, inson huquqlari, jumladan ayollar huquqlari himoyasiga munosabatini, terror guruhlariga qarshi harakatlarini diqqat bilan kuzatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG