AQSh rahbari Jo Bayden Rossiya hukumatini xalqaro moliya tizimlaridan kesdi. Federatsiyaning ikki yirik banki sanksiya ostiga olindi. Ukraina hududini parchalash, deydi Prezident Bayden, xalqaro qonunlarga zid va AQSh qo'l qovushtirib turmaydi.
22-fevral kuni Oq uydan turib, Amerika xalqiga murojaat qilar ekan, Bayden deydiki, bir kun oldin Prezident Vladimir Putin qilgan qaror bilan Rossiya Ukrainaga bostirib kira boshladi.
"Putin kimki, qo'shni davlat hududida o'zicha yangi davlatlar yaratadi?" - deya tanqid qildi u.
Oq uyga ko'ra, AQSh joriy etayotgan choralar Rossiya hukumatini G'arbdan moliya olishini cheklaydi. Ukrainaga kirishda davom etsa, deydi rasmiylar, yanada keskinroq sanksiyalar qo'yiladi.
Amerika Rossiya bilan urushmoqchi emas, deydi Prezident Bayden, biroq "Putin dunyoni ahmoq qila olmaydi".
Donetsk va Luganskni mustaqil davlatlar deb hisoblovchi Rossiya endi ularga harbiy yordamni oshirib, bu hududlarga o'z kuchlarini kiritadi.
"Vaholanki, gap Ukraina davlati haqida ketmoqda, mustaqil va suveren", - deydi Bayden.
Putin nazarida Ukraina hech qachon alohida davlat bo'lmagan, azaldan rus yerining bir qismi deb qaralgan. Kreml uchun Ukraina hozir "G'arb o'yinchog'i".
"Putin Ukrainaning davlat sifatida mavjudligiga tahdid solmoqda", - deydi Prezident Bayden.
Amerika rahbari fikricha, keng miqyosli urushning oldini olish mumkin.
"Biz qiplomatik yo'ldan boraveramiz", - deydi u.
"Rossiyaning so'zi emas, harakatiga qarab baholaymiz".
Yevropa davlatlari ham AQSh singari choralar ko'ra boshlagan.
Germaniya Kansleri Olaf Sholts Rossiyadan tabiiy gaz yetkazuvchi yangi quvur ishga solinishini to'xtatgan.
Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Rossiyaning besh bankiga sanksiyalar qo'ygan, shuningdek, uch rossiyalik tadbirkorning mamlakatdagi mulklarini muzlatib, ular bilan har qanday oldi-berdini man etgan.
"Bu dastlabki choralar, biz ularni kuchaytirishga tayyormiz", - deydi Jonson.
22-fevral kuni Rossiya qonunchilari Prezident Putinga harbiy kuchlarni chet elga safarbar etish uchun ruxsat berdi.
Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Josep Borrell deydiki, "Rossiya qo'shinlari allaqachon Ukraina sarhadida".
Putin farmoni ketidan Rossiya tanklari tunda Donbasga kirdi, deya tasdiqlamoqda Donetskdagi manbalar. Biroq, "Amerika Ovozi" aniqlashicha, bu kirish keng miqyosli operatsiya bo'lmagan.
Donetsk va Lugansk mustaqil davlatlar tan olinishi bilanoq Oq uy bu hududlarda Amerika sarmoyasi va savdosini man etildi.
Putin qaroridan oldin Amerika va Rossiya bosh diplomatlari bu hafta uchrashish niyatida edi. Ikki davlat rahbarlari summitini uyushtirish haqida gap ketayotgan edi.
Moskva va Vashington diplomatik muloqotni davom ettiishga tayyor ekanini bildirmoqda.
Facebook Forum