AQSh qonunchilari Bayden ma'muriyatini Rossiyaga qarshi darhol jazo choralarini ko'rishga chaqirib, Prezident Vladimir Putinning Ukraina hududlarini mustaqil davlatlar deb e'lon qilishi va uning qo'shinlarining bu mintaqada harakatlanishini qoralamoqda.
Demokratlar va respublikachilar orasida aynan qanday jazolar ko'rilishi lozimligi yuzasidan yakdillik yo'q, ammo ular bir narsada hamnafas: Ukraina Sharqiy Yevropadagi mustaqil va suveren davlatdir va Vashinton unga yordam beradi.
Putin o'z qarorini izohlar ekan, Ukraina azaldan Rossiyaga qarashli bo'lib, "hech qachon alohida davlat bo'lmagan", degan gaplari Amerika siyosiy doiralarida keskin qarshilik bilan kutib olingan.
“Vladimir Putinning Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalari deya separatist hududlarni noqonuniy ravishda tan olishi agressiyadan boshqa narsa emas. Bu - xalqaro qonunlarni qo'pol tarzda buzishdir", - deydi Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi, demokrat Bob Menendez.
“Bu noqonuniy tan olinish Ukraina suverenitetiga hujumdir. Rossiya Donbasda harbiylari sonini oshirsa, proksi kuchlar kengaysa, Bayden ma'muriyati va Yevropadagi ittifoqchilarimiz qattiq sanksiyalar qo'yishdan tortinmasligi kerak", - deydi senator Menendez.
AQSh nazarida Ukrainaning sharqiy, shimoliy va janubiy chegaralariga taxminan 150 ming qo'shin joylashtirgan Rossiya endi Donetsk va Luganskka o'z "tinchlikparvar" askarlarini bemalol kitiraveradi.
Ko'plab respublikachilar fikricha esa Prezident Bayden sekin harakat qildi, Putinning bunday qadamlar tashlashining oldini olish mumkin edi.
“Effektiv choralar haqida Rossiya tanklari chegaraga yaqinlashganda bosh qotira boshlash xato", - deydi respublikachi Mayk Makkol va Mayk Rogers birga chiqargan bayonotida.
“Davlat kotibi Blinken zudlik bilan javob beramiz, deb keldi. Putin Donbasdagi rossiyaparastlar nazoratidagi hududlarni tan oldi. Endi bunday agressiyaga javoban qaqshatqich jazo mexanizmlarini ishga solishimiz zarur", - deydi bu qonunchilar.
Prezident Bayden Donetsk va Luganskda Amerika sarmoyasini taqiqlashni buyurdi. Bu yagona chora emas, deydi Oq uy rasmiylari, sanksiyalar paketi ham separatistlarga, ham Kremlga zarba beradi.
Respublikachi senator Ted Kruz bu inqirozda Bayden rahbariyatini ayblamoqda.
“Putin ishini qilib bo'lgach javob berib, ma'muriyat naqadar noqobil ekanini isbotladi. Ular agressiyaning oldini olish o'rniga razvedka ma'lumotlarini oshkor etish orqali Kremlni bu yo'ldan qaytarmoqchi bo'lishdi. Putinni shu tariqa uyaltirishga urinishdi. Bu yondashuv ish bermadi", - deydi senator Kruz.
Demokratlar esa Prezident Baydenni quvvatlab, uni uzoqni o'ylab siyosat yuritishga undamoqda.
"Prezident Putin va Kremlga qarshi sanskiyalarni ishga solish vaqti keldi", - deydi senator Kris Kuns.
“Prezident Bayden oylardan beri NATO va Yevropadagi ittifoqchilarimiz birga ishlab, yakdillikni ta'minlab kelmoqda. Putinning qarorini bir yoqadan bosh chiqargan holda qoralayapmiz. Jazo choralarini ham shu tarzda ko'ramiz", - deydi senator Kuns.
Senatda Rossiyani xalqaro banklar imkoniyatlaridan mahrum etish masalasi muhokamada. Bunday taqiq Kremlni chetga moliyaviy yordam ko'rsatish huquqidan ayiradi. Senat, shuningdek, Rossiya gazini Yevropaga olib boruvchi yangi quvur "Shimoliy oqim 2" moliyasini ham kesmoqchi.
Facebook Forum