Breaking News

Ukraina-Rossiya mojarosi: kim, nima, qayerda?


Kiyevda harbiy trening paytida bolalar qurol bilan tanishmoqda, 20-fevral, 2022
Kiyevda harbiy trening paytida bolalar qurol bilan tanishmoqda, 20-fevral, 2022

21-fevral kuni Rossiya Ukrainaning Donetsk va Lugansk hududlarini mustaqil davlatlar deb tan olgach, vaziyat yanada taranglashgan. G'arb davlatlari Kreml qarorini qoralab, sanksiyalar joriy etmoqda.

* BMT Xavfsizlik kengashi zudlik bilan uchrashgan. Rossiya xalqaro qonunlarga zid qadam tashlayotgani qayd etilgan. Moskva buni inkor etadi.

* Oq uy Donetsk va Lugansk Ukrainaning ajralmas qismi deya eslatib, har ikkisida Amerika sarmoyasi va faoliyatini taqiqladi. Vashington Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qiladi, deydi Davlat kotibi Entoni Blinken.

* Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan sanksiyalar qo'yadi. Blok nazarida ham Donetsk va Lugansk Ukraina sarhadlaridir. Rossiya mintaqani beqarorlashtirmoqda, deydi rasmiylar.

* Putin har ikki hududga qo'shin safarbar etishni buyurgan. Vashington xulosa qilishicha, Rossiya Ukrainani bosib olishga bel bog'lagan.

* 21-fevral kuni Kremldagi ish stolidan xalqqa murojaat qilgan Putin Yevropadagi tarixiy chegaralar va SSSR bo'linishi haqida o'z fikr-qarashlarini bayon etib, Ukrainani Rossiyaning azaliy parchasi deb atagan.

* G'arb Rossiyadan Ukraina chegarasidan qariyb 150 ming harbiylarini, shuningdek, qurol-aslahasini olib ketishni talab qilmoqda. Rossiya esa NATOdan Ukraina va umuman sobiq ittifoqdan biror davlatni a'zo sifatida qabul qilmaslikni talab qilmoqda.

* Kremlga ko'ra, NATO sharq tomon aslo kengaymasligi shart. Sharqiy va Markaziy Yevropada, ya'ni Rossiyaga yaqin biror bir hududda harbiy alyans mudofaa tizimlari joylashmasligi kerak. 30 a'zolik NATO bu shartlardan birortasini qabul qilmasligini ta'kidlamoqda, ammo o'zaro manfaatlardan kelib chiqib, Kreml bilan muzokara qilishga tayyor. O'zaro manfaat - tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, deydi diplomatlar.

(AP, AFP, Reuters xabarlariga ham tayanildi)

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG