Breaking News

AQSh va NATO Rossiya qo'shinlarini chegaradan olayotganiga ishonmaydi


Rossiya-Belarus qo'shma harbiy mashg'ulotlari
Rossiya-Belarus qo'shma harbiy mashg'ulotlari

NATO Rossiyani Ukrainaga qarshi hujumga tayyorgarlikda ayblar ekan, alyansga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari Bryusselda uchrashib, keyingi qadamlarini muhokama qilishdi.

Xalqaro hayot - 17-fevral, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:05 0:00

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg diplomatik yo’ldan borishga tayyor ekanini bildirayotgan Rossiyani so’zlarini amalda isbotlashga chaqirdi.

“Ehtiyotkor optimizmga asos bor. Biroq deeskalatsiyaga hech qanday ishora ko’rmayapmiz”, - deydi u.

Oq uyga ko’ra, Ukraina chegarasida 150 mingdan ortiq qo’shin turibdi. Moskva harbiy mashqlardan so’ng ayrim askarlar va harbiy texnika qismlariga qaytarilayotganini ma’lum qildi. Biroq Stoltenberg bunga ishonmaydi.

“Qo’shinlar ko’payganiga guvohmiz, yana qo’shilishda davom etyapti”, - deydi u.

AQSh va NATO ham sharqdagi ittifoqchilari harbiy salohiyatini oshirmoqda, qurol va harbiylarni yubormoqda.

AQSh Prezidenti Jo Bayden urush ehtimoli hali ham mavjudligini aytadi.

"Ular qo’shinlarini chiqargani yo’q. Aksincha, qo’shimcha askar safarbar etishdi. Hujum boshlashga bahona sifatida qarshi tarafni hujumda ayblashmoqchi. Ular Ukrainaga kirishga, hujum qilishga tayyor ekaniga ishoralarni ko’ryapmiz”, - dedi Bayden.

Bryusselda hamkasblari bilan uchrashgan AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham shunday fikrda.

"Rus qo’shinlari chegaraga yaqinlashayotganini ko’ryapmiz. Jangovar va yordamchi samolyotlarini ko’p uchirishmoqda, Qora dengizda tayyorgarligini charxlashyapti, hatto qon zaxiralari to’plashayotganiga guvohmiz. O’zim ham yaqin o’tmishda askar bo’lganman va bilamanki, bunday ishlar sababsiz bo’lmaydi, ayniqsa mashg’ulotlardan so’ng qo’shinlarini kazarmalarga qaytarishmoqchi bo’lishsa”, - dedi vazir.

AQSh Senatidagi qonunchilar Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi uchun jazolovchi sanksiyalar paketini qabul qilishda to’sqinlikka uchragan.

"Sanksiyalarga doir qonun loyihasi fundamental bir farq yuzasidan turib qoldi. Demokratlar sanksiyalarni bosqindan so’ng kiritmoqchi, respublikachilar esa darhol”, - deydi demokrat senator Tim Keyn.

Tramp ma’muriyatida milliy razvedka xizmatini boshqargan Richard Grenellning aytishicha, AQShning sanksiyalarga yondashuviga yevropalik ittifoqchilar pand bermoqda.

“Jo Bayden va Bayden ma’muriyati bu masalada yevropaliklar bilan birgalikda ish tutishga qaror qilgan, ammo Germaniya choralarimizni yumashtmoqda”, - deydi sobiq rasmiy.

Kongressdagi ko’p respublikachilar Putinni to’xtatish uchun imkoniyat boy berilganini aytadi.

"Nazarimda, ancha kech qoldik. Menimcha, Putin Ukrainani bosib olsa, nafaqat Rossiya xalqi uchun, balki Putinga dastak bo’layotgan odamlar uchun ham oqibatlari yomon bo’lishini tushuntirib qo’yishimiz kerak”, - deydi respublikachi senator Mayk Raunds.

Muxolifat Prezident Baydenni inqirozga o’ta sust munosabat bildirayotganlikda ayblayapti. Qonunchilar muhokama qilayotgan sanksiyalar paketida Rossiyaning xalqaro bank tizimi bilan aloqasini cheklash, Germaniyaga uzatilgan “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri loyihasini to’xtatish, Ukrainaga harbiy yordamni oshirish ko’zda tutilgan.

“Putinga sanksiyalar masalasida partiyaviy tomondan bir ekanimizni, qat’iyatli va jiddiyligimizni ko’rsatishimiz kerak. Putin buni tushunayotgan ko’rinadi va ish berayotgan strategiyadan voz kechmasligimiz kerak”, - deydi demokrat senator Richard Blumental.

Har ikki partiya vakillari Prezident Baydenning seshanba kuni Ukraina bo’yicha qilgan murojaatini olqishladi.

"Prezident Bayden tashabbusni qo’lga oladi degan umiddaman. Mojaro yuzaga kelgan taqdirda Rossiyaga qattiq sanksiyalar qo’yishda prezident mavjud ijroiya vakolatini ishga solishiga har ikki partiya qonunchilari yordam berishga tayyor”, - dedi Senatda ozchilik sardori Mitch Makkonel.

Joriy oyda AQSh Senati yana ikki marta yig’ilishi kutilmoqda, zarurat tug’ilsa, ayrim choralar prezident farmonlari orqali qabul qilinishi mumkin.

AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris Myunxenda har yili bo’ladigan xalqaro xavfsizlik forumida qatnashish uchun Germaniyaga jo’nab ketdi. Forumda ossiya-Ukraina chegarasidagi vaziyat muhokama etiladi. Kreml Myunxendagi bu yilgi tadbirga vakillarini yubormasligini ma’lum qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG