AQSh razvedka idoralari mamlakatda keng auditoriyaga ega moliyaviy axborot manbaini Kreml propagandasini tarqatganlikda ayblamoqda. Amerikada kamida besh media tashkilot rus josuslari ta'sirida faoliyat yuritganlikda gumon qilinmoqda.
"Zero Hedge", konservativ yondashuvi bilan tanilgan sayt, "Twitter" tarmog'ida 1,2 million kuzatuvchiga ega. Bu platforma, deydi rasmiylar, Moskvaga aloqador manbalarning materiallarini nashr etgan, ularni keyin boshqalar ham tarqatgan.
"Zero Hedge" bu ishni bilib turib qilgani tasdiqlanmagan. Rasmiylar sayt va Rossiya hukumati orasida bevosita aloqa bo'lganini da'vo qilmaydi.
Sayt razvedka idoralarining ayblovi asossiz deya, uning maqolalarida turli taraflarning qarashlari va serqirra pozitsiyalar aks etishini bildirgan.
"Zero Hedge" bayonotiga ko'ra, platforma hech qachon Rossiya hukumati yoki uning biror maxfiy agentligi bilan ishlamagan yoki hamkorlik qilmagan.
Tahlilchilar nazarida Bayden ma'muriyati oxirgi oylarda Rossiya harakatlari haqida razvedka xizmatlari aniqlagan muhim ma'lumotlarni ataylab keng ommaga oshkor etib, shu tariqa Kreml siyosatiga ta'sir qilishga harakat qilmoqda.
Rossiya rahbari Vladimir Putinning yashirin ishlarini ochib tashlash bilan Oq uy unga zarba bermoqchi, deydi siyosatdonlar, ammo effekti sezilmayapti.
Amerika hukumatiga o'tmishda razvedkaga ishonib qilgan xatolari xususida eslatadiganlar anchagina. Iroq, Afg'oniston, Liviya va Suriyaga nisbatan qarorlar ish bermaganidan saboq olish zarur, deydi bu tanqidchilar.
"Zero Hedge" Prezident Baydenni keskin qoralovchi, uning oilasini korrupsiyada ayblovchi materiallari sabab muxolifatni ham o'ziga qaratgan.
Aslida bozor va moliya sektorini yorituvchi bu vosita siyosiy jarayonlar tahliliga ham salmoqli joy va vaqt ajratadi.
Platformaga ko'ra, liberal media Amerika xalqini laqillatishga o'rgangan. Liberal media ham o'z o'rnida "Zero Hedge" singari konservativ vositalarni yolg'onda ayblaydi.
Sayt boshqaruvining qayd etishicha, u axborot berishda hech kimga bo'ysunmaydi va hech kimdan buyruq yoki buyurtma olmaydi.
"Zero Hedge" oxirgi paytlarda Amerika hukumati Ukraina borasida vahima qilib, Rossiya askarlari bu mamlakat chegarasida urushga tayyorlanib turibdi, degan mish-mish yoyayotganlikda tanqid qilib, ketma-ket materiallar bergan.
Sharhlarning ayrimlari Strategik madaniy fond degan tashkilot ekspertlari tomonidan yozilgan.
Bu fond o'tgan yili sanksiyaga uchragan, chunki Amerika hukumati uni 2020-yilgi prezident saylovlariga aralashganlikda ayblagan. Oq uyga ko'ra, bu tashkilot Rossiya razvedkasi iznida. "Zero Hedge" Strategik madaniy fond bilan hamkor emasligini bildiradi.
Mutaxassislar dezinformatsiya Kremlning azaliy quroli ekaniga ishora qilib, uning propagandasi tahliliy material sifatida fond orqali informatsion saytlarga yetib borganini taxmin qiladi. Rasmiylar deydiki, "Zero Hedge" bunday qarmoqqa tushgan yagona platforma emas.
Qator saytlar tekshiruv ostida. Rossiyaning maqsadlaridan biri, deydi ular, Amerikadagi rus va ukrain ommasi diqqatini tortib, ularni AQSh hukumatiga qarshi qayrash.
Rasmiylar tekshiruvlarni hali tushuntirmagan, ammo AQShda asoslangan "NewsFront", "PolitNavigator","Odna Rodina" va "Fondsk" saytlari Rossiya josuslari ta'sirida ishlagani gumon qilinadi.
Dezinformatsiya jarayonini o'rgangan Bret Shafer deydiki, razvedka xizmatlari odatda auditoriyasi oz saytlardan qo'llanadi. Yuqorida qayd etilgan platformalar shular qatorida.
"Propaganda uchun mana shunday uncha tanilmagan saytlar tanlanadi," - deydi ekspert.
Maxsus materiallar e'tiborni jalb etib, bu vositalarning nufuzi oshadi yoki ularda chiqqan maqolalar boshqa yirik platformalarga o'ta boshlaydi. Mualliflar asl ism-sharifini ishlatmaydi, taxalluslar ostida yozadi.
"Zero Hedge" pandemiya paytida konspiratsion nazariyalarni olg'a surganlikda, "koronavirus Xitoyning bioquroli" degan g'oyalarni tarqatganlikda tanqidga uchragan. Kasallikka qarshi ilmiy jihatdan tasdiqlanmagan choralar xususida ham materiallar tarqatgan.
"Twitter" 2020-yilda "Zero Hedge" saytini asossiz kontentda ayblab, bir necha oyga man etgan.
Shafer fikricha, hukumatning manbani bunday qoralab chiqishi uning auditoriyasini kamaytirmasligi mumkin.
“Mening nazarimda "Zero Hedge" muxlislari shundoq ham Amerika hukumatiga ishonmaydi. Bu e'lon manbaga nisbatan quvvatlovni ozaytirishi qiyin", - deydi ekspert.
Facebook Forum