Parijda asoslangan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti xayriyadan tushgan mablag' evaziga dunyo bo'ylab matbuot va so'z erkinligini himoya qiladi, jurnalistlar manfaatlari uchun kurashadi. Har yili shu paytda global tahlilnoma chiqarib, mamlakatma-mamlakat vaziyatni ochib beradi. Matbuot erkinligi indeksi taqdim etiladi. Bu yilgisida 180 davlatdagi ahvol o'rganilgan. Ularning 73 foizida, deyiladi hisobotda, jurnalistika, dezinformatsiyaga qarshi asosiy vaksina, to'siqlar bilan yuzma-yuz.
Axborotni o'z vaqtida olish, uni xolis tarzda ommaga havola etish, manbalar bilan gaplashish, zarur hududlarga bora olish - bu jarayonlar koronavirus pandemiyasi hukmron yilda yanada qiyinlashgan. Hukumatlar cheklovlar qo'ygan, barcha sektorlar OAVdan uzoqlashgan, jamoatchilik bilan erkin muloqot qilish yo'lida yangi to'siqlar paydo bo'lgan.
Pandemiya tugashi bilan vaziyat yaxshilanadimi? Osiyo, Yaqin Sharq va hatto Yevropa mamlakatlarida ham jurnalistlar o'z faoliyati kun sayin og'irlashayotganidan nolimoqda.
OAVga ishonch misli ko'rilmagan darajada pasayib ketgan. 28 davlatda olib borilgan ommaviy so'rovlarda odamlarning 59 foizi jurnalistlarni yolg'onchilikda ayblagan.
"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti tahlilicha, jahon bo'ylab matbuotda xilma-xillik, qiziquvchanlik, masalalarga chuqurroq yondashish, faktlar yig'ish, manbalarni savolga tutish va umumiy analiz ozaygan va sayozlashgan.
Yuzaki axborot berish odamlarni mish-mishlar, asossiz gaplarga ishonishga yetaklaydi va jamoatchilikni ogoh qilish o'rniga adashtiradi, deyiladi hisobotda.
“Jurnalistika dezinformatsiyaga qarshi eng zo'r vaksina", - deydi "Chegara bilmas muxbirlar" Kristof Deloar.
“Afsuski, axborot to'plash va tarqatishga siyosiy, iqtisodiy, texnologik va hatto madaniy to'siqlar qo'yiladi. Dezinformatsiya esa chegara bilmaydi, raqamli texnologiya va ijtimoiy tarmoqlar orqali har yoqda namoyon bo'ladi. Jurnalistika unga nisbatan eng samarali vosita, chunki u xilma-xil faktlarni e'tibor markaziga olib chiqib, jamoatchilikni dolzarb masalalarni keng va chuqur muhokama qilishga undaydi."
Venesuela, Braziliya, Zimbabve va Misrda davlat rahbarlari koronavirus haqida ma'lumotda berishda ommani ataylab egri yo'lga yetaklagan va o'z yolg'onlarida jurnalistlarni ayblagan. OAV ishonchli axborot berishga intilganida yo'llar bloklangan.
Dunyoda matbuoti eng erkin davlatlar: Norvegiya, Finlandiya, Shvetsiya va Daniya. Ular orasida turgan Germaniya 2020-yillarda jurnalistlarga xurujlar bois 13-o'ringa tushib ketgan.
AQSh indeksda 44-o'rinni egallaydi. "Chegara bilmas muxbirlar" Donald Tramp prezidentligi davrida tushib ketgan nufuz Jo Bayden rahbarlikka kelishi bilan tiklanishidan umidvor. Bayden nafaqat o'z davlatida, balki dunyo bo'ylab matbuot erkinligini targ'ib qiladi, deya taxmin qilmoqda tashkilot.
Braziliya, Meksika va Rossiya ham indeksdagi o'rni yanada pasaygan.
Xitoy 180 davlat ichida 177-o'rinda. Internet senzurasi, zimdan kuzatuv va davlat propagandasi keskin tarzda faollashgan mamlakat, deyiladi hisobotda.
Turkmaniston, Shimoliy Koreya va Eritreya esa oxirgi uchun o'rinda. Ularda axborot ustidan mutlaq nazorat hukmron. Ular - koronavirus borasida ma'liumotlar yashirgan, jurnalistlar panjara ortiga tashlangan, qiynoqlarga solingan va erkin informatsiya izlagan inson jazolanadigan jamiyatlar.
Malayziya, Salvador, Burundi, Mali singari davlatlarda erkinlik darajasi oldingidan ham quyiga yo'nalgan.
Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qirg'ziston, Qozog'iston, Moldova, Tojikiston va Ukrainada jurnalistlarga hujumlar, ularni asossiz hibsga olish, do'pposlash va qo'rqitish hollari ko'p kuzatilgan.
Turkiya va Rossiyada o'tgan ikki o'nyilikda OAV qanchalik ezilgan bo'lsa, bu davlatga yaqin mamlakatlarda ham ahvol shunchalik og'irlashgan.
O'zbekiston matbuot erkinligi bo'yicha indeksda 157-o'rinda. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotiga ko'ra, qamoqdan chiqqan jurnalistlar hayotini va faoliyatini qayta boshlashga qiynalmoqda. Ko'plab saytlardan bloklar olib tashlangan, ammo ayrimlari hamon ochilmaydi.
Mamlakat chet ellik jurnalistlarga eshik ochmoqda, deyiladi hisobotda, lekin "Ozodlik" radiosi O'zbek xizmati O'zbekistonda hamon ro'yxatdan o'ta olmayapti.
O'zbekistonda OAV faollashgan, jonli efirlar, muhokamalar, dolzarb masalalar yuzasidan tanqdiiy materiallar ko'paygan, ammo rahbariyatning eng yuqori o'rinlaridagi odamlarga tegilmaydi. Qolaversa, respublikada blogerlar va jurnalistlar tahdidga uchrashi va hibsga olinish hollari ham kuzatiladi. OAV ustidan nazorat, senzura va o'z-o'zini senzura qilish ham tinmagan. Oldingi rahbariyat paytida sodir etilgan adolatsizliklar muhokamaga chiqmas ekan, deya undaydi "Chegara bilmas muxbirlar", matbuot erkinligiga erishish juda qiyin bo'ladi.
Facebook Forum