Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o'zini Yaqin Sharqda tinchlikparvar, mintaqaviy rahbarlar unga murojaat qilishi mumkin bo'lgan hakam sifatida ko'rsatishga harakat qilmoqda. Ammo Ukraina haqida gap ketganda, manzara boshqacha.
Ukraina sharqida Rossiya quvvatlovchi bo'lginchi kuchlar hujumlarni kuchaytirmoqda. Turli manbalarga ko'ra, o'tayotgan haftada Mariupol port shahri atrofidagi Ukraina mudofaa pozitsiyatlari bombardimon qilingan, ukrainalik bir askar o'lgan. 15-oktabr kuni yana ikkisi snayper o'qidan halok bo'lgan edi.
Ukraina rasmiylari separatist kuchlarni 82 mm kalibrli minomyotlarni qo'llayotganlikda ham ayblamoqda. 2015-yilgi Minsk kelishuvida bunday qurollarni ishlatish taqiqlangan.
Kreml homiyligidagi guruhlar nima sababdan hujumlarga zo'r berayotgani ma'lum emas, holbuki Kiyev va Moskva Donbassdagi ikki hududga o'z-o'zini boshqarish huquqini berish bo'yicha yakuniy kelishuv ustida muzokara qilmoqda. Ammo ular Ukraina tarkibida qoladi.
Avtonomiya
Reja Donetsk va Lugansk regionlarining ayirmachilar nazorat qilayotgan hududlarida saylov o'tkazish, ularga maxsus avtonomiyalar maqomini berishni ko'zlaydi. Shart shuki, saylov Kreml ta'siridan xoli tarzda o'tishi, Ukraina Rossiya bilan chegarasini qayta nazoratga olishi kerak.
Reja Kreml tomonidan olqishlanmoqda. Putinning so'zlovchisi Dmitriy Peskovga ko'ra, Fransiya, Germaniya, Ukraina va Rossiyani o'z ichiga olgan to'rt tomonlama muzokara sanasi yaqin orada belgilanadi. Sentabr oyida Ukraina va Rossiya 35 tadan asir almashgani ham ijobiy qadam deya baholangan edi.
Biroq Ukraina rasmiylariga ko'ra, Kreml ishni paysalga solmoqda. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakili Martin Sajdik deydiki, muzokarachilar Donbassdagi shaharlardan askarlar va qurollarni olib chiqish jadvali bo'yicha kelisha olmagan. Hududda to'qnashuvlar avj olgani afsuslanarli, deydi u. Kiyev va Moskva zo'ravonlikda bir-birini ayblamoqda.
Bitim shartlari
Tinchlik rejasi shartlariga ko'ra, sulh kamida yetti kun davom etsa, qurol-aslahani olib chiqish jarayoni boshlanishi mumkin. Ayni damda Rossiya himoyasidagi kuchlar o'gir artilleriyani olib chiqish u yoqda tursin, tank va minomyotlarni frontga olib kelmoqda, deydi Ukraina diplomati Darka Olifer.
O'tgan hafta Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyani tinchlik jarayonini kechiktirishga harakat qilayotganlikda aybladi. Moskva, deydi u, Kiyevdan qo'shinlarini birinchi bo'lib olib chiqishni talab qilmoqda.
Ukraina rasmiylari va mustaqil media kuzatuvchilarga ko'ra, to'qnashuvlarning yangi to'lqini boshlanganidan tashqari, Kremlga aloqador kanallarda Ukraina davlatchiligi, rahbariyati va tilini masxara qiladigan trolling va "soxta yangiliklar" kampaniyasi muvofiqlashtirilgan holda va shiddat bilan davom etmoqda.
Rus trollari va axborot vositalarining agressiv propagandasi Zelenskiyning ishini qiyinlashtiradi. U avtonomiyaga oid tinchlik rejasini Ukraina uchun eng ma'qul yo'l deya xalqni ishontira olishi kerak. 14-oktabr kuni Kiyevda minglab ukrainaliklar millatchi partiyalar va urush faxriylariga qo'shilib, rejaga qarshi namoyish qildi. "Rossiyaga taslim bo'layapmiz", deydi ular.
Tinchlik istiqboli
Ukraina bayro'gini ko'tarib, "Millatga shon-sharaflar, yo'qolsin kapitulyatsiya" degan shiorlar bilan chiqqan namoyishchilar harbiy yodgorliklarga gulchambarlar qo'yishdi. Namoyish qatnashchilari orasida, jumladan, o'ng qanot millatchilar, liberallar va Yevropa bilan integratsiya tarafdorlari bo'lgan. Ular nazarida, muhokamadagi tinchlik rejasi Ukrainada Rossiya ta'siriga rasmiy maqom beradi, mamlakat kelajagiga raxna soladi.
Zelenskiyning maslahatchilari prezidentning xalq orasidagi reytingi yakuniy bitimni qabul qilishda yordam berishidan umidvor. Ammo so'rovlarga qaraganda, aksar ukrainaliklar bo'lginchilar nazorat qilayotgan hududlarga maxsus maqom berilishiga qarshi. Iyun oyidagi so'rovda esa aholining yarmi "Zelenskiydan otishmalarni to'xtatishini kutamiz" deb aytgan.
O'zini "tinchlik prezidenti" sifatida taqdim etayotgan Zelenskiy yaqinda 14 soatlik matbuot anjumanida urushga chek qo'yish asosiy maqsadi ekanini ta'kidladi. Biroq Ukraina AQShda prezident bilan bog'liq mashmashada bot-bot tilga olinar ekan, ayrim tahlilchilar Zelenskiyning xalqaro miqyosda mavqei tushib borayotganini, natijada Rossiya bilan raqobatda u AQSh quvvatloviga tayana olmasligini aytadi. Bu, o'z navbatida, Rossiyani muzokaralarni uzaytirishga, Ukrainaga talablarini oshirishga undashi mumkin.
Ayrim tahlilchilar Kremlning maqsadi tinchlik ekaniga boshidanoq ishonmagan. Ular Rossiyaning so'zda maqsadi bir, amalda esa boshqa ekanini, muzokara qila turib isyonchilikni gijgijlashda davom etishini aytadi. Ular nazarida, muzokaralarni Kreml shunchaki G'arb bilan o'ynashish va Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalarni bekor qilish masalasida G'arb davlatlari orasida nizo qo'zg'ash uchun qo'llamoqda.
Vashingtondagi "Atlantika Kengashi" tahlil markazi tahlilchisi Adrian Karatniki fikricha:
"Putin Ukrainada yo hukmronlik qilishni, yo uni parchalashni istaydi. Tinchlik bitimi bu maqsadlarga yetaklamaydi. Uning xalq orasidagi reytingi pasayganda, tashqi dushmanlar kerak bo'ladi. Moldova va shu kabi boshqa qaynoq nuqtalarda muammo o'nlab yildan beri hal bo'lmayotgan bir paytda, Rossiya o'ziniki deb bilgan davlat bilan tinchlik bitimi imzolashiga ko'zim yetmaydi".
Facebook Forum