Xitoydan turib tanqidiy material berayotganlar yoki tarqatgan xabari Pekinga yoqmaganlar onlayn va jismonan tahdidga uchrab, hukumat tomonidan turli yo'llar bilan jazolanadi, deydi xorijiy axborot vositalariga ishlaydigan mutaxassislar.
Amerikaning taniqli jamoat radiosi, NPR tashkilotiga ishlovchi Emili Feng Xitoy rasmiy mediasida bu mamlakatga va hukumatga qarshi harakatlarda ayblanib, shaxsan nishonga olinmoqda. Feng Xitoydan ijtimoiy-madaniy mavzudagi maqola va lavhalari bilan tanilgan.
Hozirda Germaniyada yashaydigan jurnalist Chang Ping deydiki, bunday xurujlar yaqinda paydo bo'lgan muammo emas. Xitoy azaldan shunday ish tutib kelgan.
Qishki Olimpiya o'yinlari ochilayotganini yoritayotgan golland jurnalisti Xitoy xavfsizlik xodimlari tomonidan jonli efirdan olib chiqib ketilgan.
"Xorij jurnalistlarini qoralovchi materiallarni hukumat yozadi va rasmiy matbuotga tarqatishni buyuradi. Hammasi buyruq", - deydi Chang, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
"Xitoy rahbariyati bunday usullarni samarali deb hisoblaydi. Mediani kuch bilan bostirish, uning ovozini o'chirish - Pekinning amaldagi siyosati. Bu Xitoyning xalqaro yondashuvini ham aks ettiradi".
Li Busheng taxallusi ostida ishlaydigan xitoylik jurnalist kuzatishicha, Pekin aholiga G'arbga qarshi materiallarni tinimsiz taqdim etadi.
"Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar o'zi yoqtirgan narsasani ko'radi deb o'ylaydi, aslida esa hukumat allaqachon ular uchun tanlab qo'ygan. Xitoylar internetda ko'radigani - Amerika, umuman G'arbga nisbatan salbiy nazariyani targ'ib qiluvchi maqolalar, suratlar va videolar", - deya tasvirlaydi Li.
Xitoydagi xorijiy jurnalistlar faoliyatini kuzatib, ularni himoya qiladigan tashkilotga ko'ra, koronavirus pandemiyasi paytida Pekin nazoratni yanada kuchaytirdi.
"Ko'plab jurnalistlar bosim ostida Xitoydan chiqib ketishga majbur bo'ldi. Chunki ularni qo'rqitish, tazyiqqa olish avj oldi. Shu bois hozir Xitoy asosan uzoqdan yoritilmoqda", - deya bayon qiladi tashkilot.
Xitoy hukumatiga ko'ra esa bu uyushma noqonuniy, chunki tan olinmagan.
Mamlakatga kirgan har bir jurnalist muntazam kuzatuv ostida, onlayn va internetda bo'lmagan paytda ham. Bunday muhitga tushgan muxbirlar odatda qayerga kelayotganini biladi va tayyorlanib keladi, ammo baribir ishlashga qiynaladi.
Xitoy hukumati hozirda chet ellik jurnalistlarni sudlashga ham zo'r bermoqda. Bu ishlarda manbalar, ya'ni muxbirlar bilan gaplashgan xitoyliklar ularni soxtakorlikda va yolg'onda ayblaydi. Sudga tortilgan jurnalist Xitoydan chiqib keta olmaydi.
"Amerika Ovozi" Xitoyda bu masalalar bo'yicha mutasaddilarga murojaat qilganida biror javob olmadi.
"Economist" jurnalining Pekindagi byurosi rahbari Deyvid Renni deydki, chet el jurnalistlari tadbirlarga qo'yilmaydi, viza ololmaydi yoki ro'yxatdan o'tkazilmaydi. Bularning ustiga endi hukumat fuqarolarni jurnalistlardan shikoyat qilishga undayotgani vaziyatni yanayam og'irlashtirgan.
Xitoyni tark etgan chet ellik muxbirlar endilikda Taypey, Singapur, Sidney va Londondan turib faoliyat yuritmoqda. Oldinlari Gonkong erkinroq joy hisoblanar edi, ammo oxirgi yillarda bu hududda ham media erkinlik cheklanib, jurnalistlar uchun tahdid oshdi.
AQSh, Briyaniya, Kanada, Italiya, Yaponiya va Yangi Zelandiyadan kamida 22 jurnalist Xitoyda ishlash uchun vaqtida ruxsat ololmay sarson. Avval bir yilga berilgan ruxsat hozirda 2 yoki 3 oyni qoplaydi xolos.
Turli bahonalar bilan hujjati uzaytirilmayotgan muxbirlarini Xitoydan chaqirib olayotgan tashkilotlar qanchalik shikoyat qilmasin, Pekin pozitsiyasi o'zgarmayapti. Xitoydek yirik mamlakatni ichkaridan yoritish, u yerdan xolis va ishonchli ma'lumot olish tobora kamayib bormoqda.
"Xitoy shu ahvoli bilan dunyo sahnasida hukmron qilayotganini da'vo qiladi. Liderlik qilayapmiz, deydi Shi Zinpin. Mediaga hujumlar, uning nazarida, samara bermoqda, chunki xalqaro hamjamiyat bunga nisbatan hech narsa qila olmayapti", - deydi Chang.
Hukumat Xitoy haqida har qanday ma'lumotni, hatto u eng oddiy mavzularda bo'lsa-da, tanqidiy bo'lmasligini ta'minlashga harakat qiladi.
NPR muxbiri Emili Feng, masalan, ko'chada sotiladigan lag'monlar haqida yozgan. Ovqatning hidi va ko'rinishi haqida chiqqan bu material internetda keng yoyilgach, odamlarning salbiy fikrlarini hazm qila olmagan mutasaddilar jurnalistni qoralashga berilgan.
Xitoy bo'ylab sayohat qilib, iqtisodiy vaziyatni, qashshoqlik darajasi va ishlab chiqarish bilan bog'liq muammolarga e'tibor qaratgan Feng rasmiy matbuot tomonidan mamlakat xalqini hurmatsizlaganlikda, davlatga qarshi ig'voda ayblanib, propaganda materiallar chiqarilgan.
Xitoy hayotining eng g'aroyib va o'ziga xos jihatlarini, shuningdek, bu xalq dardini yillardan beri dunyoga olib chiqqan jurnalist shu tariqa hamon la'natlar ostida.
Facebook Forum