Breaking News

Xitoy AQShda propaganda uchun o'nlab million dollar sarflamoqda


Xitoy AQShda televideniye va boshqa OAV vositalari orqali propaganda faoliyati uchun o’nlab million dollar mablag’ sarflamoqda. Bu ma’lumot Xorij agentlarini registratsiya qilish qonuni doirasida topshirilgan hujjatlarda aks etgan.

Davlatga qarashli Xitoy global teletarmog’i (CGTN) o’tgan yili AQShdagi faoliyati uchun 50 million dollardan ortiq mablag’ sarflagan. Bu Xitoyning o’zida shu kompaniya ishlatgan jami xarajatlarning 80 foizga yaqinini tashkil qiladi. 2012-yildan beri AQShda ish olib borayotgan telekanal Xorij agentlarini registratsiya qilish qonuni talabi asosida shu yil ilk bor to’liq bir yil uchun sarf-xarajatlarini e’lon qildi. O’tgan yili to’liq bo’lmagan yil uchun xarajatlari miqdori 43 million dollarni tashkil etgan edi.

Xitoy 2020-yil propaganda va lobbi maqsadlari uchun jami qariyb 64 million dollar sarflagan.

AQShda uzatilgan televizion efirlar uchun eng ko’p pul ajratgan davlatlar ro’yxatida Xitoy peshqadam. Ikkinchi o’rinda qariyb 50 million sarflagan Qatar, uchinchi o’rinda esa 42 million dollar bilan Rossiya turibdi.

Pekin xalqaro maydondagi nufuzini yaxshilashga zo’r berar ekan, propaganda uchun ajratiladigan mablag’lar miqdori ham oshib bormoqda.

2020-yilda, shuningdek, hukumatga qarashli “China Daily” nashri AQShda uch million dollar mablag’ sarflagan. Bu raqam 2019-yil 10 million dollardan ortiq edi. Xarajatlarning asosiy qismi bevosita AQShdagi amaliyotlar uchun bo’lsa-da, AQSh jamoatchiligi fikriga ta’sir o’tkazish uchun Amerikaning yirik gazetalariga reklamalar berish uchun ham ko’p pul sarflanadi.

Xitoy Amerikada propaganda faoliyati bilan shug’ullanayotgani haqidagi da’volarni inkor etadi.

1938-yilda qabul qilingan Xorij agentlarini registratsiya qilish qonuni talabiga ko’ra, AQShda lobbichilik yoki boshqa ta’sir o’tkazish ishlari bilan shug’ullanuvchi barcha xorijiy hukumatlar hamda tashkilotlar o’z faoliyati haqida Adliya vazirligiga hisobot berib turishi kerak. Ommaviy axborot vositalari, agar ular ulushining kamida 80 foizi AQSh fuqarolariga tegishli bo’lsa, bu majburiyatdan ozod qilinadi.

Adliya vazirligi 2018-yil CGTN va Sinxua axborot agentligidan xorij vakili sifatida ro’yxatdan o’tishni talab qilgan edi. CGTN 2019-yil shu talab asosida ro’yxatdan o’tdi; Sinxua esa bu talabni o’tgan hafta bajardi.

So’nggi yillarda Adliya vazirligi AQSh tashqi siyosatiga ta’sir o’tkazishga urinayotgan xorijiy OAVlarga nisbatan qonun asosida ro’yxatdan o’tish talabini kuchaytirmoqda. Tramp ma’muriyati davrida Rossiyaning “RT” va “Sputnik” kanallari ham shu asosda ro’yxatga olingan edi.

O’tgan yili Vashington va Pekin o’rtasida ziddiyatlar kuchayishi ortidan Davlat departamenti CGTN va Xitoyning yana boshqa to’rt ommaviy axborot vositasini elchixonalar kabi bir xil hisobot topshirishi talab qilinadigan “xoirijiy missiya” sifatida e’lon qildi.

Jorjiya davlat universiteti professori Mariya Repnikovaning aytishicha, AQSh va Xitoy o’rtasida ziddiyat kuchayganiga qaramay, Xitoyning AQSh aholisiga ta’sir o’tkazish uchun sarflaydigan mablag’i miqdori ko’paygan.

“Bu Xitoy hukumati AQShdagi aholi qarashlarini o’zgartirishdan, aloqalarni yaxshilash yoki ziddiyatlarni kamaytirishdan hanuz manfaatdor ekanini bildiradi”, - deydi u.

Xitoy AQShda sarflagan 64 million dollarning qariyb 10 millioni nodavlat tashkilotlar hissasiga to’g’ri keladi. “Huawei” kompaniyasi lobbichilik ishlariga 3,5 million dollarga yaqin pul sarflagan. O’tgan yili Adliya vazirligi “Huawei” kompaniyasini savdo sirlarini o’g’irlashda hamda Eronga qo’yilgan sanksiyalarni buzishda ayblagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG