Ga’rb davlatlari Rossiya Ukrainani bosib olishga yaqin deya bong urar ekan, o’rtaga tashlanayotgan savollardan biri shuki, Sharqiy Yevropada qurolli mojaro Yevropa Ittifoqi davlatlarining energiya ta’minotiga qanday ta’sir qiladi?
Ittifoq elektr energiyasi ishlab chiqarish, aholi va korxonalarni energiya bilan ta’minlashda so’nggi yillarda Rossiya gaziga tobora ko’proq tayanmoqda.
AQSh Energetika ma’lumotlari boshqarmasiga ko’ra, Yevropa Ittifoqi va Britaniya 2020-yilda iste’mol qilgan tabiiy gazning 80 foizdan ziyodini import qilgan. Bu 10 yil oldingiga qaraganda 65 foizga ko’proq.
Yevropa Ittifoqi import qiladigan gazning taxminan 74 foizini quvurlar orqali oladi. Qolgani suyuq shaklda, maxsus yuk kemalarida keladi. Ittifoq davlatlariga yoqilg’ining 35 foizini Rossiya bir qancha quruvlar orqali yetkazadi, ularning ko’pi Ukraina hududi orqali o’tgan.
Aytish joiz, tabiiy gaz ta’minotida jiddiy uzilish bu sektordan kattagina daromad oluvchi Rossiyaga ham moliyaviy zarba bo’ladi, deydi Suyultirilgan gaz markazi nomli uyushma ijrochi direktori Charli Ridl.
“[Urushning] Rossiyaning gaz biznesi uchun uzoq muddatli oqibatlari bor, Putin buni yaxshi biladi deb o’ylayman. Rossiyada ishlab chiqariladigan gazning katta qismi Yevropaga sotiladi. Bozordagi bu ulushdan ayrilish, shuningdek, keng qamrovli sanksiyalar Rossiyani qiyin ahvolga soladi”, - deydi u.
Uzilishlar
Agar Rossiya Ukrainaga qo’shin kiritsa, to’qnashuvlar natijasida tabiiy gaz ta’minotida uzilish ro’y berishi mumkin, xususan Ukrainadan o’tadigan quvurlar orqali gaz oluvchi Slovakiya, Avstriya va Italiyada.
Qo’shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Rossiya xalqaro sanksiyalar bilan yuzlashishi haqida ogohlantirmoqda. Agar bu sanksiyalar Rossiya gazini xarid qilmaslik talabini ham o’z ichiga olsa yoki Moksva o’zi oqimni to’xtatsa, Yevropada gaz taqchilligi yuzaga kelishi mumkin.
Energiya inqirozi Yevropani gazni muqobil manbalardan izlashga majburlaydi. Hozirda Norvegiya mavjud quvurlar orqali qit’a shimoliga katta miqdorda gaz yo’naltirmoqda. Biroq bu davlat rasmiylarining aytishicha, tizim to’liq quvvatda ishlamoqda. Britaniya va Daniyadan gaz oqimi ham yetishmovchilikni qoplay olmaydi.
Yevropaga gaz yetkazayotgan yana bir manba Ozarbayjondan Turkiya orqali gaz olib o’tuvchi Trans-Anadolu quvuridir. Shuningdek, Shimoliy Afrikadagi quvurlar tarmog’i Ispaniya va Italiyaga bog’langan.
Rossiya gazini Boltiq dengizi ostidan o’tib, to’g’ridan-to’g’ri Germaniyaga yetkazuvchi “Shimoliy oqim-2” loyihasi hali ishga tushgani yo’q. Jo Baydenning ta’kidlashicha, agar Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, AQSh bu yangi quvurni bloklash uchun barcha chorani ko’radi.
Real variant
“Afsuski, Yevropa oldida yaxshi variantlar ko’p emas”, - deydi AQSh Neft instituti vitse-prezidenti Dastin Meyer.
Yagona real variant - Yevropa import qiladigan suyultirilgan gaz miqdorini oshirish. O’rta dengiz, Shimoliy Atlantika, Shimoliy va Boltiq dengizlari sohillarida Yevropa ko’plab suyultirilgan gaz importi terminallariga ega.
Lekin, deydi Meyer, bu terminallarning aksariyati ilk bor to’liq quvvatda ishlab turibdi.
“Import salohiyati kattagina bo’lsa-da, mavjud infratuzilma bilan Yevropa hozir Rossiyadan butunlay yuz o’girib, faqatgina suyultirilgan gaz importiga tayana olmaydi”, - deydi u.
Infratuzilma
Ekspertlarga ko’ra, Rossiya gazidan uzilish ehtimoli Yevropa hukumatlarini AQSh va boshqa davlatlardan ko’proq suyultirilgan gaz import qilish yo’llarini izlashga majburlaydi, biroq infratuzilmani yaratish uchun vaqt kerak.
Charli Ridlning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, hozirda suyultirilgan gaz tashuvchi kemalarning katta qismi Yevropa tomon suzayotgan bo’lsa ham, mahsulot yetarli emas. Rossiya ta’minotni to’xtatsa, taqchillik yuzaga keladi.
Bu tez orada hal bo’ladigan muammo ham emas. AQSh va boshqa davlatlar eksport salohiyatini oshirgan taqdirda ham, deydi Ridl, Yevropa mahsulotni qabul qilib olishi uchun zarur infratuzilmani qurishi vaqt talab qiladi.
“Deylik, qurilish bugun boshlansa, 5-7 yil vaqt kerak”, - deydi suhbatdosh.
Facebook Forum