Breaking News

Bayden: Rossiya Ukrainaga kirsa, Yevropa tomon gaz quvuridan ayriladi


Prezident Jo Bayden 7-fevral kuni Oq uyda Germaniyaning yangi rahbari Olaf Sholts bilan uchrashar ekan, Kremlni ogohlantirdi: Agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, AQSh uning Yevropa tomon gaz quvuriga to'siq qo'yadi. "Nord Stream 2" (Shimoliy oqim 2) deb nomlangan yo'nalish Boltiq dengizi orqali Germaniyaga Rossiyadan tabiiy gaz olib boradi. Quvur yaqinda bitgan, hali ishga tushmagan.

Germaniya kansleri Vashingtonda ekan, NATOning yana bir kuchli a'zosi Fransiyaning rahbari Moskvaga bordi. Ammo Emmanueal Makron va Rossiya rahbari Vladimir Putin orasidagi muloqotda ko'p narsa kutilmayapti. Makron endi Kiyevda Ukraina rahbariyati bilan gaplashadi.

“Biz bunga qodirmiz", - deydi Bayden jurnalistlarning Amerika quvurga qanday qilib to'siq qo'yishi mumkinligi haqidagi savoliga.

Sholts deydiki, Germaniya bu boradagi qarorni AQSh va ittifoqdoshlari bilan kelishib qiladi.

Berlin oldindan tafsilotlarni bayon etmayapti. Biroq Rossiya Ukraina hududiga kirsa, qanday choralar ko'rilishi belgilangan, deydi Sholts.

"Nord Stream 2" (Shimoliy oqim 2) loyihasi banneri, Chelyabinsk, Rossiya
"Nord Stream 2" (Shimoliy oqim 2) loyihasi banneri, Chelyabinsk, Rossiya

Rossiya "Shimoliy oqim 2" quvuriga ulkan umidlar bog'lagan. Sanksiyalar sabab iqtisodi cho'kkan davlat Yevropaga yangi yo'l orqali energiya sotishni tarixiy bir imkoniyat deb biladi.

Oq uy nazarida urush har on boshlanishi mumkin, chunki Rossiya Ukrainani bosib olish ahdida qat'iy.

Prezident Bayden Ukrainadagi amerikaliklarni vatanga qaytishga undamoqda. Davlat departamenti allaqachon bu borada harakatni boshlagan, o'ta zarur vazifalarda bo'lmagan xodimlari Kiyevdan olib chiqilmoqda.

Sholts va Bayden yaqindan ishlayotganini aytsa-da, Vashington va Berlin Ukrainaga farqlicha yondashmoqda.

Har ikki davlatga ko'ra, NATO kimni o'z safiga qo'shishni Rossiya talablarisiz hal qiladi. AQSh Kiyevga bevosita harbiy yordam bermoqda, Germaniya esa qurol uzatmaydi. Berlin mojaro zonasiga bunday madad bermaydi, ammo boshqa jihatdan ko'makka hozir.

“Biz eng yaqin ittifoqchilarmiz va juda yaqindan hamkorlik qilamiz. Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasiga qarshi birgalikda chora ko'ramiz", - deydi Sholts.

Makron bilan uchrashuvdan keyin Putin murosa yo'llari hamon izlanayotganini aytgan.

Rossiya prezidenti deydiki, Yevropada urush chiqishidan hech kim naf ko'rmaydi.

Makron Moskvadagi muloqot ijobiy harakatlar uchun ilk qadam degan fikrda. Urushning oldini olish uchun avvalo o'zaro ishonch lozim, deydi Fransiya rahbari. Barqarorlik birlamch zarurat, deydi u, va har tomon tinchlikni ta'minlash uchun imkon qadar hissa qo'shishi kerak.

Putin va Makron bu hafta yana gaplashishga kelishib olgan.

Rossiya Belarus bilan hamkorlikda Ukraina sharqiy chegaralarida 100 mingdan oshiq qo'shinini shay holatda ushlab turibdi.

Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi Kremlni qo'shinlar sonini kun sayin ko'paytirayotganlikda aybladi. Putin harbiy jihatdan imkoniyatlarni kengaytirish payida, deydi Kirbi.

Oq uyda Milliy xavfsizlik masalalari bo'yicha maslahatchi Jeyk Sallivan ta'kidlashicha, Kreml urushga allaqachon bel bog'lagan, diplomatik uchrashuvlarni xo'jako'rsinga qlmoqda.

AQSh razvedkasi taxminicha, Moskva Ukrainaha hujum uchun harbiy jihatdan 70 foiz tayyor.

Bayden Amerika kuchlarini Ukrainaga safarbar etmoqchi emas. Shu kunlarda 300o askar Ruminiya va Polshaga yuborilgan. Vashington Kiyevga 500 million dollarlik harbiy yordam ko'rsatgan.

(AP, AFP, Reuters agentliklariga ham tayanildi)

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG