Breaking News

Rossiya-Ukraina sammiti Turkiyada o’tishi mumkin


Ukraina va Turkiya rahbarlari, Kiyev, 3-fevral, 2022
Ukraina va Turkiya rahbarlari, Kiyev, 3-fevral, 2022

Prezident Toyib Erdog’anning Kiyevga safari davomida Turkiya harbiy sanoatining ancha tanilgan texnikasi, “Bayroqdor” harbiy dronlarini Ukrainada ishlab chiqarish bo’yicha shartnomaga kelishilgan.

Ozarbayjon-Armaniston o’rtasidagi qisqa urush davomida o’z samarasini ko’rsatgan bu dronlar avvalroq Ukraina armiyasida ham sinovdan o’tkazilgan va bu Rossiyaning e’tirozlariga sabab bo’lgan edi.

Erdog’an Ukrainaga mintaqadagi vaziyat, Rossiya bilan munosabatlari o’ta keskinlashgan, urush ehtimoli yuqori bo'lgan paytda safar qildi.

Turkiya prezidenti fikricha, bu hadiklar bo’rttirilgan, Rossiya Ukrainaga hujum qilmaydi. Erdog'an tomonlarni muzokaraga chorlab, Rossiya-Ukraina sammitini Turkiyada o’tkazishni taklif qilgan.

Qrim-tatar faollariga ko’ra, ikki o’rtadagi diplomatik aloqalarning 30 yilligiga bag’ishlangan bu tashrif Ukraina-Rossiya ziddiyati urushga aylangan taqdirda Turkiyaning mavqei qanday bo’lishini ham ko’rsatgan.

Kiyevdagi Qrim-tatar resurs markazi rahbari, Milliy Majlis a’zosi Iskandar Bariyevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Erdog’an Turkiya NATO a’zosi sifatida ham ittifoqchilarga yordam berish majburiyatida ekanligini ochiq aytgan.

“Toyib Erdog’an Kiyevda Turkiya xalqaro me’yorlarga muvofiq Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo’llab quvvatlashda davom etishini, Qrimning tub aholisi bo’lgan qirim-tatarlar bilan bog’liq vaziyatdan xavotirda ekanligini aytdi. Bu tashrif, ayniqsa uning bugungi vaziyatda amalga oshayotgani Ukraina-Turkiya o’rtasidagi munosabatlarni belgilaydi. Turkiya prezidenti agar ziddiyat urushga aylangan taqdirda Turkiya NATO a’zosi sifatida o’z ittifoqchilarini himoya qilish majburiyatida ekanligini alohida ta’kidladi”, - deydi Bariyev.

Erdog’an va Vladimir Zelenskiy o’rtasidagi muzokaralar ortidan tomonlar qator bitimlar imzolagan.

Bariyev deydiki, “Bayroqdor”larni Ukrainada ishlab chiqishga doir kelishuv haqiqatda muhim, ayniqsa Ukraina Rossiya tahdidi ostida ekani hisobga olinsa.

“Zarba berishga, razvedkaga ixtisoslashgan uchuvchisiz boshqariladigan bu uchoqlar o’ta samarali harbiy texnika sifatida e’tirof etildi. Buni Ozarbayjon-Armaniston o’rtasidagi urush ham isbotlab berdi, Ozarbayjon tomoni muvaffaqiyati ko’p tomondan shu harbiy uchoqlarga ham bog’liq ko’rildi. Bu texnikani Ukrainada ishlab chiqarish avvalo uning narxini Ukraina uchun arzonlashtiradi. Qolaversa, buning uchun mamlakatda baza mavjud, jumladan samolyotsozlikka ixtisoslashgan baza. Hozir bir nechta yirik zavodlar shu harbiy texnikaning ishlab chiqarilishiga jalb qilinishi haqida gap bormoqda. Ammo tomonlarning harbiy hamkorligi faqatgina shu bilan cheklanib qolayotgani yo’q. Kadrlar, kosmik texnologiyalar sohasida ham o’zaro hamkorlik rivojlanadi”, - deydi Bariyev.

Erdog’anga ko’ra, Ukraina-Rossiya sammitiga Prezident Vladimir Zelenskiy tayyor, gap faqat Rossiya rahbari Vladimir Putinda qolgan.

“Pekin Olimpiadasidan keyin Putinning Turkiyaga safari muddatini aniqlashtiramiz. Men Putin bilan uchrashuvga alohida ahamiyat qaratyapman. Putin va Zelenskiy uchrashuvi o’tishiga, va bu butu mintaqa uchun imkoniyat berishiga umid qilaman”, - degan Erdog’an.

Bariyev tahlilicha, Turkiya tashabbusi muhim. Turkiya Qrim va Ukrainaning hududiy yaxlitligi bo’yicha o’z pozitsiyasini o’zgartirmaydi, shu bilan birga Erdog’an tomonlar muloqot qilishi uchun betaraf muhit yaratib bermoqchi.

“Bu tashabbusga Rossiya qanday munosabat bidiradi, no’malum. Ko’p narsa Putinning Turkiyaga kutilayotgan safari davomida hal etilsa kerak. Albatta, Turkiya va Rossiya o’rtasida nafaqat iqtisodiy, energetik, balki o’ziga xos harbiy hamkorliklar mavjudligini ham e’tibordan soqit qilib bo’lmaydi. Boshqa tomonda esa Turkiyaning Ukraina bo’yicha pozitsiyasi qat’iy, buning Rossiyaga yoqmasligi aniq. Turkiya Qora dengiz mintaqasidagi vaziyatdan jiddiy xavotir bildirib keladi, tashabbus aynan shu doirada ko’tarilmoqda. Turkiya bu mintaqadagi yetakchi davlat, vaziyatni izdan chiqarmaslikka, muzokaralar yo’li bilan hal etilishiga umid qilmoqda. Tashabbus istiqboli qanday bo’lishini esa yaqin vaqt ko’rsatadi”, - deb hisoblaydi Bariyev.

Putinning Turkiyaga tashrifi shu oy kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG