Breaking News

AQSh qonunchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalarda hamfikr


Ukrainaga borgan bir guruh AQSh qonunchilari
Ukrainaga borgan bir guruh AQSh qonunchilari

AQSh qonunchilari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini muhokama qilmoqda. Kongress Vladimir Putinning xavfsizlik talablarini inkor etmoqda.

Xalqaro hayot - 3-fevral, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:24 0:00

“Vaziyatning keskinlashishini, harbiy mojaroga aylanishini istamasdik. Ko’p tomonlama diplomatiya orqali hal qilinishidan umidvormiz. Nazarimda, buning imkoni bor va Prezident Bayden uning uddasidan chiqadi”, - deydi demokrat senator Kirsten Jillibrend.

“Hujumdan oldingi sanksiyalar undan keyingi sanksiyalardan samaraliroq. Ma’muriyat buni nazarda tutadi degan umiddaman”, - deydi respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonel.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar boshqa mavzularda odatda uzoq tortishadigan har ikki partiya qonunchilarini birlashtirgan ko’rinadi.

“Putinni neftni Saddam Husaynga o’xshab qora bozorda sotadigan qilib qo’yish kerak. Boshqa yo’li bo’lmasin. Chunki banklar bilan ishlay olmaydi. Nazarimda, sanksiyalarning eng qattig’i shu bo’ladi. Ukrainaga tankka qarshi, zirhga qarshi qurollar beraylik, qonuniy choralar ko’raylik. Rossiya xalqi mana shu video tasvirlarni ko’rib qo’ysin va “bizga kerakmi shu” deb so’rasin o’zidan”, - deydi respublikachi kongressmen Mark Grin.

Demokratlar eng qattiq sanksiyalarni Putin Ukrainaga hujum qilsagina kiritmoqchi.

“Agar Putin Ukrainani bosib olsa, “Shimoliy oqim-2” quvuri amalga oshmaydi, loyiha to’xtab qoladi. Bu Rossiyaga qattiq ta’sir qiladi. Har ikki partiya hamjihatligi bilan eng yirik sanksiyalarni qo’llaymiz. Hech birimiz buni istamasdik, chunki sanksiyalarning Rossiya xalqiga ham ta’sir qilishini tushunamiz. Biroq bu janob Putinning tanlovi”, - deydi demokrat kongressmen Eymi Bera.

Yaqinda Ukrainaga safar qilgan Kongress a’zolari nazarida, Amerikaning ittifoqchilari ham bu masalada hamfikr.

“Avval Bryusselda bo’lib, Yevropa Ittifoqidagi qonunchilar bilan, NATO rahbariyati bilan ko’rishdik, bu kabi agressiyaga qarshi hamjihat ekanimizni, ozodligi uchun kurashayotgan mamlakat tarafida ekanimizni ko’rdik. Bu Putin agressiyasining kutilmagan oqibati bo’ldi”, - deydi yana bir demokrat qonunchi Miki Sherril.

AQSh Mudofaa vazirligi Yevropada qo’shinlari sonini oshirishini bildirdi. Amerikadan Polsha va Germaniyaga 2000 ta harbiy safarbar etiladi. Germaniyadagi harbiy bazada xizmat qilayotgan amerikalik askarlarning 1000 nafari Ruminiyaga ko’chiriladi.

“Bir narsani aniqlab qo’ymoqchiman. Bu vaqtincha safarbarlik, hozirgi xavfsizlik muhitiga javobimiz”, - deydi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.

Yana 8000 dan ortiq harbiyga tayyor turish buyurilgan. Kirbining aytishicha, Yevropaga yana qo’shimcha askar jo’natilishi mumkin.

“Yevropa ichida harakatlanish bo’ladi yana. AQShdan ham Yevropaga qo’shin yuborish ehtimolini hisobdan chiqarganimiz yo’q”, - deydi rasmiy.

Ukrainaning o’zida ham mahalliy armiya tayyorgarligi bilan shug’ullanayotgan bir nechta amerikalik askar bor.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin shu oy NATO mudofaa vazirlari bilan uchrashishi kutilmoqda.

Erdog'an Ukrainada

So’nggi kunlarda ko’plab davlat arboblari Kiyevga qatnamoqda. Britaniya, Polsha va Niderlandiya rahbarlari ketidan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ham bugun Ukrainada bo’lib, Prezident Vladimir Zelenskiy bilan ko’rishdi.

Rossiya bilan ham iliq aloqalarga ega Erdog’an mintaqadagi taranglikni yumshatish maqsadida Zelenskiy va Putin muzokaralariga vositachilik qilishni taklif etmoqda. Zelenskiy tashabbusni olqishlagan, biroq Kreml javob bergani yo’q hali.

Anqara Garbning sanksiya siyosatiga qarshi, biroq Rossiya Ukrainani bosib olsa, NATO a’zosi sifatida ish ko’rishini bildirgan.

AQSh rasmiylari va matbuoti Rossiya hujumini muqarrar deb ta’riflashi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tanqidiga uchradi. Uning nazarida, bunday yondashuv vahima uyg’otmoqda, vahima esa Ukraina iqtisodiyotiga zarar.

Ukrainada urushga hozirlik

Zelenskiyning xavotirini inobatga olgan holda AQSh rasmiylari Rossiyaning ehtimoliy hujumini “muqarrar” deya ta’riflamaslikka qaror qildi.

Ukrainaning o’zida esa xalq vaziyatni turlicha baholamoqda.

“Putin nima qilishini hech kim bilmaydi. Eng yomon vaziyatga – Rossiya hujumiga tayyor turishimiz kerak”, - deydi nafaqaxo’r-professor Oleksandr Antonets.

Urush boshlansa, qarshilik ko’rsatishga tayyorman, deydi u.

“Granata uloqtirishni bilaman, o’rganganman. Uyimning tagida politsiya mahkamasi bor. Bosqinchilar uni birinchi bo’lib egallab oladi”, - deydi Antonets.

Qrimdan Ukrainaga qochgan bir ayolning aytishicha, urush mavzusi har bir xonadonda ko’tariladi.

“Bolalarni evakuatsiya qilib, qaytib kelaman. Kasalxonada yordam beraman. Birinchi yordam ko’rsatishni o’rganyapman. Qrimdan chiqib ketganimda ham kasalxonada yaradorlarga yordam berganman. Tajribam bor”, - deydi Nataliya Lyutikova.

Jurnalist Olena Maksimenko Ukraina sharqiga tez-tez borib turadi, maqolalar va bloglar uchun ma’lumot to’playdi.

“Qo’rqmayman. 2014-yilda Qrimda asira bo’lganman. Urush boshlansa, sanitar bo’laman. Yoki jurnalist sifatida voqealarni yoritaman”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG