AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Qo’shma Shtatlar chorshanba kuni Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari bo’yicha savollariga yozma javoblarni Moskvaga topshirgan.
“Rossiyaga jiddiy diplomatik yo’lni ko’rsatdik. Hujjatda AQSh, ittifoqchilarimiz va hamkorlarimizning Rossiyaning xavfsizlikni yemiruvchi harakatlariga doir xavotirlarini bayon qildik, Rossiya ko’targan xavotirlarni prinsipial va pragmatik ravishda baholab, kelishishimiz mumkin bo’lgan sohalar bo’yicha o’z takliflarimizni berdik”, - dedi Blinken.
Davlat kotibi NATOning yangi a’zolar, xususan Ukrainani alyansga qabul qilishga doir ochiq eshiklar siyosati masalasida Rossiyaga yon berildimi degan savolga Blinken “o’zgarish yo’q va bo’lmaydi” deb javob berdi.
Seshanba kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, Rossiya rahbari ham sanksiyalarga uchrashi mumkinligiga ishora qildi. Blinken bu masalaga oydinlik kiritdi.
“Bizning birgalikda qabul qiladigan choralarimiz Prezident Putin qadrlaydigan narsalarni nishonga oladi, jumladan Rossiyaning iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlarini, mudofaa, yuqori texnologiyalar kabi Putin e’tiboridagi sohalarda texnologiyalarni rivojlantirish salohiyatini nishonga oladi. Prezidentimiz aytganidek, barcha choralar inobatga olinadi”, - dedi Blinken.
Kremlning bildirishicha, Putinga qarshi qaratilgan shaxsiy sanksiyalardan foyda bo’lmaydi, aksincha Ukrainadagi ziddiyatlarni yumshatishga kelganda teskari natija beradi.
G’arbdagi ayrim tahlilchilar nazarida, Moskva dunyo bo’ylab minglab moliyaviy institutlarni bir-biriga bog’lovchi SWIFT tizimidan chiqarilishdan qo’rqadi.
“Agar Rossiya Eron kabi SWIFT tizimidan o’chirilsa, iqtisodiy jihatdan ibtidoiy tuzumga qaytadi. Vashingtonda shunday ehtimol muhokama qilinmoqda. Putin oligarxlarining, ayniqsa uning pullarini saqlayotgan odamlarning hisob raqamlari va mulklarini dunyo bo’ylab muzlatish ham to’g’ri bo’lardi”, - deydi moliyachi Bill Brauder.
Vashingtondagi rasmiylarga ko’ra, AQShning sun’iy idrok, kvant hisoblash, fazo sohalaridagi yuqori texnologiyali uskunalarini Rossiyaga sotish ham cheklanishi mumkin.
AQSh ketidan NATO ham Moskvaga o’z javoblarini yo’llagan. Alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiyani qo’shinlarini zudlik bilan Ukraina, Gruziya va Moldavadan olib chiqishga, g’arbiy chegaralarida qo’shinlari sonini oshirishni bas qilishga chaqirib, Kremlning asosiy talabi – harbiy blokning sharq tomon kengayishini to’xtatishga yo’q deb javob berdi.
“NATO mudofaa alyansi bo’lib, to’qnashuv tarafdori emas. Biroq biz blokimiz, Yevropa va AQSh xavfsizligini qurbon qilmaymiz. Nizomimizning 5-bandiga sodiq qolgan holda ittifoqchilarimizni himoya qilish uchun bor imkoniyatlarni ishga solamiz", - dedi u.
Blinken yaqin kunlarda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashib, taqdim etilgan javoblarni muhokama qilishga umid qilmoqda.
Lavrov AQSh hujjatida Rossiyaning asosiy xavfsizlik xavotirlari inobatga olinmaganini aytarkan, muloqotni davom ettirish tarafdori ekanini bildirdi. Unga ko’ra, Prezident Putin AQSh va NATO javoblaridan kelib chiqqan holda Rossiyaning keyingi qadamlarini belgilaydi.
"AQSh javobi bizni jiddiy muloqotga chorlaydi, biroq ikkilamchi masalalarda. Asosiy mavzu bo’yicha esa hujjatda ijobiy munosabat bildirilmagan. NATOning sharq tomon kengayishi va qurol joylashtirishini Rossiya Federatsiyasi uchun tahdid deb bilamiz va buni qabul qila olmaymiz”, - dedi Lavrov.
Bu o’rtada Rossiya bir necha yo’nalishda harbiy mashqlar o’tkazmoqda. Xususan Boltiq dengizidagi mashg’ulotlarda o’ndan ortiq harbiy kema qatnashmoqda.
Mudofaa vazirligi harbiy flotlar Rossiya atrofidagi barcha dengizlarda mahoratini charxlashi haqida ma’lum qilgan.
Ukrainaga chegaradosh Rostov oblastida esa mashqlar quruqlikda tanklar va artilleriya ishtirokida o’tkazilmoqda. Mashg’ulotlarda 6000 dan ortiq askar qatnashyapti.
Kreml qo’shni mamlakatga qo’shin tortish rejasi yo’qligini ta’kidlamoqda. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Aleksey Zaysevning aytishicha, Ukraina bilan urush fikrining o’zi noto’g’ri.
Unga ko’ra, NATO qo’shinlarini Sharqiy Yevropadan olib chiqsagina mintaqada ziddiyatlar pasayadi.
Rossiya qo’shinlarining chegaradagi mashg’ulotlari Ukrainada xavotir bilan kuzatilmoqda, biroq Kiyevdagi rasmiylar fuqarolarni xotirjamlikka chaqirmoqda.
“Hammamiz vaziyatdan xavotirdamiz. Xorijiy davlatlar elchixonalari va xodimlarinievakuatsiya qilyapti. “Sizni qo’llab-quvvatlaymiz” deb, o’zlari diplomatlarini olib chiqishyapti”, - deydi Aleksey ismli ukrainalik bir ofitser.
Ukrainaning ikkiga bo’lingan Donbass mintaqasi aholisi bo’lginchilar va Ukraina armiyasi o’rtasida janglar jonlanishidan tashvishda, biroq chorshanba kuni Parijda o’tgan “Normandto’rtligi” majlisida sulhni uzaytirishga kelishildi.
Ukraina, Rossiya, Germaniya va Fransiya vakillari 8 soat muloqot qilgan. Uchrashuv konkret natija bermagan bo’lsa-da, tomonlar muloqotni davom ettirishga kelishdi, deydi muzokaralarda qatnashgan Rossiya prezidenti ma’muriyatining boshlig’i muovini Dmitriy Kozak.
“Minsk bitimining turli talqinlarga sabab bo’layotgan bandlarini qayta ko’rib chiqdik. Bu borada yana maslahatlashishga kelishdik. Ikki haftadan so’ng Berlinda ko’rishib, uzoq vaqtdan beri, 7 yildan beri hal bo’lmayotgan muammolarga yechim topishga harakat qilamiz”, - dedi u.
Kozakning aytishicha, tomonlar hozircha Donbassda sulhni uzaytirishga kelishib oldi.
Ukraina prezidenti administratsiyasining rahbari Andrey Yermak muloqotdan ko’ngli to’q bo’lganini aytdi.
“Normand formatida yana gaplashayotganimizning o’zi ijobiy signal. Atroflicha suhbat qildik, garchi oson bo’lmasa-da. To’rtligimizning barcha a’zolari sulhni qo’shimcha shartsiz qo’llab-quvvatladi”, - dedi Yermak.
Facebook Forum