Breaking News

Yevropa Ittifoqi qit'a xavfsizligiga doir muzokaralardan chetda qolganidan norozi


Ukraina bilan chegarada 100 mingdan ortiq qo’shin to’plagan Rossiya NATOning Yevropadagi qurollari va askarlaridan nolimoqda. Hafta boshida AQSh va NATO vakillari Rossiya delegatsiyasi bilan xavfsizlik masalalarini muhokama qilish uchun uchrashgani muzokara jarayonidan chetda qolib ketgan Yevropa Ittifoqi noroziligiga uchradi.

Xalqaro hayot – 13-yanvar, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:31 0:00

“Ushbu muloqot faqat ikki tomon ishtiroki bilan cheklanmasligi kerak. Masala faqat AQSh va Rossiyaga tegishli emas. Yevropa xavfsizligi haqida gaplashmoqchi bo’lsangiz, yevropaliklar ham stol atrofida o’tirishi kerak”, - dedi Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo’yicha oliy vakili Jozep Borrel.

Tahlilchi Liana Fiksning aytishicha, Yevropa Ittifoqi jarayonga kech qoldi.

“Muammo shundaki, 2014-yilda Ukraina inqirozi boshlanganida Yevropa Ittifoqi muzokaralarga rasman aralashmagan edi. Normand muzokaralarida Germaniya va Fransiya qatnashgan, biroq Yevropa Ittifoqidan vakil bo’lmagan edi. Yevropa Ittifoqi doirasida kim qudratliroq – a’zo davlatlarmi yoki tashkilot sifatida Yevropa Ittifoqimi degan savol tug’iladi. Moskva Yevropa Ittifoqini jiddiy qabul qilmaydi”, - deydi ekspert.

Amerikaning NATOga sodiqligidan xavotirlangan Fransiya Yevropani kattaroq strategik suverenitet tomon boshlamoqda. Parij nazarida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yevropa Ittifoqini ataylab chetlab o’tishga urinyapti.

“U Yevropa Ittifoqini jiddiy qabul qilmaydi va Yevropa birligiga darz solmoqchi”, - deydi Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian.

Ukrainalik tahlilchi Pyotr Burkovskiyning aytishicha, Kreml transatlantika ittifoqini ham parchalashga intilmoqda.

“Rossiya ushbu muloqotdan AQSh va Yevropa hamkorlari o’rtasidagi ishonchga putur yetkazish uchun foydalanmoqda va AQSh Yevropadagi xavfsizligi va siyosatini yevropalik hamkorlarsiz muhokama qilishga tayyor ekanini ko’rsatmoqchi”, - deydi Kiyevdagi “Demokratik tashabbuslar jamg’armasi” mutaxassisi.

Tahlilchi Fiksning aytishicha, Moskva Yevropa Ittifoqini o’z armiyasisiz tashkilot sifatida jiddiy qabul qilmasa-da, ittifoq o’ziga yarasha muhim rol o’ynaydi.

“Rossiya Ukrainaga hujum qilgudek bo’lsa, Yevropa Ittifoqi va Qo’shma Shtatlar Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni muhokama qilishda Yevropa Ittifoqi iqtisodiy sanksiyalar paketini ishlab chiqishi va barcha a’zo davlatlar roziligini olishi kerak bo’ladi”, - deydi Germaniyaning Marshall jamg’armasi eksperti.

Chorshanba kuni NATOdagi muzokaralardan so’ng AQSh rasmiylari transatlantika ittifoqi jipslashganini aytdi.

“Rossiya o’zi buni istamagan holda Yevropa, NATO va NATOga a’zo bo’lmagan ittifoqchilarni ayni tamoyillar to’plami, ayni maqsadlar, ayni umidlar va diplomatiyaga sodiqlik yo’lida birlashtirdi”, - deydi muzokaralarda qatnashgan AQSh davlat kotibining o’rinbosari Vendi Sherman.

Tahlilchilarga ko’ra, Yevropa Ittifoqining 21 ta a’zosi NATOga ham kirgan va xafsalasi pir bo’lishiga qaramay, tashkilot alyansni o’z xavfsizligining asosi deb biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG