Bugun Jenevada AQSh va Rossiya tashqi ishlar vazirlarining o’rinbosarlari Vendi Sherman va Sergey Ryabkov Rossiyaning xavfsizlik kafolatlariga doir talablari yuzasidan muzokara boshladi. Ilk muloqot AQShning Jenevadagi diplomatik missiyasida o’tgan.
Kuzatuvchilarga ko’ra, muzokaralar bir necha bosqichli va murakkab bo’lib, natija tez bo’lishini kutmaslik kerak.
Rossiya NATOning sharq tomon kengayishi unga tahdid ekanini va bu jarayonga nuqta qo’yish zarurligini aytib, NATO qo’shin va qurollarini Sharqiy va Markaziy Yevropadan olib chiqishi kerakligini urg’ulagan, Ukraina va boshqa sobiq sovet respublikalarini NATOga qabul qilmaslikka kafolat so’ragan.
Rossiya bajarilmas talablarni olg’a surayotganini aytayotgan Qo’shma Shtatlar Jeneva muloqoti bahonasida Rossiyani ko’p sonli qo’shinlarini Ukraina chegarasidan olishga chaqirishni maqsad qilgan.
AQSh va NATO hisobiga ko’ra, chegaradagi 100 ming qo’shinning Ukrainaga kirish ehtimoli mavjud. Moskva bunday da’volarni inkor etarkan, asl tahdidni AQShning Ukrainaga harbiy yordamida ko’radi.
Ryabkov va Sherman asosiy muzokaralardan bir kun oldin ham ko’rishgan.
AQSh va ittifoqchilari mintaqada harbiy mashg’ulotlar va qurol joylashtirishni cheklashga rozi bo’lishi mumkinligini aytgan, biroq Ryabkovning rus matbuotiga aytishicha, “NATO ashqol-dashqollarini olib, chiqib ketishi kerak”.
Rossiya hozirgi holatni 1962-yildagi Kuba inqiroziga tenglashtirmoqda. O’shanda dunyo yadro urushi yoqasida edi.
Agar muzokaralar ish bermay, Rossiya Ukrainaga qo’shin tortsa, AQSh va Yevropa Ittifoqi keng ko’lamli sanksiya kiritishini aytgan. Kreml esa javob choralari haqida ogohlantirmoqda.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, AQSh Yevropada qo’shinlarini kamaytirishga rozi bo’lmaydi, biroq ularning joylashuvini cheklovchi bitimni jonlantirish haqida gaplashishi mumkin.
Har ikki taraf birinchi uchrashuvdan so’ng ko’p narsa kutmaslikka chaqirmoqda.
“Rossiya 100 ming qo’shin bilan Ukraina boshiga qurol niqtab turgan bir paytda u bilan muloqotda biror narsaga kelishish qiyin”, - dedi Blinken.
Ryabkovning aytishicha, AQSh Rossiyaning xavfsizlik bilan bog’liq xavotirlarini yetarlicha fahmlamagani uchun ham muloqotdan tez natija kutish kerak emas.
AQShda ba’zilar Ukrainaga qurol va qo’shin yuborish kerakligini aytsa, respublikachi senator Mayk Raunds Bayden ma’muriyatining Putin bilan diplomatik yo’l orqali kelishish harakatini olqishlaydi.
“Putinga Ukrainani bosib olgandan ko’ra diplomatik usullar bilan ko’proq yutuqqa erishishi mumkinligi haqida qattiq tayinlash kerak”, - deydi qonunchi.
Blinkenning aytishicha, Rossiya bilan muzokaralarda AQSh uchun Ukrainadan kattaroq tamoyil muhokamada - chegaralarni kuch bilan o’zgartirish mumkin emasligi yoki qo’shni mamlakatlarni o’ziga qaram qilmaslik kabi.
“Nafaqat Ukraina hududiy daxlsizligi, suvereniteti va mustaqilligi, balki mana shu asosiy tamoyillarni ham himoya qilish o’ta muhimdir”, - dedi u.
12-yanvar kuni Rossiya vakillari Bryusselda NATO bilan muloqot qiladi, 13-yanvarda esa Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti homiyligida AQSh, NATO, Rossiya, Ukraina va boshqa sobiq sovet mamlakatlari vakillari kengaytirilgan tartibda uchrashadi.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, Rossiya-G’arb muzokaralari barcha masalalarni hal etishga yordam bermasa-da, mojaroning oldini olish uchun yo’l ko’rsatib berishi mumkin.
Ukrainaliklar AQSh-Rossiya muzokaralarida o’z mamlakatining taqdiri hal bo’layotganini aytarkan, Rossiya talablariga bo’yin egish kapitulyatsiya bilan teng ekanini bildirdi.
"Muzokaralar Ukrainasiz o’tmasligi kerak. Chunki unda Ukraina masalasi muhokama etilmoqda. Ukraina birinchi qatorda o’tirishi lozim”, - deydi kiyevliklardan biri.
Vashington Ukraina va NATOdagi a’zo mamlakatlar taqdiri ularning ishtirokisiz hal etilmasligini bir necha bor ta’kidlagan. Yaqinda mamlakatda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, ukrainaliklarning 49 foizi Rossiya hujum qilishiga ishonadi va 59 foizi NATOga qo’shilish tarafdori.
Facebook Forum