Bugun Bryusselda NATO va Rossiya delegatsiyalari uchrashib, Rossiyaning xavfsizlik kafolatlariga doir takliflari xususida muzokara qilgan. Hafta boshida AQSh bilan shunday muloqot natija bermadi.
NATO-Rossiya kengashi 2,5 yilda ilk bor uchrashdi. Rossiya tashqi ishlar va mudofaa vazirlarining o’rinbosarlaridan iborat guruh alyansni sharq tomon kengaymaslikka, Rossiya chegaralariga yaqin hududlarda qo’shin va qurol joylashtirmaslikka, Ukraina va Gruziyani tashkilotga qabul qilmaslikka ishontirishga harakat qildi.
Biroq G’arb kuzatuvchilariga ko’ra, NATO nizomining 10-moddasi Yevropaning har qanday mamlakati alyansga qo’shilishi mumkinligini belgilaydi va bu moddadan voz kechish tashkilot tamoyillariga zid bo’ladi.
NATO o’z navbatida Rossiyaning Ukraina chegarasida o’n minglab qo’shin to’plaganidan xavotirda.
Muzokaralarda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg va AQSh davlat kotibining o’rinbosari Vendi Sherman ham qatnashgan.
Rossiya-NATO kengashi faoliyatini 2018-yilda to’xtatgan, Rossiyaning alyansdagi so’nggi doimiy vakili Aleksandr Grushko ayni damda tashqi ishlar vazirining o’rinbosari bo’lib, bugungi majlisda Rossiya delegatsiyasini boshqargan.
Ertaga tomonlar Venada Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining doimiy kengashi majlisida ham muloqot qiladi.
AQSh va NATO Rossiyani Ukrainaga hujum qilish rejasida ayblayapti, biroq Kreml bunday da’volarning asossiz ekanini bildirarkan, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov asosiy tahdid NATOdan taralayotganini ta’kidladi.
"Alyansning kengayishi Rossiya milliy manfaatlariga tahdiddir”, - dedi u.
Peskov muzokaralar natija bermasa, Rossiya qanday chora ko’rishini aytishdan bosh tortdi.
Bryusseldagi muzokaralardan so’ng NATO rahbari alyans Rossiyaning ayrim talablarini qondirishga tayyor emasligini, boshqa masalalarda esa qo’shimcha uchrashuvlar bo’lishini aytdi. Stoltenberg va Shermanga ko’ra, agar Rossiya Ukrainaga qo’shin tortsa, jiddiy jazo choralari bilan yuzlashadi.
Facebook Forum