Breaking News

NATO Rossiya talabini inkor etib, Sharqiy Yevropada qo'shinlari sonini oshirmoqda


Daniya Litvaga 4 ta F-16 qiruvchi samolyotini yubordi
Daniya Litvaga 4 ta F-16 qiruvchi samolyotini yubordi

Rossiya bilan taranglik kuchaygani sari NATOga a’zo ayrim mamlakatlar Sharqiy Yevropadagi ittifoqchilariga qo’shin va harbiy texnika yubormoqda. Masalan, Daniya o’tgan hafta Litvaga 4 ta F-16 qiruvchi samolyotlarini jo’natdi.

Xalqaro hayot - 1-fevral, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:14 0:00

Rossiya 2014-yilda Qrimni o’ziga qo’shib olishi ketidan NATO Sharqiy Yevropada 5000 askarini joylashtirdi.

AQSh 8500 harbiysiga Yevropaga borishga tayyor turishni tayinladi. Fransiya Ruminiyaga yuzlab askar yubordi. Ispaniya, Niderlandiya, Germaniya ham qo’shin, samolyot va harbiy kema safarbar etish ustida o’ylanmoqda.

Britaniya Ukrainani 2000 taga yaqin tankka qarshi qurol bilan ta’minlab, NATO ittifoqchilariga qo’shimcha askar taklif etmoqchi.

"Harbiy safarbarlikka kelganda Prezident Putin xavotiriga sabab bo’lgan narsalar, ya’ni NATOning Rossiya tomon yaqinlashishi uning Ukrainadek suveren mamlakatni bosib olish kabi strategik xatosiga javob bo’lishini bildirib qo’yish muhimdir”, - deydi Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollas.

Shu bilan birga, NATO Ukrainaga qo’shin yuborish rejasi yo’qligini ta’kidladi.

“Chegara davlatlardagi NATO qo’shinlari aslida tayyorgarlik bilan, mudofaa salohiyatini oshirish bilan shug’ullanadi, ochiq jang yoki mojaroda qatnashish uchun emas”, - deydi London universitet kolleji ma’ruzachisi Juli Norman.

NATO Rossiya agressiyasiga javob berayotganini ma’lum qilsa, Moskva bunday harakatlarni jazavaga tushish deya ta’riflamoqda.

“NATO Rossiyaning Belarusga qo’shimcha askar yuborish orqali yaratayotgan yangi tahdidiga javob berishi kerak edi, chunki Belarus NATOga a’zo Polsha, Latviya va Litva bilan chegaradosh”, - deydi AQSh davlat kotibining sobiq yordamchisi muovini Evelin Farkas.

Tahlilchi Normanga ko’ra, NATO askarlari sonining oshirilishi Putin bilan ziddiyatlarning yanada kuchayishiga olib keladi.

“Sharqiy Yevropa mamlakatlarida NATO qo’shinlari va qurollarini kamaytirish Putinning asosiy talablaridan biridir. NATO aksincha harbiylari sonini oshirmoqda. Bu esa Rossiya tomonidan mudofaa emas, hujumga tayyorgarlik va provokatsiya deb ko’rilishi mumkin”, - deydi Norman.

Hafta boshida AQSh Prezidenti Jo Bayden Rossiyani yana bir bor ogohlantirdi.

“Muammoni hal qilish uchun diplomatiyaga chaqirishda davom etamiz, biroq Rossiya Ukraina atrofida qo’shinlari sonini oshirishda davom etarkan, har qanday vaziyatga tayyormiz”, - dedi Bayden.

AQSh va Rossiyaning BMTdagi elchilari Xavfsizlik Kengashi majlisida keskin tortishdi.

"Yevropada biz yuzlashayotgan vaziyat favqulodda va xavfli. Ukraina va BMTning har bir a’zosi uchun xavf darajasi bundan yuqori bo’lishi mumkin emas. Rossiya harakatlari BMT nizomining yuragiga urmoqda. Bu tinchlik va xavfsizlikka aniq va jiddiy xavdfir”, - dedi AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild.

Rossiya elchisi Vasiliy Nebenzya keskin javob berdi.

“Siz aynan urush boshlanishini xohlayapsiz. Shuni kutyapsiz, so’zlaringizning haqiqatga aylanishini xohlayapsiz. Bunday da’volarni bot-bot inkor etayotganimizga qaramay, rossiyalik birorta siyosatchi yoki davlat arbobi shu paytgacha Ukrainaga hujum rejasi haqida biror marta gapirmaganiga qaramay”, - dedi elchi.

Vashingtondagi Brukings tahlil instituti eksperti Anjela Stentning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, yadro quroliga ega ikki mamlakat o’rtasidagi tortishuv qarama-qarshi dunyoqarashlarni aks ettiradi.

“Gap faqat mafkurada emas, xavfsizlikda ham. Gap ittifoqlar tizimi va barqaror Yevropa qit’asida. Bular AQSh manfaatiga javob beradi. Biz yolg’iz yashayotganimiz yo’q. Biz ikkita qo’shnisi bor katta orolmiz. Biz qit’amiz. Gap kuch siyosatida, tamoyillarda, hududiy daxlsizlik va suverenitetda”, - deydi tahlilchi.

AQSh va NATO bilan tortishuv Rossiya va Xitoyni bir-biriga yaqinlashtirdi. 2008-yilgi Rossiya-Gruziya mojarosi Pekin Olimpiadasiga to’g’ri kelgan edi. Xitoy o’shanda norozi bo’lgan. Hozir Xitoy poytaxti Qishki Olimpiadaga mezbonlik qiladi.

Biroq bu gal Rossiya AQSh va Yevropa Ittifoqining yirik sanksiyalari ehtimoliga yuz tutarkan, Moskva Ukrainaga hujum qilsa, iqtisodiy jihatdan dunyoda ikkinchi qudratli davlat yordamiga muhtoj bo’lishi mumkin.

“Agar Rossiya Ukrainaga qo’shin kiritsa, jiddiy iqtisodiy jazo choralariga uchraydi. Bu esa Rossiyani Xitoydan madad so’rashga majburlaydi. Uzoq muddatda bu rus iqtisodiyotiga zarar bo’ladi. Shu sabab vaziyatdan diplomatik yo’l bilan chiqishga imkon bor, ammo Rossiya shoshilmaydi, asabimizga tegishda davom etadi”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Endryu Loysen.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG