Breaking News

Qrim-tatarlar Rossiya yana urush boshlashidan xavotirda


Rossiyaning Qrimdagi harbiy kuchlari, 18-yanvar, 2022
Rossiyaning Qrimdagi harbiy kuchlari, 18-yanvar, 2022

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga ko'ra, Rossiyaning biror askari Ukraina chegasini kesib o’tishi bu mamlakatga qilingan hujumni anglatadi.

Blinkenning Kiyevga safari Rossiya-Ukraina o’rtasida urush ehtimoli yuqori baholanayotgan bir vaziyatda o’tdi. AQSh Rossiya Ukrainaga hujum boshlagan taqdirda jiddiy va keskin oqibatlardan ogohlantirmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga urush ochishi ehtimoli ukrain jamoatchiligida xavotirlarni oshirgan, xususan Rossiya ishg’oli ortidan Ukrainada yashayotgan qrim-tatar jamoatchiligida ham.

Blinkenning Ukrainaga safarini, Kiyevda rahbariyat bilan o’tkazgan muzokaralarini qrim-tatarlar ham diqqat bilan kuzatishgan.

Faollarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiya bosqinining oldini olish uchun avvalo sanksiyalarni keskin kuchaytirish lozim. Xalqaro hamjamiyat, xususan AQSh va Yevropa Ittifoqi yagona pozitsiyada turishi zarur.

Qrim-tatar jurnalisti Ayder Mujdaboyev deydiki, vaziyat haqiqatda qaltis.

“Rossiya biror bahona topishi-topmasligidan qat’i nazar, Ukraina ishg’olini davom ettirish qarorida qat’iy. Bu yerda urush boshlanishiga qandaydir sababning ko’rsatilishi muhim emas, chunki Moskva bu sababga hech kim ishonmasligini yaxshi biladi. Ukraina jamoatchiligi uchun hozirgi paytdagi eng muhim narsa xotirjamlikni saqlash, jamiyatdagi xaosga yo’l qo’ymaslik, chunki Putin o’ylagan reja uchun eng qulay muhit bu jamiyatda ishonchsizlik hukm surishi, vahima urug’i sochilishi, o’zaro ziddiyatlarning avj olishidir. Afsuski, bu boradagi mamlakatdagi vaziyat havas qilgulik emas. Rossiya bosqini real aniq ko’rinish olib turgan bir paytda ham jamiyatdagi tarqoqlik, siyosiy ziddiyatlar kuchayib bormoqda”, - deydi Mujdaboyev.

Rossiya Ukraina ishg’olini 2014-yilda Qrimdan boshlagan. Qrim Rossiya hududiga qo’shib olinishi oridan Ukraina sharqida ayirmachilik harakatlari boshlandi. Rossiya quvvatlagan Donetsk va Lugansk viloylatlari Ukraina tarkibidan ajralib chiqdi.

Ayirmachi guruhlar va Ukraina qurolli kuchlari o’rtasida urish shartli chegaralar tortilishi bilan yakunlandi, ammo qurolli to’qnashuvlar tingani yo’q. Ayrim taxminlarga ko’ra, Rossiya aynan shu ayirmachilar vositasida urish boshlashi mumkin.

Mujdaboyev tahlilicha, Rossiya Kiyevdagi rossiyaparast guruhlarga ham suyanadi.

“G’arbning, xususan AQShning keskin sanksiyalari bilan to’qnashish xavfi, Ukarina mudofaasi mustahkamlanayotgani, zamonaviy qurollar yetkazib berilayotgani Putinni Ukrainaga hujum qilishdan tiymoqda. Ammo Ukrainadagi vaziyatning o’zi, hokimiyat va jamiyat o’rtasidagi ziddiyatlar, iqtidordagi hukumatga nisbatan ishonch susaygani, agressiyaga to’qnash turgan jamiyatdan birdamlik yo’qolayotgani sobiq ittifoq davlatlarini o’z tasarrufiga kiritishni maqsad qilgan Putin uchun urish ochishga signal bo’lishi mumkin”, - deydi jurnalist.

Qrim-tatar faollari nazarida Rossiya agressiyasining tobora ashaddiylashib borayotgani Qrim ishg’oli uchun javobgarlik mavhum qolgani bilan bog'liq. Rossiyaga nisbatan qo’llangan sanksiyalar, deydi ular, xalqaro jamoatchilik Qrim bosqini masalasida yagona pozitsiyani shakllantira olmagani sabab ham ish bermadi.

Qrim-tatarlar bu borada Markaziy Osiyo davlatlar tutgan pozitsiyani ham achinarli deb hisoblaydi, ayniqsa Qozog’istondagi vaziyatga qarab. Qozog'iston rahbariyati noroziliklarni bostirish uchun Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqdan yordam so'radi.

“Rossiya Markaziy Osiyo ishg’olini aynan Qozog’istondan boshlamoqda, bundan mintaqaning boshqa davlatlari ham xoli emas. Markaziy Osiyo davlatlari birlashib, o’zlarida Rossiya bosimiga qarshi iroda, kuch topishmas ekan, bu ishg’ol davom etaveradi”, - deydi qrim-tatar faoli Erfan Quddusov.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG