Ukraina poytaxti Kiyev markazida Qrim tatarlar Milliy majlisi raisi o’rinbosari Narimon Jalil surati aks etgan lavhalar osilmoqda. Uning o’zi ayni paytda Qrimda, hibsda ushlab turilibdi. Rossiya Qrim tatar faolini uzoq muddatga qamashi mumkin; u qo’poruvchilikda, portlovchi moddalar saqlashda ayblanmoqda.
Shu yil sentabr oyida qamoqqa olingan Narimon Jalil Qrimda saqlanayotgan navbatdagi siyosiy mahbuslardan biri. Bu mahbuslarning aksariyati Qrimning Rossiya tomonidan ishg’ol qilinishiga qarshi bo’lgan Qrim tatarlaridir.
Tabiiyki, ularga nisbatan e’lon qilingan rasmiy ayblovlar ishg’olga nisbatan qarshilik bilan emas, balki qo’poruvchilik yoki diniy ekstremizm bilan bog’liq.
Narimon Jalil ham Kiyevda o’tgan “Qrim palatformasi” sammitida ishtirok etishi ortidan hibsga olindi. Dunyoning bir qator davlatlari ishtirokida o’tgan bu sammitda xalqaro huquqiy normalar asosida Qrimni Rossiya ishg’olidan ozod etish muhokama qilingan edi.
Bu sammit ortidan Milliy majlis raisi o’rinbosarining hibs qilinishi Rossiya Qrim tatarlariga nisbatan tazyiqlarni yanada kuchaytirishi dalili o’laroq baholandi.
Hibsdagi Narimon Jalil barcha ayblovlarni inkor etgan; Jalil Rossiya ishg’oliga qarshiligi uchun qamoqqa olinganiga shubha qilinmaydi. Kiyevda yashayotgan Qrim tatarlari Narimon Jalil va Qrimda hibsda qolayotgan boshqa siyosiy mahbuslar ozodligi uchun kurashni davom ettirmoqda. Ularning ishonishicha, xalqaro jamoatchilikning Rossiyaga nisbatan bosimi kuchayishigina Qrimdagi tazyiqlarni to’xtatishi mumkin.
Facebook Forum