So’nggi haftalarda jahon hamjamiyatining Qora dengiz hududidagi e’tibori 1,37 milliard dollarlik qiymatga ega hashamatli saroyda bo’ldi. Kremlning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniyga ko’ra, saroy Rossiya Prezidenti Valdimir Putinga tegishli.
1800 kvadrat metr maydonga ega bu kompleksni muxolifat vakillari “Putin saroyi” deb ataydi. U sovet davrining kurort shahri sanalgan Gelenjik yaqinida, Qora Dengizning shimoli-g’arbiy sohilida joylashgan. Bu hududda XIX asrda Kavkaz va Usmonlilar imperiyasi o’rtasida qul savdosi amalga oshirilar edi.
Aynan shu hudud Qora dengiz bo’ylab harbiy operatsiyalarni aniq kuzatish uchun qulay nuqta sanaladi. So’nggi kunlarda manfaatlar to’qnashuvi, harbiy ambitsiyalar keskin tus olayotgan Qora dengizda bezovtalik hukmron.
2014-yilda Qrimni o’z hududiga qo’shib olgan Rossiya dengiz kuchlarini mustahkamlash uchun harakat qildi. Bunga javoban, AQSh harbiy dengiz floti NATO doirasidagi hamkorlari bilan Qora dengiz hududida shaylikni oshirmoqda.
O’tgan hafta AQShning raketalar bilan qurollangan “USS Porter” harbiy kemasi Qora dengizda “USS Donald Cook” harbiy kemasi va yoqilg’I yetkazib beruvchi “USNS Laramie” kemalariga qo’shilgan.
Ukraina va NATO ittifoqchilari o’tgan yili global pandemiya tufayli qoldirilgan qo’shma harbiy mashg’ulotlarga joriy haftada kirishgan.
Ukrainaga qarashli yarimorol anneksiyasidan keyingi besh yillikda Rossiya Qora dengiz mintaqasini harbiy zonaga aylantirib yubordi, deydi G’arb rasmiylari va mustaqil tahlilchilar. Moskva hududda harbiy kuchlar sonini oshirgan. Sohil mudofaasini kuchaytirgan. Havo va dengiz kuchlarining mudofaa tizimini rivojlantirgan.
“Qrim yarimorolida davom etayotgan va tobora jadallashib borayotgan harbiy holat Qora dengiz va kengroq masshtabda O’rta yer dengizi hududlari bo’ylab xavfsizlik borasida yangi voqelikni yuzaga keltirgan”, - deya bayonot berdi Ukraina vakili Yevgeniy Simbalyuk Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 14-yanvar kuni o’tgan yig’ilishida.
O’z navbatida, Rossiya ham G’arb mamlakatlarining mashg’ulotlariga to’sqinlik qilishga urinmoqda. Moskva Qrimga “Bastion” raketa mudofaasi tizimini yo’lladi. “Admiral Makarov” nomidagi harbiy kema havo hududlari nazoratini kuchaytirib, elektron kommunikatsiya to’lqinlarini bloklash bilan NATO mamlakatlariga halaqit berishga urindi.
AQSh qo’mondonlarining ma’lum qilishicha, Rossiyaning “Su-24” qiruvchi samolyoti “Donald Cook” kemasi atrofida uchib, 91 metrgacha yaqin kelgan.
AQSh Prezidenti Jo Bayden mashg’ulotlar boshlanmasidan avval Rossiyaning ushbu mintaqadagi agressiyasiga nisbatan keskin javob qaytarilishini ma’lum qilgan edi.
Facebook Forum