Breaking News

AQShning yangi mudofaa vaziri qaysi masalalarga urg'u bermoqchi?


Xalqaro hayot - 28-yanvar, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:34 0:00

Jo Bayden Oq uyga kelishi bilan bir qator farmonlarga imzo chekdi. Ularning ayrimlari Pentagonga aloqador. Yangi Mudofaa vaziri Lloyd Ostin oldida turgan vazifalardan biri harbiy xizmatdagi irqiy kamsitishlarga chek qo’yish.

Harbiylar davrasida Prezident Jo Bayden avvalgi prezident joriy qilgan bahsli taqiqni bekor qildi: bundan buyon transgender odamlar ham harbiy xizmat o’tashi mumkin.

“Barcha yaroqli amerikaliklar o’z vataniga xizmat qila olishi uchun imkon beryapman”, - dedi Bayden.

Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bu o’zgarishni olqishlab, uni nafaqat to’g’ri, balki aqlli qaror deb atadi.

22-yanvar kuni Pentagonda faoliyatini boshlagan Ostin yangi ma’muriyatning harbiy siyosatini ijro etishga mas’ul bo’ladi. Qonunchilar huzuridagi tinglovda u diskriminatsiyaga qarshi ayovsiz kurashishini aytdi.

“Odamlarimizga ayirmachilik, nafrat va ta’qibdan xoli ish muhitini yaratib berishimiz kerak. Yangi vazifaga tasdiqlansam, jinsiz tajovuz, irqchi va ekstremistlarni oramizdan yo’q qilish uchun qattiq kurashaman”, - dedi u.

Ostin allaqachon jinsiy tajovuz holatlarini keskin jazolash bo’yicha ko’rsatma chiqardi.

Ammo ekstremizm muammosini yo’q qilish oson bo’lmaydi. Kapitoliyga uyushtirilgan xurujda sobiq harbiylar ham qatnashgani masala qanchalar dolzarb ekanini ko’rsatdi.

“Neonatsistlar tatuirovkasini qidirish bilan cheklanmasdan, ko’proq ish qilishimiz kerak. Yangi kelganlar va harbiy xizmatdagilar internetda nimalar bilan bandligi haqida hushyorlikni oshirish lozim”, - deydi Savfan guruhi tahlilchisi Kolin Klark.

Ostin oldida boshqa muammolar ham bor. Koronavirusga qarshi kurashda harbiylardan madad kutilmoqda.

Iroq va Afg’oniston, xorijdagi ittifoqchilar bilan ishlash masalalarida ham qilinadigan ishlar ko’p. Afg’oniston va Afrikada amerikalik askarlar soni yildan yilga kamayib borayotgani ba’zilarda xavotir uyg’otmoqda.

Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya bilan kuchaygan ziddiyatlar alohida e’tiborni talab qiladi.

Bu yoqda Xitoy ham bor.

“Xitoyni eng tepaga qo’ygan bo’lardim. Xitoy oldini olish lozim bo’lgan tahdid. Xitoyliklar biznikidek yaxshi yoki undan ham a’lo texnikalarga ega ekanini Amerika xalqi va do’stlarimiz tushunishi kerak”, - deydi Demokratiya mudofaasi jamg’armasi eksperti Bredli Boumen.

Demak, AQShning yangi mudofaa vazirini oldinda murakkab ishlar kutmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG