AQSh Prezidenti Jo Baydenning ogohlantirishicha, agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, Yevropaga tabiiy gaz uzatadigan “Shimoliy oqim 2” loyihasi to’xtatiladi.
Dengiz ostidan o’tadigan yangi quvur loyihasi Rossiya gazini Germaniya orqali Yevropaga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazadi. Uni qurish ishlari tugatilgan, ammo hali ishga tushmagan. So’nggi haftalarda Rossiya qo’shni Ukraina hududiga bostirib kirishi haqida xavotirlar oshar ekan, quvur loyihasining keyingi taqdiri tez-tez tilga olinmoqda.
Boshidan AQSh bu loyihaga qarshi bo’lgan va u Vashington va Berlin o'rtasida ziddiyat masalaga aylangan. Kansler Olaf Scholz Rossiyaga qarshi barcha choralar ko’rilishini aytdi, ammo Bayden bilan Vashingtondagi matbuot anjumanida "Shimoliy oqim 2" loyihasini alohida tilga olmadi.
“Agar Rossiya tanklari Ukraina hududiga kirsa, “Shimoliy oqim 2” endi bo‘lmaydi”, - dedi Bayden ushbu matbuot anjumanida.
“Shimoliy oqim 2” (Nord Stream 2) qanday loyiha?
“Shimoliy oqim 2” Rossiya gazini Boltiq dengizi ostidan Germaniyaning Boltiqboʻyi qirgʻoqlarigacha olib boradigan, uzunligi 1230 kilometr boʻlgan tabiiy gaz quvuridir.
U ilgari qurilgan “Shimoliy oqim” quvurining quvvatini ikki barobarga oshirib, yiliga 110 milliard kub metr gaz tashish imkoniyatiga ega va tranzit to‘lovlarini oladigan Ukraina va Polshani chetlab o‘tadi.
Quvur gaz o’tkazish uchun shay holatda turibdi, ammo Germaniyaning kommunal xizmatlarni tartibga soluvchi organlari va Yevropa komissiyasi tomonidan ruxsat berilmaguncha faoliyatini boshlamaydi.
Nima uchun quvur Rossiya uchun muhim?
Davlatga qarashli "Gazprom" kompaniyasiga ko’ra, quvur Yevropaning arzon tabiiy gazga bo'lgan ehtiyojini qondiradi hamda Belarus va Ukraina orqali o'tadigan mavjud quvurlarga qo’shimcha quvvat bo’ladi.
Yevropa o'z gazining katta qismini import qiladi va bu importning qariyb 40 foizi Rossiya hissasiga to’g’ri keladi. “Shimoliy oqim 2”, shuningdek, Ukrainaning eskirgan tizimiga muqobil yangi yo’lni taklif qiladi. Ukraina va Polshaga toʻlanadigan tranzit toʻlovlarini tejash orqali xarajatlarni ham kamaytiradi.
Nega Bayden unga qarshi?
Polsha va Ukraina kabi Yevropadagi AQSh ittifoqchilari Bayden ma'muriyatidan oldin loyihaga qarshi chiqdi. Ularga ko’ra, quvur Rossiyaga gazdan geosiyosiy qurol sifatida foydalanish imkoniyatini beradi.
Agar Rossiya gazni qurol sifatida ishlatsa yoki Ukrainaga hujum qilsa, Germaniya Kremlga qarshi chora ko’rishga rozi bo’lishi evaziga Bayden quvur operatoriga qarshi sanksiyalar qo’llash rejasidan voz kechdi.
Germaniyada dekabr oyida boshqaruvni qo‘lga olgan Scholz sobiq kansler Angela Merkel davrida moliya vaziri sifatida loyihani qo‘llab-quvvatlagan.
U “Shimoliy oqim 2”ga bevosita ishora qilishdan qochgan bo‘lsa-da, Rossiya bosqinga qo’l ursa, “og‘ir oqibatlarga” duch kelishini va sanksiyalar muddatidan oldin tayyor bo‘lishi kerakligini qayd etdi.
Bayden "Shimoliy oqim 2"ni qanday to’xtatmoqchi?
Qo'shma Shtatlar quvur loyihasi bilan ishlovchi har qanday kompaniyani jazolashi, banklar va korxonalarni qo’rqitib, quvurning ishlashini imkonsiz darajaga keltiruvchi og'ir moliyaviy sanksiyalarni qo'llashi mumkin.
Bayden bu yo'ldan borishi mumkinligini aniq aytgani yo’q. AQSh Germaniya nazorati ostidagi narsani qanday to'xtata oladi, degan savolga Bayden "Sizga va'da beraman, biz buni uddalaymiz", deb javob berdi.
"Amin bo'lishingiz mumkinki, bizda farqli qarashlar bo’lmaydi. Biz birgalikda harakat qilamiz", - deya qo’shimcha qildi Scholz.
AQSh Kongressida respublikachilar va demokratlar azaldan “Shimoliy oqim” gaz quvuriga qarshi bo’lib kelgan. Lekin ular "Shimoliy oqim 2"ga sanksiyalarni qachon qo’llash masalasida yakdil emas: jazo choralari hoziroq joriy qilinishi kerakmi yoki Ukrainaga hujum yuz bersa? Bu haqda hanuz bahslar davom etmoqda.
Germaniyada loyihani ma'qullash jarayoni siyosiy emas, balki qat'iy qonuniy mexanimz asosida ketayotgani da’vo qilinadi. Ammo Rossiya hujumi yuz bersa, Berlin qanday qaror qabul qilishi hali aniq emas. 2014-yil Rossiya Ukrainaning Qrim yarimorolini bosib olganda Rossiyaga qarshi sanksiyalar Yevropa Ittifoqi darajasida kelishilgan edi.
“Shimoliy oqim 2” Yevropani tabiiy gaz inqirozidan xalos qiladimi?
Darhol yoki to'g'ridan-to'g'ri emas. Loyiha hanuz ishga tushmagani uchun u bu yilgi qish mavsumida issiqlik va elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga yordam bera olmaydi. Lekin Gazprom, agar xohlasa, mavjud quvurlar orqali ko'proq gaz jo'natishi mumkin.
Qishda energiyaga bo’lgan ehtiyojning oshishi Rossiya va gaz bilan bog'liq xavotirlarni yanada kuchaytiradi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, ayni tanqislikni bartaraf etish uchun “Shimoliy oqim 2”ni tezroq tasdiqlash kerak. Rossiya Yevropadagi mijozlar bilan uzoq muddatli shartnomalarni bajarib kelayotgan bo‘lsa ham, qisqa muddatli gaz sotishga rozi bo’lmadi va Yevropadagi yerosti omborini to‘ldira olmadi.
Ba'zi tahlilchilarning fikricha, Rossiya birinchi navbatda qishki zaxiralarini o'zi to'ldirishi kerak edi va "Gazprom" uzoq muddatli ishonchli yetkazib beruvchi rolini bajara oladi.
Rossiya gaz bo’yicha “xo’jayin”mi?
Yevropa Rossiya gaziga muhtoj boʻlsa-da, “Gazprom” Rossiya hukumati byudjetini qoʻllab-quvvatlash uchun Yevropaga gaz sotishga majbur. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, so‘nggi yillarda Gazpromni ittifoqning monopoliyaga qarshi ko‘plab qoidalariga rioya qilishga majburlay oldi.
Ko’plab ekspertlar fikricha, o'zaro bog'liqlik chuqur bo’lgani uchun Rossiya va Ukraina o’rtasida mojaro avj olgan taqdirda ham Kreml Yevropaga gazni uzib qo'ymaydi. Rossiya rasmiylari ham bunday qilish niyati yo'qligini ta'kidlamoqda.
Facebook Forum