Kecha Moskvada Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bugun Kiyevda bo'ldi. Prezident Volodimir Zelenskiy bilan muloqotda Makron uni qurolli olishuvning oldini olishga undagan. "Urushga aslo yo'l qo'ymasligimiz kerak", - deydi Makron.
Fransiya lideriga ko'ra, Kreml ham unga diplomatiya yo'lidan borishini bildirgan.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba deydiki, uning davlati hamisha diplomatiya tayanadi, ammo zarur bo'lsa, o'zini himoya ham qila oladi.
Kuleba qayd etishicha, Ukraina suveren davlat sifatida o'z hududiy yaxlitligini qo'riqlab, o'z tashqi siyosatini mustaqil holda yuritadi.
Donetsk va Luganskda o'z bosqinchi kuchlari orqali tinchlikni buzayotgan Rossiya bilan hech qanday murosa qilinmaydi, deydi Kuleba.
7-fevral kuni Makton bilan muloqotdan keyin Putin "murosa yo'lini topish uchun qo'ldan kelgan barcha chorani ko'ramiz", dedi.
Putinning aytishicha, Yevropada urush chiqishidan hech kim naf ko'rmaydi.
Zelenskiy esa bu so'zlarga ishonmasligini aytadi. Kreml niyati ezgu bo'lsa, deydi u, buni amalda isbotlashi kerak.
"Normandiya formati bor. Maslahatchilarimiz mana shu platformada uchrashib olganidan keyin, agar tomonlar ochiq bo'lsa, liderlar ham shu formatda ko'rishishi mumkin", - deydi Zelenskiy.
Biroq Ukraina hukumati xavotiricha, Moskva nima qilib bo'lsa-da, uning hududidagi rusparast kuchlarni himoya qilib, ular orqali Kiyevga doimiy bosim va ta'sirni ta'minlash harakatida.
"Urush tahdidi bilan Putin Ukrainani bo'ysundirishga urinmoqda, degan ishonch va qarash keng tarqalgan", - deydi Londondan tahlilchi Kvintin Pil.
Ukrainaning sharqiy chegaralarida 100 mingdan oshiq askarini shay holatda ushlab turgan Rossiya, Vashington nazarida, qo'shni davlatga bostirib kirish ahdida qat'iy.
Fransiya, Amerika va NATOning boshqa a'zolari Ukraina himoyasidda yakdil: Kiyev bu harbiy alyansga kirishga haqli va Rossiya bunga mone bo'la olmaydi.
Prezident Jo Baydenga ko'ra, agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, Boltiq dengizi orqali Yevropaga tabiiy gaz sotish maqsadini unutsin, chunki ittifoqchilar bu quvurni yo'qqa chiqaradi.
Gaz quvuri borasida ham Berlin Vashington bilan birga harakat qiladi.
"Nord Stream 2" (Shimoliy oqim 2) loyihasi bitgan, ammo hali ishga tushmagan. Rossiyadan borishi rejalangan gazning asosiy xaridori Germaniya bo'lishi kerak.
Ammo, deya eslatmoqda Bayden, Kreml urush ochsa, bu yirik iqtisodiy imkoniyatdan ayriladi.
Germaniya Ukrainaga qurol uzatmaydi, lekin uni boshqa sohalarda quvvatlaydi.
Pentagon Ukrainaga qo'shin kiritmaydi, biroq Yevropada NATO safidagi askarlarini oshirgan.
AQSh Kiyevga 500 million dollarlik harbiy madad ko'rsatgan.
Oq uy har qanday ehtimolga javob berish uchun hozir, deydi Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Jeyk Sallivan.
(AP, AFP, Reuters agentliklariga tayanildi)
Facebook Forum