Breaking News

Rossiya Yevropadagi energetik inqiroz oloviga moy sepayaptimi?


Yevropada misli ko’rilmagan energetik taqchillik qish oylarida yanada oshadi, bu esa elektr quvvati taqsimlanib berilishiga, korxonalar ishdan to’xtashiga olib kelishi mumkin, deya ogohlantirmoqda ekspertlar.

Tabiiy gaz narxi keskin oshib borar ekan, Yevropaning integratsiyalashgan energetika tizimi qulaydi, degan qo’rquv ham bor. Ittifoq a’zolari mavjud zaxiralarini qo’shnilar bilan baham ko’rmayotgani siyosiy janjallarga sabab bo’lmoqda.

Fransiyalik professor Tiyerri Bros fikricha, Kreml yevropalik mijozlarga qo’shimcha tabiiy gaz yetkazib berishni paysalga solib, 27 davlat o’rtasida janjal qo’zg’atishni masqad qilgan bo’lishi mumkin.

“Nazarimda, Kreml shuning uchun ham energiya inqirozini cho’zishga harakat qilayapti. Ammo Yevropa doirasida birdamlik mexanizmi mavjud. Odamlarning uyida issiq bo’lishi uchun biror joyda biror sanoatni elektrdan uzib qo’ya olishimiz lozim”, - deydi u.

Rossiya energiya resurslaridan siyosiy qurol sifatida foydalanishi haqidagi gaplar g'irt bema'nilik, deydi Prezident Vladimir Putin
Rossiya energiya resurslaridan siyosiy qurol sifatida foydalanishi haqidagi gaplar g'irt bema'nilik, deydi Prezident Vladimir Putin

Normal davrda ushbu mexanizm muammosiz ishlaydi, aholi ehtiyojlari sanoatlardan ustun qo’yiladi. Biroq, deydi Bros, qahratonda vaziyat boshqa.

“Masalan, Germaniya xonadonlarini isitish uchun Fransiya korxonalarini yopishga ko’nadimi? Yoki Fransiya uylarini isitishi uchun Germaniya o’z bizneslarini yopishga rozi bo’ladimi?”, - deya so’raydi professor.

Xalqaro energetika agentligi va yevropalik qonunchilar Gazpromni ataylab Yevropaga qo’shimcha gaz uzatmayotganlikda ayblagan.

Brosning tvitda yozishicha: “Noyabr oyida Rossiyadan Yevropaga kundalik gaz eksporti oktabrga qaraganda 14 foizga kam”.

Gazprom, o’z navbatida, shartnoma bo’yicha olgan majburiyatlarini bajarayotganini ta’kidlaydi. Eksportni oshirish chaqiriqlariga AQSh ham qo’shildi.

“Haqiqat shuki, Ukraina orqali Yevropani ta’minlash uchun yetarli quvvatga ega quvurlar bor. Rossiya ham yetarli zaxiraga ega ekanini aytib kelmoqda. Shunday ekan, ishni tezroq Ukraina orqali bajarishsin”, - deydi AQSh Davlat departamenti vakili Amos Xochsteyn.

“[Rossiya] mavjud quvurlar, jumladan Ukraina orqali qo’shimcha gaz uzata oladi va shunday qilishi kerak. Bunday qilmaslik Yevropaning energiya xavfsizligiga tahdid soladi va Rossiyaning maqsadlarini savol ostiga qo’yadi”, - deydi departament rasmiylaridan yana biri.

Xalqaro energetika agentligi (XEA) ham eksportni oshirishga undadi.

“Rossiya Yevropaga gaz ta’minotini oshira olishiga, qishki mavsumga tayyorlanish uchun omborxonalarni tegishli darajada to’ldirib bera olishiga ishonamiz”, - deyiladi agentlik bayonotida.

Tabiiy gaz keskin qimmatlashi asosan Osiyoda talab oshishi va Yevropada zaxira kamligi bilan bog’liq. O’tgan oy tabiiy gaz uchun ulgurji shartnomalar deyarli 400 foizga o’sgan. Elektr narxi ham oshmoqda, chunki qit’a bo’ylab elektr ishlab chiqarish uchun gazdan foydalaniladi.

Ayrim yevropalik siyosatchilar fikricha, Kreml Yevropadagi energetik inqirozni ataylab kuchaytirmoqda. Maqsad – “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri sertifikatsiyasini tezlashtirish. Quvur Ukrainani chetlab o’tib, Boltiq dengizi orqali Rossiyadan Germaniyaga gaz yetkazadi.

Vashington ushbu loyiha Yevropani Rossiyaga yanada qaram qilib qo’yadi, deya ogohlantirib kelmoqda.

Boshqalar esa professor Tiyerri Bros bilan hamfikr, ya’ni Kreml Yevropa davlatlari o’rtasida energiya ta’minoti yuzasidan siyosiy janjal chiqara olishini sinab ko’rmoqda.

Xavotir shuki, ayrim a’zolar boshqa bir mamlakat aholisi qishdan o’tib olishi uchun korxonalarini ishdan to’xtatishdan bosh tortishi mumkin. Pandemiya boshida sog’liqni saqlash sohasida shunday vaziyat kuzatilgan, ayim davlatlar himoya vositalari, kislorod ballonlari va inkubatorlar eksportini taqiqlagan.

Biroq Rossiyaning ishtirokisiz ham, global talab oshgani hamda quyosh va shamol manbalaridan energiya ishlab chiqarish kutilganidan kamroq bo’lgani tufayli Yevropada energiya narxi oshgan bo’lardi.

Britaniyada o’tgan ikki oy ichida gaz ta’minoti bilan shug’ullanuvchi bir necha korxonalar yopildi. Bunga sabab gaz narxining keskin oshishi va iste’molchilardan qancha haq undirish bo’yicha cheklovlardir. Yirik gaz kompaniyalarga hukumat kreditlar taklif qilish haqida o’ylanmoqda.

Qit’aning boshqa hukumatlari ham uylarga issiqlik va yorug’lik yetkazish, zavod va fabrikalarning qishda ham ishlab turishini ta’minlash uchun nima qilish kerakligi borasida bosh qotiryapti.

Uy to’lovlari keskin oshishi ichki siyosiy inqirozga turtki berishidan cho’chiyotgan hukumatlar milliardlab dollarlik yordam paketlarini ham ko’rib chiqmoqda. Energiya narxlari o’sishi yuzasidan qanday kollektiv chora ko’rish borasida Yevropa Ittifoqi a’zolari orasida fikrlar turlicha.

Ispaniya, masalan, keng qamrovli islohotlarga chaqirmoqda. Boshqalar nazarida har bir davlat o’z rejasi bilan chiqishi lozim.

Yigirmadan ortiq davlat energiya taqchilligi va narx-navo o’sishi fonida aholiga va bizneslarga soliq chegirmalari va boshqa turdagi yordam taklif qila boshlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG