Iqlim o’zgarishiga qarshi eng so’nggi anjumanda davlatlar ko’mir va neftdan voz kechish masalasini faol muhokama qilgan. Atmosferani eng ko’p ifloslantirayotgan mamlakatlardan biri Xitoy qish mavsumiga ko’mir ishlab chiqarishni kuchaytirish orqali hozirlanmoqda.
"Yoqilg’i narxlarining yuqoriligi yoqilg’i manbalarini xilma-xillashtirish, toza energiyani ishlab chiqarish, sanoatlarni toza energiya texnologiyalariga moslashtirish zaruratini yanada kuchaytirishi kerak”, - dedi AQSh Prezidenti Jo Bayden.
Biroq dunyoning eng yirik emitent davlatlari uning bu bayonotiga qarama-qarshi ish tutmoqda. Xitoy, Rossiya va Hindiston AQSh va Yevropa Ittifoqining 2030-yilgacha metan gazi emissiyasini 30 foizga qisqartirish tashabbusiga qo’shilmadi.
“Ko’p odamlar bundan ajablangani yo’q”, - deydi Merilend universiteti qoshidagi “Global barqarorlik markazi”dan Rina Tvey.
Ushbu mutaxassisga ko’ra, Pekin zararli gazlarning atmosferaga chiqarilishini cheklashga doir mavjud majburiyatlarini bajarmaguncha yangi majburiyatlarni o’z bo’yniga olmaydi.
Xitoy elektr quvvatining salkam yarmini ko’mir hisobiga ishlab chiqarar ekan, siyosiy barqarorlikni saqlab qolish maqsadida qayta tiklanadigan energiya manbalariga to’q bo’lishga intilmoqda, deydi Tvey.
“Ko’mirning energetika sanoatidagi kunlari bitmoqda, biroq Xitoy va Hindiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun bu kabi yirik infratuzilmadan voz kechish oson emas, ko’mir floti ancha yosh”, - deydi tahlilchi.
Hindiston ham Xitoy kabi qaziluvchan energiya manbalaridan butunlay voz kechish uzoqroq vaqt olishini bildirmoqda. Glazgo iqlim anjumanida Hindiston Bosh vaziri Narendra Singx bunga 50 yil ketishini aytdi.
Ko’plab boshqa mamlakatlarning ham bu maqsadga erishishi uchun o’nlab yil vaqt kerak bo’ladi. Hindiston millionlab odamni qashshoqlikdan chiqarish muhimligini aytarkan, sayyorani AQSh va Yevropachalik zararlantirmayotganini da’vo qiladi.
“Tarixga nazar tashlaydigan bo’lsak, Hindistonning bu boradagi ulushi dunyo bo’ylab atigi 3 foizdir”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi tahlilchisi Nilima Jain.
“Hindiston ko’mirdan voz kechmasligini yashirgani yo’q va bunga haqqi bor, axir elektr quvvatining uchdan ikki qismi ko’mirdan”, - deydi mutaxassis.
Rivojlanayotgan mamlakatlar hali-beri ko’mirdan voz kechmasa-da, ularni qayta tiklanadigan arzon va ishonchli energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan da’vatlar bundan keyin faqat kuchayadi.
Facebook Forum