22-23 aprel kunlari Oq uy 40 davlat rahbari bilan virtual muloqotda. Mavzu - global iqlim himoyasi. Prezidentlar, bosh vazirlar va bosh diplomatlar birma-bir so'z olib, o'z davlati dardini aytmoqda.
Braziliya, Kanada, Yaponiya va yana bir necha davlat o'z sanoatlaridan chiqadigan zaharli gazlardan qutulish va AQSh bilan bu borada hamkorlikni kengaytirishni va'da qildi.
Prezident Jo Baydenga ko'ra, AQShning o'zi zaharli gazlar miqdorini 2030-yilgacha hozirgidan 50 foizga tushiradi. Vashington Parijda 2015-yilda imzolangan bitimda bergan so'zida turadi va atmosfera tozaligiga hissa qo'shish uchun keragidan ham ko'proq chora ko'radi, deydi Bayden.
Global sammitga mezbonlik qilar ekan, Amerika rahbari u bilan video muloqotga chiqqanlarga minnatdorchilik bildirib, iqlim ravnaqi uchun favqulodda harakat qilish uchun har bir soniya g'animat, deya tushuntirdi.
Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaru deydiki, uning davlati mazkur o'n yillikda o'rmonlarni qisqartirishni to'xtatadi, aksincha ularni asrab-avaylab, sanoatini ham yashillashtiradi, ya'ni iqlimda salbiy o'zgarishlarga turtki berayotgan gazlarni kamaytiradi.
Bolsonaru ilgari bunday siyosatdan yiroq edi. Parij bitimini ham qoralab chiqqan edi. Ammo hozirga kelib yondashuv o'zgargan. Mamlakat AQShdan Amazon hududi tabiatini muhofaza qilish uchun 1 milliard dollarlik yordam so'ramoqda.
Yaponiya Bosh vaziri Yoshixide Suga deydiki, zaharli gaz chiqarish miqdori 2030-yilgacha 2013-yilga qaraganda 46 foizga tushadi. Oldinroq 26 foiz deb kelayotgan Tokio yangicha yo'ldan boradi, deydi bosh vazir.
Yaponiya atmosferani zaharlash bo'yicha Xitoy, AQSh, Hindiston va Rossiyadan keyin beshinchi o'rinda.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo so'zlariga ko'ra, uning mamlakati 2030-yilgacha gazlar miqdorini 40-45 foiz pasaytirishni ko'zlamoqda. Tryudo oldinroq 30 foiz degan edi.
Hindiston bu borada va'da bermayapti, lekin muqobil energetika sohasini kengaytirishga bel bog'laganini bildirdi. 2030-yilgacha quyosh, shamol va boshqa manbalardan 450 gigavaеt quvvat ishlab chiqaradigan tizim yaratiladi, deydi Bosh vazir Narendra Modi.
Rossiya rahbari Vladimir Putin deydiki, kelgusi 30 yilda uning davlatida sanoatlar zaharli gazlar chiqarishni keskin kamaytiradi. Unga ko'ra, Rossiyada 1990-yildan beri aslida bu miqdor 50 foizga pasaygan.
“Sayyoramiz, har bir mamlakat taraqqiyoti, inson hayoti va turmush farovonligi biz hozir bu borada ko'radigan choralarga bog'liq", - dedi Rossiya prezidenti.
Prezident Bayden ham sammitni shunday mazmunda ochgan edi.
Xitoy rahbari Si Zinpin 2030 va 2060-yilgacha rejalangan choralarni sanab, havo tozalanishi, iqlimdagi salbiy o'zgarishlarni imkon qadar bartaraf etishdan avvvalo uniki kabi yirik jamiyatlar manfaatdor ekanini tan oldi.
Yaqinda Xitoy va Amerika iqlim ravnaqi yo'lida birgalikda qadam tashlashga kelishib olgan edi.
Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In ko'mir sanoatini qisqartirib, muqobil yonilg'iga jadal tarzda o'tishni ko'zlamoqda.
Germaniya rahbari Angela Merkel sammit ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, AQShni alohida e'tirof etib, Donald Tramp prezidentligi davrida iqlim masalasi chetga surilganiga sha'ma qilib, hozirgi rahbariyatdan mamnun ekanini yashirmadi.
“AQSh bilan yana birgalikda iqlim bo'yicha siyosatni muhokama qilayotganimizdan xursandman. Chunki dunyo uchun sizning hissangiz shubhasiz juda muhim", - deydi Merkel.
Facebook Forum