22-23 aprel kunlari Oq uy boshchiligida o'tayotgan global iqlim bo'yicha virtual sammitdan maqsad atrof-muhit va atmosferani eng yuqori darajada buzayotgan davlatlarni birgalikda chora ko'rishga ko'ndirishdir. AQSh va Xitoy bu borada yetakchi. Ularning sanoati eng ko'p zaharli gazlar chiqaradi.
Tadbirga 40 davlat rahbari taklif qilingan. Ko'mir va neft zavodlaridan ekologik zararni kamaytirish hamda dunyo bo'ylab iqlim ravnaqi uchun dasturlarga homiylik qilish - Bayden ma'muriyati sammitda qatnashayotgan hukumatlardan shu borada dadil qadamlar kutmoqda.
Shu yilning noyabr oyida BMT Glazgo shahrida 200 ga yaqin davlatni to'plab, har biridan iqlim kelajagi va tabiatni asrab-avaylash uchun nima qilmoqchi ekanini so'raydi.
Yer yuzida harorat ko'tarilib bormoqda. Buning asosiy sabablaridan biri, deydi olimlar, insoniyat tabiatni avaylamayotgani. Zaharli gazlar miqdori oshgani sari atmosferaga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Bayden ma'muriyati gapdan amaliy harakatlarga o'tish tarafdori ekanini bildirib, AQSh iqtisodiyotini yashillashtirish rejasini tuzgan. Bu 2-3 trillion dollarga tushishi taxmin qilinadi, ammo Prezident Jo Bayden deydiki, yashillashtirish nafaqat bu davlat, balki jahon iqtisodiyotiga va ekologiyasiga misli ko'rilmagan foyda olib keladi.
AQSh, shuningdek, shu paytgacha global sahnada erishilgan kelishuvlarga rioya qilishga ham so'z bergan.
Yevropa Ittifoqi ham shu yo'ldan borib, Amerika bilan yaqindan ishlamoqchi.
Yaponiya va Kanada bu tashabbusni quvvatlagan va sherik. Xitoy ham qo'shilishini bayon qilgan. AQSh bilan yaqinda kechgan muzokarada zaharli gazlar miqdorini kamaytirish bo'yicha birdek chora ko'rishga ko'ngan.
Ko'mir va neftdan boshqa energetik manbalarga o'tish uzoq va murakkab, shuningdek, o'ta qimmat jarayon bo'lishi aniq. Davlatlar bir-biriga yordam berishi kerak, deydi eskpertlar.
Vashingtondagi Jorjtaun universitetidan Joanna Luis:
"Hamma Amerika nima qiladi, deb kutayapti. AQSh rostdan ham yetakchilik qiladi oladimi, namuna bo'la oladimi"?
Hindiston iqlimni zaharlashda uchinchi o'rinda. Bu davlat boy mamlakatlardan madad so'ramoqda, aks holda sanoatini yashillashtira olmaydi va energetik tizimini yangilay olmaydi.
“Qani mablag'? Biror joydan kelayotgani yo'q", - deydi Prakash Javadekar, Hindiston Ekologiya vaziri, G'arb bergan va'dalarga ishora qilib.
Rossiya zaharli gazlar miqdori bo'yicha to'rtinchi o'rinda. Sammitda qatnashmoqda, ammo boshqa ko'plab masalalar qatori bu yo'nalishda ham Vashington bilan til topisha olmasligi mumkin.
Donald Tramp prezidentligi davrida chetga surilgan ekologik loyihalar, uloqtirilgan xalqaro bitimlar tiklanmoqda. Bayden ma'muriyati Amerika og'ir sanoati bilan ham murosa qilishi kerak. Ko'mir sanoati lobbichilari Kongressdan bu sohadan voz kechmaslikni so'rab keladi. Ularga ko'ra, ko'mirsiz Amerika iqtisodiyoti va hayoti misli ko'rilmagan darajada ziyon ko'radi. Muqobil energiya manbalarining targ'ibotchilari esa buning aksini aytadi.
Oq uy iqlim muhofazasi uchun tashqi yordamni oshirishni rejalagan. Kongressda ko'plab qonunchilar bu taklifni hozircha yoqlamagan.
Davlat departamentida 21-aprel kuni Global iqlim bo'yicha maxsus vakil Jon Kerri qator davlatlarning tashqi ishlar vazirlari va ekspertlari bilan video muloqot qildi.
"Iqlim uchun qayg'urish bilimimizni oshirishdan boshlanadi. Tabiatni tushunishimiz zarur. Insoniyat o'zi yashaydigan sayyoraning buguni va ertasi haqida birgalikda chora ko'rishi lozim", - deydi Kerri.
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov so'zlariga ko'ra, Toshkent Vashington bilan iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kurashda hamkor, Amerika bilan bu masalalarda yaqindan ishlashga tayyor.
O'zbekiston uchun asosiy ekologik muammo - qurigan Orol dengizi va bu hududdagi og'ir vaziyat. Komilov Orolbo'yi tabiatini tiklash, aholi uchun sharoitni yaxshilash borasida O'zbekiston xalqaro tajriba va ko'makka tayanishini, hozirda innovatsion loyihalar ustida harakat ketayotganini aytdi.
Facebook Forum