Breaking News

AQSh infrastruktura loyihasida elektromobillar uchun milliardlab dollar sarmoya


Bayden: Elektromobillar ishlab chiqarishda Xitoydan orqadamiz
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:02 0:00

Bayden ma’muriyati Amerikada elektr avtobuslar ishlab chiqarishni oshirish rejasini targ’ib qilmoqda. Avtobuslardan chiqadigan zararli gazlarni kamaytirish uchun 45 milliard dollar ajratish ko’zlangan.

AQShda 500 mingdan ziyod maktab avtobuslari va tranzit avtobuslar bor. Aksariyati dizelda yuradi. Bayden ma’muriyati 2 trillion dollarlik infratuzilma loyihasi doirasida elektroavtobuslar uchun 45 milliard dollar ajratishni ko’zlamoqda.

“Elektr avtobus va avtomobillarning yetakchi ta’minotchisiga aylanishimiz kerak. Bu borada hozir Xitoydan ancha orqadamiz”, - deydi Prezident Jo Bayden.

U Janubiy Karolinadagi elektroavtobuslar va zaryadlash tizimlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyani virtual ko’zdan kechirdi.

Vitse-prezident Kamala Harris esa maktab avtobuslarini ishlab chiqaruvchi korxonaga bordi. 2030-yilgacha zararli gazlarni keskin kamaytirish kerak, deydi u.

“Biz taklif qilayotgan reja davlatimiz raqobatbardoshligini ta’minlaydi, ish o’rinlari yaratadi”, - deydi Harris.

Oq uyga ko’ra, loyiha iqlim bo’yicha Parij kelishuvida belgilangan maqsadlar bilan hamohang. Donald Tramp 2017-yilda tark etgan bu bitimga AQSh fevralda qayta qo’shildi.

Ammo Kongressdagi respublikachilar infrastruktura loyihasiga iqlim bilan bog’liq xarajatlar kiritilishiga qarshi.

Oq uy olg’a surayotgan reja elektr transport vositalariga yo’llar, ko’priklar, portlar va aeroportlarga qaraganda ko’proq pul sarflashni taklif qilayapti”, - deydi senator Jon Tyun.

Prezident Bayden va demokratlar muxolifat quvvatlovini olish uchun masalani Xitoy bilan raqobat kontekstida taqdim etmoqda. Mutaxassislarga ko’ra, Xitoy 2040-yilgacha infratuzilma loyihalariga yalpi ichki mahsulotining 5,1 fozini ajratishni ko’zlagan, AQSh esa atigi 1,5 foizini.

“Amerika ko’plab sohalarda birinchi o’rinda bo’lgani uchun ham turmush darajasi yuqori. Lekin infrastruktura bo’yicha 13-o’rindamiz”, - deydi Transport vaziri Pit Butejej.

Kelasi 10 yilda gazlar chiqindisini taxminan 50 foizga kamaytirishni ko’zlayotgan AQSh boshqa davlatlardan ham jiddiy qadamlar kutmoqda.

“Raqobatbardoshlikni oshirish uchun ta’minot zanjirlarini mustahkamlash g’oyasi qisman dunyoning qolgan qismlari ham iqlim bo’yicha o’z va’dalarini bajarishiga bog’liq. Yashil sohadagi yangi bizneslarni yaratishda, bu texnologiyalarni boshqalarga sotishda AQSh yetakchilikni qo’lga olsa, shu orqali o’z farovonligini ham ta’minlaydi”, - deydi energetika bo’yicha mutaxassis Sasha Makler.

Bayden rejasi “elektr avtomobillar bozorini egallash”, jumladan xaridorlar uchun soliq imtiyozlari berish, zaryadlash stansiyalari sonini 2030-yilgacha yarim millionga yetkazish uchun 174 milliard dollar ajratishni ko’zlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG