Breaking News

Uyg'urlar hikoyasi: Xitoy lagerlarida hayot qanday?


Xitoy lageridan omon chiqqan uyg'urlar hikoyasi (1-qism)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:35 0:00

Xitoydagi inson huquqlari ahvoli va uyg’urlarga nisbatan hukumat olib borgan tazyiq siyosati tufayli bir qator G’arb davlatlari Pekin qishki olimpiadasiga diplomatik boykot e’lon qilgan edi. Huquq faollariga ko’ra, Xitoy Shinjon muxtor viloyatida bir milliondan ortiq uyg’ur va boshqa ozchilik etnik musulmonlarni majburiy lagerlarda saqlamoqda. “Amerika Ovozi” shunday lagerlardan omon chiqqan va AQShga qochishga muvaffaq bo’lgan ba’zi uyg’urlar bilan gaplashdi.

Poytaxt Vashington yaqinidagi islomiy maktab pandemiya tufayli davom etgan uzoq tanaffus ortidan nihoyat yana eshiklarini ochdi. O’quvchilar orasida Shinjondan qochib kelgan uyg’ur muhojirlarining farzandlari ham bor.

Bu yerda ular uyg’ur tili va madaniyatini o’rganadi. Shuningdek, din, madaniyat va turkiy dunyo tarixidan ham saboq oladi.

Bu yerdagi uyg’ur bolalarning deyarli barchasida ba’zi oila a’zolari Shinjonda qolgan. Ular yo majburiy lagerlarda yoki vafot etgan.

“Tog’am qamoqxonada. Uni uch yilga qamashgan edi, lekin 20 yildan beri qamoqda”, - deydi bolalardan biri.

“Xolam, bobom va tog’amlar uyda qolishgan. Ularni ko’ra olmaymiz, bu yerga ham kelisha olmaydi”, - deydi yana bir o’quvchi.

“Bobom va buvimning pasportlarini olib qo’yishgan. Ularga kamdan-kam telefon qila olamiz”, - deydi yana bir uyg’ur o’quvchisi.

“Onam tomondan bobo-buvilarim kasallik tufayli olamdan o’tdi. Ular kasalxonaga ham bora olmadi”, - deydi yana bir bola.

Bular vatanda qolgan yaqinlarining suratlari. Ularning barchasi yo qamoqda yoki qayerda ekani noma’lum. Xitoy hukumati nafaqat uyg’urlarni, balki qirg’iz, o’zbek va boshqa ozchilik etnik musulmonlarni ham qatag’on qilayotgani aytiladi.

Pekin Shinjonda majburiy lagerlar mavjudligini rad etadi. Hukumatga ko’ra, ular tarbiya markazlari bo’lib, bu yerda mahalliy aholi kasb-hunar o’rganadi hamda terrorizm va ekstremizmga qarshi ta’lim-tarbiya oladi.

Aslida esa maqsad bu ozchilik elatlarning madaniyatini yo’q qilish, deydi Ratgers universiteti professori Enji Abdulqodir.

“Hukumatning bu siyosatiga ergashmaydigan deb topilgan shaxslar majburiy lagerlarga tashlangan. Bu lagerlarda hozir kamida bir million musulmon uyg’ur bor. Pekin ularni terrorizmga qarshi kurash markazlari deb ataydi”, - deydi Abdulqodir.

Bu lagerlardan eson-omon chiqib, AQShga kelishga muvaffaq bo’lgan 44 yoshli Tursunoy Ziyovuddinning aytishicha, u Shinjonda ikki marta hibsga olingan va 10 oydan ziyod lagerda saqlangan. Ko’plab millatdoshlari diniga amal qilgani uchun hibsga olinganini aytadi.

“Lagerda ko’plab odamlar hech qanday sababsiz hibsga olinganini ko’rdim. Ibodat qilgani, Qur’on o’qigani, hijob kiygani uchun olib ketishgan. Xullas, islomga amal qilgani uchun”, - deydi u.

Lagerda Tursunoy va boshqa xonadoshlari tunu kun 24 soat kuzatuv kamerasi ostida bo’lgan.

“Lagerda o’z tilimizda gapirishimizga ruxsat berishmadi. Hatto Shinjon so’zini ham ishlata olmasdik. Hech qanday Shinjon yo’q, faqat Xitoy respublikasi bor, deb aytishardi”, - deydi Tursunoy.

“Human Rights Watch” tashkiloti hisobiga ko’ra, Shinjondagi lagerlarda bir milliondan ortiq musulmon saqlanmoqda.

Bu orada Virjiniyadagi maktabda uyg’ur bolalari o’z ona tilini o’rganmoqda. Ular AQShda uyg’ur va musulmon sifatida yashab, haqiqiy erkinlik nafasini his qilmoqda. Hozircha Xitoydagi qarindoshlari bunday imkoniyatdan mahrum.

Istanbulda ota-onasiz yashayotgan uyg'ur bolalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:46 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG