27-fevral kuni Belarus fuqarolari konstitutsiyani o'zgartirish uchun ovoz berdi. Prezident Aleksandr Lukashenkoning aytishicha, bu referendum natijasi hukumatga Rossiya ittifoqchisi sifatida Ukrainada jang qilish imkoniyatini yaratadi. Bosh qomusga kiritilayotgan tuzatishlar, shuningdek, uzoq yillik avtoritar rahbarga 2035-yilgacha hokimiyatda qolishi uchun zamin hozirlaydi.
Belarus endi tashqi siyosatdagi "neytral" maqomdan voz kechib, zarur topilganida harbiy amaliyotlarga qo'shilish va xorijda urush olib borishi mumkin.
AQSh razvedkasi taxminicha, yaqin orada Lukashenko 48 minglik qo'shinni Ukrainaga qarshi safarbar etishi mumkin.
Ayni damda Minks Moskva va Kiyev vakillarini bir davraga to'plab, tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilmoqda, ammo Ukraina bu muloqotdan konkret natija kutmayapti.
Rossiya qo'shinlari allaqachon bu davlat hududi orqali Ukrainaga kirgan va u yerdan turib, qo'shni mamlakatni nishonga olmoqda.
Kiyev Belarus chegarasidan 75 kilometr janubda. Ukraina hukumatiga ko'ra, rus kuchlari shimoldagi qo'shni hududidan turib, xalqni o'ldirmoqda. Kreml esa urush aholiga qarshi qaratilgan emas, deya da'vo qiladi.
Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy Belarusni qoralab, Ikkinchi jahon urushidan beri uning mamlakati bu qadar qonli hujumlar bilan yuzlashmagani va uni hozirda aynan qo'shnilar qilayotganini la'natladi.
“Rossiya harbiylari Ukrainaga sizning hududingizdan turib o'q otmoqda, bizning bolalarimizni o'ldirmoqda, uylarimizni vayron qilmoqda, o'nlab yillar davomida bunyod etilgan hamma narsani portlatib, vayronaga aylantirmoqda", - deya murojaat qildi Zelenskiy Belarus xalqiga rus tilida.
Ukraina rahbari Belarusni vijdonsizlikda ayblab, "siz bir-biringizga va bolalaringizning ko'ziga tik qaray olasizmi?" - deya savolga tutdi.
“Biz - sizning qo'shningizmiz. Rossiya emas, Belarus bo'ling!" - dedi Zelenskiy.
Belarus rahbariga ko'ra esa Zelenskiy "Amerika qo'g'irchog'i" va NATO ga intilishdan qaytmagani uchun jazolanmoqda.
Ukrainani harbiy va moliyaviy jihatdan quvvatlayotgan G'arb Lukashenko hukumatiga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirmoqda.
Lukashenko fikricha, bu cheklovlar "dunyoni Uchinchi jahon urushiga yetaklaydi".
Belarus prezidenti oldinroq qilgan bayonotlarida Rossiyaga atom qurollari uchun ham joy berishi mumkinligini aytgan. 26-fevral kuni Fransiya rahbari Emmanuel Makron bilan telefonlashganida, Lukashenko agar AQSh va ittifoqchilari NATO a'zolari Polsha va Litvaga, Belarusga qo'shni davlatlarga, yadro qurollari olib kirsa, Minsk keskin qarorlar qilishi haqida ogohlantirgan.
Belarusning Sovet ittifoqi tarqab ketganidan keyingi birinchi prezidenti Stanislav Sushkevich deydiki, "Rossiya qurollarini tirab turar ekan, bu referendum xo'jako'rsinga o'tkazildi. Rus qo'shinlari Belarusda uzoq vaqt qolishiga shubha yo'q".
Shushkevich nazarida, Lukashenko Belarusni kelajakdan ayirib, "aqldan ozgan Putinning o'yinlari uchun hovliga aylantirmoqda".
Lukashenko, deydi u, Kremlga mutlaq tobe.
2020-yilda mamlakatda hukumatga qarshi namoyishlar avj olganida Lukashenko Putinning quvvatloviga tayangan. Ommaviy chiqishlarga uning oltinchi bor prezidentlikka saylanishi turtki bergan edi. Uning davrida biror saylov erkin va adolatli baholanmagan.
Muxolifat hozir ham uning qarorlarini xalq va davlatga qarshi jinoyat sifatida ko'rib, Lukashenko Belarusni Rossiyaga sotdi, deya bong urmoqda.
Siyosiy faollar deydiki, aslida Belarus ommasi Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga qat'iyan qarshi, mustaqillik va suverenitetni qadrlaydi.
AQSh Davlat departamenti Minskdagi elchixonasini yopgan. Amerika Rossiyadagi diplomatlari sonini ham kamaytirgan.
Facebook Forum