Breaking News

AQSh, Yevropa Ittifoqi va Britaniyadan Putinga qarshi sanksiyalar


Kreml: Prezident Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov
Kreml: Prezident Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov

AQSh, Yevropa Ittifoqi va Britaniya Rossiya rahbari Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga tegishli mulk va bank hisoblarini muzlatmoqda. Boshqa davlatlarda ham shunday choralar muhokamada.

Britaniya bosh diplomati Liz Trass “Kreml Ukraina suverenitetini buzishdan to'xtamaguncha, uni iqtisodiy jazolashdan to'xtamaymiz", deya tvit qildi.

Moskvadan Lavrovning so'zlovchisi Mariya Zaxarova deydiki, bu sanksiyalar G'arbning "mutlaq noqobil" ekanini ko'rsatadi.

Putin va Lavrov shu tariqa sanksiyalangan oz sonli liderlar qatoriga kirdi. Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko va Suriya rahbari Bashar al-Assad Yevropa Ittifoqi cheklovlari ostidagi prezidentlardir.

Avstriya Tashqi ishlar vaziri Aleksander Shallenberg nazarida BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zosi shunday ahvolga tushgani sharmandalikdir. Yevropa Ittifoqi Putinga qarshi yakdil, deydi Shallenberg.

Blok hozirda Rossiya banklari, energetika kompaniyalari va harbiy sanoatiga nisbatan cheklovlar qo'ygan. Putin va Lavrovning Yevropaga safar qilishi man qilinmagan, chunki ular muzokara uchun kela olishlari kerak.

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Rossiyani "SWIFT" xalqaro moliya o'tkazma tizimidan haydashga chaqirmoqda. Bu Kreml uchun "maksimal azob" bo'ladi, deydi Jonson.

Ukraina bunday chora qo'llashga anchadan beri undab keladi.

Germaniya bosh diplomati Annalena Berbok deydiki, bank sektorida shu kunlarda joriy etilgan sanksiyalar Putin va Rossiyani "SWIFT" dan haydashdan ham qattiqroq jazolaydi.

"Qattiq qilich har doim ham samarali qurol bo'lmasligi mumkin. Qilich o'tkir bo'lishi muhimroq", - deydi u, Rossiya banklari bilan ishlashni man etish kuchliroq harakat, deya tushuntirar ekan.

Lyuksemburg Tashqi ishlar vaziri Jan Asselbornga ko'ra, "SWIFT" dan haydash masalasi hamon muhokamada.

Rossiya hozirda Britaniya samolyotlarini o'z osmonida uchishini taqiqlagan, Britaniya esa "Aeroflot" parvozlarini.

Oq uyga ko'ra, bu hafta ketma-ket qo'yilgan sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotini va harbiy tizimini qisqa, o'rta va uzoq muddatda holdan toydiradi.

Ularning samarasini shubha ostiga olayotganlarga Bayden ma'muriyati "baholashga shoshmang", deya javob qilmoqda. Sanksiyalar ta'siri Rossiya uchun chuqur, keng va ayanchli bo'ladi, deydi rasmiylar.

Shu kunlarda o'tkazilgan ommaviy so'rovlarda aksariyat amerikaliklar Rossiyaning Ukrainaga hujumini AQSh manfaatlariga ulkan tahdid deb hisoblashini aytgan.

So'rov Putin Donetsk va Luganskni mustaqil davlatlar deb tan olishidan oldin olib borilgan. Tadqiqotchilar kuzatishicha, urush ochilganidan beri aholi orasida Putin va Rossiyaga nisbatan qarshilik kuchaygan.

(AP, AFP, "Reuters" axborotiga ham tayanildi)

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG