Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqidagi bo’lginchi ikki hududni tan olishi va ular bilan hamkorlik haqida bitim imzolashi ketidan Donetsk va Luganskdagi isyonchi respublikalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Ukraina hududida maxsus harbiy amaliyot boshlangani haqida ma’lum qildi. G’arb davlatlari buni bosqin deb atamoqda.
"Amaliyotdan maqsad so’nggi 8 yil davomida do’q-po’pisa va qatliomga uchrab kelgan odamlarni himoya qilish. Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilishga intilamiz, oddiy fuqarolar, jumladan Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga qarshi uyushtirilgan ko’plab qonli jinoyatlarga qo’l urganlarni sudga tortamiz”, - dedi Putin.
Rossiya rahbari Ukraina armiyasiga murojaat qilib, qurollarini tashlashga va uylariga ketishga chaqirdi.
"Ushbu talabga rioya qilgan har bir askar jangovar zonani tark etib, oilasiga qaytish imkoniga ega bo’ladi. Zamonaviy Ukraina hududidan muntazam ravishda tahdid taralayotgan bir paytda Rossiya o’zini xavfsiz his qila olmaydi, rivojlana olmaydi”, - dedi Putin.
Rossiya rahbari harbiy harakatlarga aralashmoqchi bo’lgan tashqi kuchlarni ogohlantirdi.
"Kimki bizga to’siq qo’ysa va mamlakatimiz, xalqimizga tahdid solsa, bilsinki, Rossiyaning javobi tez bo’ladi. Tarixingizda bo’lmagan oqibatlar bilan yuzlashasiz”, - dedi Putin.
Rossiya Mudofaa vazirligiga ko’ra, maxsus amaliyot paytida aholi punktlari va shaharlar nishonga olingani, raketa, artilleriya va havo hujumlari qo’llangani yo’q.
“Razvedka ma’lumotlarimizga ko’ra, Ukraina chegara qo’shinlari Rossiya qismlariga qarshilik ko’rsatgani yo’q, o’z pozitsiyalari va qurollarini ommaviy ravishda tashlab ketishmoqda. Yuqori aniqlikdagi qurollarimiz hujumlari natijasida Ukraina qurolli kuchlariga tegishli 74 ta harbiy inshoot, jumladan harbiy-havo kuchlariga tegishli 11 ta aerodrom, 3 ta qo’mondonlik punkti, Ukraina harbiy-dengiz kuchlari tayanch nuqtasi hamda 18 ta radiolokatsion stansiyalar ishdan chiqarilgan”, - dedi vazirlik so’zlovchisi general-mayor Igor Konashenkov.
Rossiya harbiy harakatlari natijasida Ukraina poytaxti Kiyev va boshqa shaharlarda portlashlar, o’q ovozlari eshitilgan.
Bo’lginchi respublikalar amaliyotdan maqsad Lugansk va Donetsk viloyatlarining Ukraina nazoratidagi qismlarini ozod qilish deb aytmoqda, biroq kuzatuvchilar rus qo’shinlari Kiyevga ham hujum qilib, amaldagi hukumatni ag’darmoqchi ekaniga ishora qilyapti.
Guvohlar “Z” harfi tushirilgan tanklar Qrimdan Ukrainaning Xerson viloyatiga kirganini aytmoqda.
Aholining bir qismi uylarini, Xarkov, Mariupol, Kiyevni tark etishayotgani xabar qilinmoqda. Ba’zilar qo’shni Polshaga qochmoqda.
“Ota-onamnikiga ketyapman. Ular Ukrainaning markaziy qismida yashashadi. Umid qilamanki, u joy xavfsizroq. Portlashlarni eshitganim yo’q, ammo tuni bilan uxlolmadim. Urush sahar 4 da boshlanadi deyishdi, ammo bunday bo’lmadi”, - deydi kiyevlik bir ayol.
“Cherkassga ketyapmiz. Oilamiz yoniga. Bunday xavfli paytda birga bo’lish kerak. G’alaba qilishimizga ishonaman”, - deydi yana bir kiyevlik.
"Farzandlarimni xavfsiz joyga eltib qo’yib, qaytaman va jang qilaman. Ukraina g’alaba qozonadi”, - deydi Aleksandr ismli haydovchi.
"Bunday bo’lmaydi deb umid qilgandik. Aqli raso odam bunday qilishiga ishongim kelmayapti”, - deydi yana bir odam.
Poytaxt ko’chalarida tirbandlik, shaharlararo avtobus bekatlarida, yoqilg’i quyish shoxobchalarida uzun navbatlar.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy xalqqa murojaat qilib, Rossiya bosqini haqida ma’lum qildi, aholini vahimaga berilmaslikka chaqirib, dunyo rahbarlaridan Rossiyaga sanksiya qo’yishni so’rashini aytdi, vatandoshlarini qo’lda qurol bilan mudofaaga, yaralangan askarlarga qon berishga tayyor turishga chaqirdi, aholiga qurol tarqatilishini bildirdi.
Mamlakatda harbiy holat e’lon qilindi. Zelenskiy Ukraina Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzayotganini aytdi.
AQSh va G’arb davlatlari Rossiya hujumini qoralarkan, Moskvani keng qamrovli sanksiyalar bilan jazolashga do’q-po’pisa qilmoqda.
Bundan bir kun oldin Ukraina rahbari bilan gaplashgan AQSh Prezidenti Jo Bayden ittifoqchi davlatlar Rossiyaning asossiz hujumiga kollektiv ravishda javob berishini aytdi.
"Prezident Putin qurbonlar va azob-uqubatlarga yetaklovchi va oldindan rejalangan urushni boshlashga qaror qildi”, - dedi u.
Bayden bugun milliy xavfsizlik kengashiga a’zo rasmiylar bilan vaziyat xususida gaplashgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 15 a’zolik Xavfsizlik Kengashi majlisida bugungi kunni ushbu lavozimidagi “eng qayg’uli kun” deb atadi.
"Prezident Putin, insoniyat nomidan askarlaringizni Rossiyaga qaytarishni so’rayman”, - dedi u.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiya harakatlarini “sovuqqon bosqin” deb atab, uni qoraladi, alyans mudofaasi kuchaytirilishi, juma kuni favqulodda majlis o’tkazilishi haqida ma’lum qildi.
"Qit’amizda tinchlik chilparchin bo’ldi. Yevropada urush boshlandi – ko’lami bo’yicha biz tarixda qoldi deb o’ylagan urush”, - dedi Stoltenberg.
NATO rahbari bilan uchrashgan Yevropa Ittifoqi liderlari Rossiyaga yangi sanksiyalar qo’yilishini, uning mulklari muzlatilishini, rus banklari Yevropa moliya bozorlaridan chetlatilishini ma’lum qildi.
"Prezident Putin Yevropaga urushni qayta olib kelgani uchun mas’uldir. Yevropa Ittifoqi uni javobgar deb hisoblaydi”, - dedi Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen.
Yevropa Ittifoqi sanksiyalarning birinchi qismini chorshanba kuni ma’qullab, rossiyalik qonunchilarni qora ro’yxatga qo’shdi.
Bugun yangi jazo choralari muhokama etilmoqda. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha komissari Jozep Borrelga ko’ra, tashkilot Ukrainaga yordam paketini hozirlaydi.
Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida Rossiyaning bir tomonlama harakatlarini qoralab, AQSh va xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda tezkor javob berilishini aytdi.
Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson rus iqtisodiyotini parchalashga qaratilgan yirik sanksiyalar qo’llashga do’q-po’pisa qildi. Uning aytishicha, G’arb Rossiya nefti va gaziga tobelikdan qutulishi kerak.
Germaniya Iqtisodiyot vaziri Robert Xabekning bildirishicha, uning mamlakati rus gazi va ko’miridan voz kechib, yoqilg’ining muqobil manbalarini qidirishga kirishadi.
Germaniya Kansleri Olaf Sholsga ko’ra, Rossiyaga bu urush juda qimmatga tushadi va Putin katta xato qildi.
"Putin o’z qo’shnisiga azob-uqubat va vayrona keltirdi, Ukraina suvereniteti va chegarasini poymol qildi”, - dedi u.
Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbokning aytishicha, Berlin Rossiyaga qarshi sanksiyalarning to’liq paketini ishga soladi.
"Agar hozir qattiq chora ko’rmasak, keyin o’zimizga qimmatga tushadi”, - dedi u.
Polsha Prezidenti Andjey Duda ham Rossiya bosqinini qoraladi.
"Urushni to’xtatib, Ukrainani o’z holiga qo’yishlarini so’rayman. Buning uchun qo’limdan kelganini qilaman”, - dedi u milliy xavfsizlik kengashidagi majlisdan chiqib.
Polsha Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, yaralangan ukrainalik askarlarni qabul qilish uchun mamlakatda gospitallar hozirlanmoqda.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiyaning urush harakatlariga munosabat qattiq bo’lishini aytdi.
"Tungi voqealar Yevropa tarixida burilish nuqtasi bo’ldi. Ushbu urushga qo’rqmasdan, xotirjamlik va qat’iyat bilan, birlikda javob beramiz”, - dedi u.
“Katta Yettilik” guruhiga a’zo mamlakatlar rahbarlari bugun virtual majlis qilib, kollektiv javob choralarini muhokama qilgan.
Avstraliya Bosh vaziri Skott Morrison Rossiyaga qarshi sanksiyalar kengaytirilishini ma’lum qildi. U ham Yevropa Ittifoqi kabi Donetsk va Luganskdagi isyonchi hududlarni tan olgan rossiyalik qonunchilarni, Rossiya qurolli kuchlarining 25 nafar qo’mondonini, mudofaa vaziri muovinlarini, rus yollanma jangchilarini hamda harbiy texnologiya va qurol ishlab chiqarish va sotishga mas’ul to’rtta kompaniyani qora ro’yxatga kiritmoqchi. Kanberra, shuningdek, bungacha qora ro’yxatga kiritilgan beshta rus bankiga yana 4 ta moliyaviy tashkilotni qo’shib qo’ymoqchi.
Yevropa Ittifoqida Rossiyaga eng xayrixoh Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ham Putin harakatlarini olqishlamadi.
"Rossiya bugun Ukrainaga hujum qildi. Yevropa Ittifoqi va NATOdagi ittifoqchilarimiz bilan uning harbiy harakatini qoralaymiz. Vengriya ushbu urushdan chetda turishi kerak, chunki xalqimiz xavfsizligi ustundir. Shu sabab Ukrainaga na askar, na harbiy texnika yuboriladi. Biroq gumanitar yordam berishga tayyormiz”, - dedi Orban.
Rossiya bilan do’stona aloqada bo’lgan Isroil ham urushni qoraladi.
"Rossiya Ukrainaga hujum qilib, xalqaro tartibni qo’pol ravishda buzdi. Harbiy harakatlarni to’xtatib, muzokara stoliga qaytishga, yirik davlatlar vositachiligida kelishmovchiliklarni tinch yo’l bilan hal qilishga hali ham vaqt bor”, - dedi Isroil Tashqi ishlar vaziri Yair Lapid.
Odatda Yevropadagi siyosiy jarayonlarni sharhlamaydigan Janubiy Koreyadan ham Rossiya harakatlarini qoralovchi bayonot yangradi. Bu mamlakat prezidenti Mun Jey Inning aytishicha, Seul Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni qo’llayotgan mamlakatlarga qo’shiladi.
Milliy xavfsizlik kengashida so’zlagan Munga ko’ra, Ukraina suvereniteti, hududi va mustaqilligini hurmat qilish kerak.
Rossiyaga yaqin yana bir mamlakat rahbari ham Putin harakatlarini qoraladi.
"Gretsiya har bir davlat hududiy daxlsizligi, suvereniteti va mustaqilligini tan oladi. Ushbu qadriyatlarni oyoqosti qiluvchi revizionist harakatlarni, begunoh insonlar o’limiga sabab bo’luvchi kuch qo’llanishini qoralaydi. Yevropa Ittifoqi va NATO a’zosi sifatida hamkorlar bilan maslahatlashib, umumiy munosabat bildiramiz”, - dedi Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Ukrainaning hududiy daxlsizligi uchun kurashini qo’llab-quvvatlashini aytib, Rossiya hujumini mintaqa tinchligi va barqarorligiga “qattiq zarba” deb atadi.
Unga ko’ra, Turkiya u bilan dengiz orqali chegaradosh har ikki mamlakat bilan do’stona aloqaga ega va ularning orasidagi mojaro Turkiyani “chin dildan xafa qilmoqda”.
Rossiya bilan iliq aloqalarga ega Chexiya Prezidenti Milosh Zeman Rossiya hujumini “tinchlikka qarshi jinoyat” deb atab, qattiq sanksiyalar kiritishga, jumladan Rossiyani SWIFT xalqaro to’lovlar tizimidan o’chirishga chaqirdi.
Ruminiya Prezidenti Klaus Yoxannis Ukrainaga qarshi bosqinni qoralab, uni “asossiz, noqonuniy va sababsiz tajovuz” deb atadi.
Indoneziya hukumati ham Ukrainadagi mojaroni qoralamoqda.
"Odamlar xavfsizligini yemiruvchi qurolli nizoning kuchayishidan xavotirdamiz”, - deyiladi bu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Janubiy va Lotin Amerikasining Braziliya va Kolumbiya kabi mamlakatlari ham Ukrainaga hujumni qoraladi. Argentina esa barcha taraflarni muloqotga chorladi.
Facebook Forum