Breaking News

O'zbekiston Rossiya-Ukraina mojarosi yuzasidan hozircha jim


Ukraina harbiylari, Kiyev, 29-yanvar, 2022
Ukraina harbiylari, Kiyev, 29-yanvar, 2022

Moskva Ukraina ayirmachilari mustaqilligini tan olgan bir paytda O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga uch kunlik safarda.

Mirziyoyev tashrifining Ukraina ziddiyatiga bog’liq joyi yo’q, biroq muxtor respublika uchun ham ayirmachilik kayfiyati begona emas. Bu esa Rossiya uchun qulay bosim vositasi bo’lishi mumkin, deya xavotirlanadi ayrim tahlilchilar.

Prezident Vladimir Putin Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlarini mustaqil respublikalar sifatida tan olishi Qrim ishg’olini ham yodga solyapti.

2014-yilda Qrim bosib olinganida, xalqaro hamjamiyat uni Rossiya hududi deb tan olmagan. Ammo buni yoqlab chiqqan davlatlar ham bor, xususan Markaziy Osiyoda.

Lugansk Xalq Respublikasi (LXR) va Donetsk Xalq Respublikasi (DXR) Belarus, Suriya, Venesuela va Kuba kabi sanoqli davlatlar tomonidan olqishlangan.

Rossiya ittiffoqchilari joylashgan Markaziy Osiyoda ham Ukraina hududlarini bir tomonlama tan olinishiga nisbatan ehtiyotkorona munosabatlar kuzatiladi.

Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tilovberdi Lugansk va Donetskni tan olish masalasi kun tartibida emasligi, ziddiyatni xalqaro me’yorlarga muvofiq yechish lozimligini ta’kidlagan.

Qirg’iziston rahbari Sadir Japarov Ukrainadagi ziddiyat haqida fikr bildirar ekan, biror respublikani tan olish yoki olmaslik mamlakatning ichki ishi ekanligi, bu respublikalarning tan olinishi zaruriy chora bo’lganini ham ehtimol qiladi.

Armaniston DXR, LXR tan olinishi uning uchun dolzarb emasligi, ziddiyatning diplomatik yo’llar orqali hal etilishiga umid bildirgan.

Markaziy Osiyoda Ukrainadagi bu ziddiyat bo’yicha hozircha sukutda qolayotgan davlatlar - O’zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston.

Rasmiy Toshkent, ayniqsa mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan, bir necha yillardan buyon davom etib kelayotgan Ukraina ziddiyatini chetlab keladi.

Qrim masalasida ham Mirziyoyev ma'muriyati pozitsiyasi mavhum. Ishg’ol ochiq tan olinmagan, inkor ham qilinmagan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralarga ko'ra, Rossiya-Ukraina mojarosi o’zbek jamoatchiligi diqqatida turgan xavotirli masala.

Ukrainani qo’llab chiqayotgan, o’z sahifasiga Ukraina bayrog’ini tikayotgan foydalanuvchilar ko’p.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog'istonda, 23-fevral, 2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog'istonda, 23-fevral, 2022

Blogerlar, rasmiy sukutdan farqli, Ukraina masalasida jim emas, ayniqsa Putinning o’z xalqiga murojaatida sobiq ittifoq davlatlariga Rossiya tomonidan hadsiz in’omlar qilinganiga doir iddaolar yangrashi jamoatchilikda g’azab uyg’otgani ham kuzatiladi.

Rossiyaning LXR, DXRni tan olishga doir chaqirig’iga nisbatan Markaziy Osiyodagi hozirgacha mavjud munosabatlar mintaqa bu ayirmachi hududlarni tan olishga bormasligidan darakdek.

Ammo bu vaziyat o’zgarishi mumkin. Sharhlovchilar Ukraina ziddiyati bo’yicha xalqaro bosimning qat’iyligi mintaqa davlatlarini ham hushyorlikka undayotganini ta’kidlaydi.

Sobiq siyosiy mahbus, siyosiy faol Yusuf Ro’zimurodov deydiki, Ukrainadagi ziddiyatda, xususan Donbass masalasida ham Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etilayotgani mintaqa davlatlarini Moskvani qo’llash oqibatlarini o’ylashga majbur qilmoqda.

“Agar xalqaro jamoatchilik Rossiya agressiyasiga jim qarab tursa, xususan sanksiyalardam voz kecha boshlasa, Markaziy Osiyo davlatlaridan ayrimlari DXR, LXRni tan olib bayonot qilishsa ajablanmaslik kerak. Deylik, harbiy qudrat jihatdan to’liq Rossiyaga bog’lanib qolgan Tojikiston shunday bayonot berishga majbur qolishi mumkin. Toshkent masalasiga kelsak, Ukraina bo’yicha biror munosabat kutmaslik kerak, ammo Mirziyoyev hokimiyati tan olishning xavfi qanday ekanligini yaxshi tushunadi. Ayniqsa, Qozog’istondan keyin navbat O’zbekistonga kelishi haqidagi ogohlantirishlar ortidan”.

Ro’zimurodov fikricha, Mirziyoyevning Qoraqalpog’istonga uch kunlik safari Ukraina vaziyati bilan bog’liq emas, ammo O’zbekiston hukumati ayirmachi hududlar bilan bog’liq xatar yuzaga chiqishi mumkinligini yaxshi biladi.

“O’zbekiston hukumati xavotirda. Ukraina, DXR, LXR bo’yicha munosabat yo’qligi, bo’lmasligi ham ko’proq shunga asoslanadi. Men O’zbekiston hukumati ayirmachi hududlarni tan olishga doir biror bayonot qiladi degan fikrdan yiroqman. Toshkent shu pozitsiyada qoladi, boshqa tomondan Moskvaga qarshi boruvchi biror jiddiy bayonotdan ham saqlanadi”, - deydi Yusuf Ro’zimurodov.

Rossiya, Qrim tasarrufidan farqli, Donetsk va Luganskni o’z tarkibiga qo’shmadi, ularni mustaqil respublikalar sifatida tan oldi.

Ammo bu respublikalar bilan shoshilinch harbiy hamkorlik shartnomasini imzoladi. Rossiya qo’shinlari, harbiy texnikasi xalqaro me’yorlarga muvofiq Ukraina hududi sifatida qolayotgan bu hududlarda joylashtirila boshlandi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG