Breaking News

Ekspertlar: “Rossiya-Ukraina masalasida Qirg’iziston neytral pozitsiyada qolishi kerak”


Lugansk, 23-fevral, 2022: Severodonetsk shahrida ukrain harbiylarining banneri oldidan o'tib ketayotgan ayol
Lugansk, 23-fevral, 2022: Severodonetsk shahrida ukrain harbiylarining banneri oldidan o'tib ketayotgan ayol

Qirgʻiziston rahbari Sadir Japarov oʻzining "Feysbuk" sahifasida Ukraina sharqidagi vaziyatga izoh berdi.

Japarov voqealar rivojini “xavotir va chuqur tashvish bilan” kuzatayotganini aytib, Qirg'iziston bu mojaroni hal etish uchun BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan quvvatlangan Minsk kelishuvlariga rioya qilish zaruratini ta'kidlagan.

“Afsuski, kelishuv talablari bajarilmaganligi hozirgi murakkab vaziyatga olib keldi”, - deydi Qirgʻiziston rahbari.

“Men yuzaga kelgan vaziyatni faqat tinch diplomatik yoʻl bilan va muzokaralar stoli oʻrtasida tartibga solish zarurligiga aminman”, - deb yozadi Japarov.

Uning fikricha, u yoki bu davlatni tan olish har qanday davlatning suveren huquqidir.

Qirgʻiziston Konstitutsion sudining sobiq sudyasi Klara Sooronkulova nazarida prezidentning bu bayonoti shoshilinch va chuqur oʻylanmagan pozitsiya. U bu haqda “Feysbuk” sahifasida yozgan.

Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligi Donetsk va Lugansk boʻyicha munosabat bildirmagan.

Qator siyosatchi va tahlilchilarga ko'ra esa Rossiya-Ukraina mojarosi Qirgʻizistonga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladi.

Vaziyat jiddiylashib, Gʻarb davlatlari Rossiyaga sanksiyalarni kiritar ekan, mehnat muhojirlari joʻnatayotgan mablagʻlar kamayib, pul oʻtkazmalariga qaram boʻlgan Qirgʻiziston iqtisodiy muammolar bilan yuzlashishi mumkin.

Qirgʻiziston neft mahsulotlarining 95 foizini Rossiyadan import qiladi
Qirgʻiziston neft mahsulotlarining 95 foizini Rossiyadan import qiladi

Qirgʻizistonning iqtisod bo'yicha sobiq vaziri Emil Umetaliev “Amerika Ovozi” bilan suhbatda deydiki:

“Bu vaziyatning taʼsiri Qirgʻiziston uchun har jihatdan ogʻir boʻladi. Birinchidan, biz Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boʻlganimiz sabab, Rossiyaning hozirgi iqtisodiy vaziyati soat sayin ogʻirlashib, pastlab borayotganidan uning etagiga yopishgan bizning iqtisodimiz ham bundan keyin afsuski, qiyin vaziyatga uchraydi, buning azobini yana xalq tortadi. Byudjetni toʻldira olmay qolgan davlat xalqqa, kichik va oʻrta biznes vakillariga koʻproq bosim koʻrsatishi ehtimol. Bundan tashqari, barcha sobiq sovetlar ittifoqi tarkibida boʻlgan davlatlarning mustaqilligi ham katta sinov ostida. Shu sababdan Markaziy Osiyo davlatlarining davlat rahbarlari, siyosatchilari bu holatda oʻz tashqi siyosatini birgalikda, bir fikrga kelgan holda bosqinchilikdan yoki ayirmachi harakatlarning qurboni boʻlmaslik uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan kelishuvlarga tayanib ish olib borishi lozim”, — deydi Umetaliev.

Xalqaro aloqalar boʻyicha ekspert Chinara Esengul ham Umotaliyevning fikriga qoʻshiladi. Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda kuchli boʻlishga harakat qilishi kerak, deydi u. Rossiyaning koʻziga qarab turaversa, mintaqa xavfsizlik borasida ko'plab muammolar bilan yuzlashishi mumkin.

Qirgʻiziston rahbari Sadir Japarov Rossiya-Ukraina mojarosini “xavotir va chuqur tashvish bilan” kuzatayotganini aytgan. Biroq, uningcha, u yoki bu davlatni tan olish har qanday davlatning suveren huquqidir.
Qirgʻiziston rahbari Sadir Japarov Rossiya-Ukraina mojarosini “xavotir va chuqur tashvish bilan” kuzatayotganini aytgan. Biroq, uningcha, u yoki bu davlatni tan olish har qanday davlatning suveren huquqidir.

“Shu bilan birga, Qirgʻiziston uchun Donetsk va Luganskni mustaqil davlatlarni tan olish yoki olmasligi boʻyicha bizni hech kim majburlamaydi deb oʻylayman. Shuning uchun bu borada neytral pozitsiyada boʻlib, bu masalani davlat darajasida oshkora muhokama qilishning ham hojati yoʻq boʻlsa kerak. Chunki biz Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti ga ham aʼzomiz. U yerda ham koʻplab masalalar bor. Shuning uchun, qaysidir masala boʻyicha aniq pozitsiyani bildirmaslik vaziyatlari amalda avval ham boʻlgan, ayni vaziyatda ham aniq bir pozitsiyamizni bildirmasak hech narsa boʻlmasa kerak. Umuman qanday siyosat olib borish kerak deydigan boʻlsak, Qirgʻiziston ichki birlikni kuchaytirib, qirgʻiz tilini rivojlantirish bilan birga, rusiy zabon fuqarolarimizni kamsitmagan holda vatanparvar fuqarolarni tarbiyalashimiz kerak. Shundagina, milliy birdamlik boʻlsa, fuqaroviy millat boʻlsa hududiy yaxlitlik saqlanishi mumkin ekan degan xulosa chiqarib, shunga yarasha siyosat olib borishga tayyorgarlik koʻrishimiz kerak”, — deydi Esengul.

Qirgʻizistonning Rossiya bilan umumiy chegaralari yoʻq, ammo ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan juda yaqin aloqada.

Oxirgi statistika boʻyicha, ayni vaqtda Rossiyada ishlab yurgan qirgʻizistonliklarning rasmiy soni bir milliondan ortadi. Qirgʻizistonga 2021-yili 2 milliard 756 million dollardan ortiq mablagʻ u yerdagi mehnat muhojirlari tomonidan oʻtkazilgan.

Shu bilan birga Qirgʻiziston neft mahsulotlarining 95 foizini Rossiyadan import qiladi.

21-fevral kuni Rossiya Ukrainaning Donetsk va Lugansk hududlarini mustaqil davlatlar deb tan oldi. Gʻarb davlatlari Kreml qarorini qoralab, sanksiyalar joriy etmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG