Rossiya rahbari Vladimir Putin 24-fevral kuni Donbasda harbiy operatsiyalar boshlanayotganini e'lon qildi. Maqsad - aholini himoya qilish, deydi u.
Televideniye orqali xalqaro murojaatida Putin bu harakatlarni Ukrainadan kelayotgan tahdidga javob deb aytgan.
Qon to'kilsa, bunda Kiyev aybdor bo'ladi, deya ogohlantirgan Rossiya prezidenti.
Unga ko'ra, boshqa davlatlar bu mojaroga aralashsa, misli ko'rilmagan oqibatlarga yetaklaydi.
Putinning aytishicha, AQSh va uning ittifoqchilari Rossiyaning talablariga ko'z yumishi Moskvani jiddiy qadamlar tashlashga majbur qilgan.
Kreml talabi shuki, Ukraina NATOga qabul qilinmasligi kerak va alyans Rossiyaga xavfsizlik kafolatlari berishi zarur. Kiyev va NATO bu talablarni mutlaq rad etib, har qanday suveren davlat xohlagan blokka xohlagan paytda a'zolikka intilishga haqli, degan pozitsiyada.
Rossiya harbiy amaliyoti, deydi Putin, Ukrainani “demilitarizatsiya" qilishga majbur etishdir.
Ukraina kuchlari qurolni tashlab, Donbasni tark etishi shart, deydi u, aks holda qon to'kiladi.
AQSh jarayon shunday tus olishini anchadan beri taxmin qilib kelayotgan edi.
Ukraina rahbari Volodomir Zelenskiy ham o'z xalqiga murojaat qilar ekan, Rossiya iddaolariga javob qaytargan.
Zelenskiy deydiki, uning davlati Rossiyaga hech qanday tahdid solmaydi. Qo'shni agressorning bostirib kirishi o'nlab ming odamning yostig'ini quritadi, deya ogohlantirdi Ukraina prezidenti.
“Ukraina xalqi va hukumati tinchlik istaydi", - deydi Zelenskiy.
U rus tilida jumladan quyidagini ta'kidladi:
“Bizga hujum qilsangiz, bizning mamlakatimizni ishg'ol qilishmoqchi bo'lsangiz, erkinligimiz, bizning va farzandlarimiz hayotiga hamla qilsangiz, biz o'zimizni himoya qilamiz. Bizga hujum qilsangiz, yuzimizni ko'rasiz, orqamizni emas".
Zelenskiy deydiki, u 23-fevral kuni Putin bilan telefonda gaplashishga harakat qilgan, ammo Kreml javob bermagan.
Ukraina rahbari nigohida Rossiya Yevropada katta bir urush boshlamoqda.
“Har qanday provokatsiya, har qanday uchqun hamma narsani vayron qiluvchi olovga aylanishi mumkin", - deydi u.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Nyu-Yorkda BMT minbarida so'zlar ekan, Rossiya uning davlatiga qarshi urush bilan to'xtamasligini qayd etdi.
Donetsk va Luganskni ikki mustaqil davlat sifatida tan olgan Putin shu asos bilan bu hududlarga Rossiya kuchlarini safarbar etmoqda. Rus aholini mudofaa etish bahonasida, deydi Ukraina rasmiylari, Kreml davlatni parchalayapti.
G'arb keng ko'lamli sanksiyalar orqali Rossiyani jazolash payida. Oq uy choralar vaziyatga qarab kuchayadi, AQSh va ittifoqchilar birga qadam tashlaydi, deya eslatmoqda.
Vashington bir tomondan iqtisodiy-moliyaviy cheklovlarga zo'r bermoqda, ikkinchi tomondan esa diplomatiyaga.
Pentagonga ko'ra, Rossiya Ukraina chegaralari bo'ylab o'tgan oylar ichida 150 mingdan oshiq qo'shinni shay holatga keltirgani Kremlga urushga bel bog'laganidan dalolatdir.
BMT, Yevropa Ittifoqi, NATO, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va ularga kiradigan davlatlar vaziyat qanchalik og'irlashmasin, tomonlarni muzokaraga chaqirmoqda.
Facebook Forum